Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Federalist №7: Ichki ziddiyatlar
29.03.2020 17:59,  
879

Insoniyat tarixida, juda oz istisnolardan tashqari, hukmron tuzumlar faqat qonli kurashlar natijasida shakllanib kelgan. AQSh tarixida esa bir necha siyosat, huquq va falsafa mutafakkirlari aqliy bahslar va insofga murojaat qilish asosida yangi tuzumni barpo qila oldilar. Bu insoniyat tarixidagi o‘ta noyob tajriba!

Bu bahslarning natijasida nafaqat millat birlashdi, balki ulkan bir davlatning mustahkam poydevori o‘rnatildi. Ana shunday hujjatlardan eng ahamiyatlisi “Federalist” turkum maqolalaridir. Ular xozirgacha AQShning konstitutsiyasi uchun asosiy sharhlovchi manba hisoblanadi, qonunchilik sohasidagi muammolar Federalist maqolalariga murojat qilish orqali o‘z yechimini topadi. Shuningdek, bugungi demokratik ko‘rinishidagi davlatlarning aksari aynan AQSh konstitutsiyasidan andoza olganlari bejiz emas.

Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligi e’lon qilinganida bu shtatlar (a state ing. “davlat”) mustaqil davlatlar ittifoqi tarzida qabul qilingan edi. Mustaqillik uchun urush yakunlangach, Amerika millatining bir necha faollari tarqoqlikdan voz kechish va yagona markazga ega federativ davlat tuzish g‘oyasi haqida o‘ylay boshlaydilar. Ular maxfiylikda yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqadilar va uni keng jamoatchilikka taqdim etadilar. Ko‘pchilik uchun bu tashabbus kutilmagan edi va tabiiyki, katta ishonchsizlik uyg‘otdi.

Asosiy xavotir shunday edi: markazni istab qolganlar yaqindagina ajralib chiqqan Britaniya imperiyasi o‘rniga o‘zlarini yangi hukmdor qilishmoqchimi?

“Federalist” maqolalari Aleksandr Hamilton, Jon Jey va Jeyms Madison tarafidan “Publius” taxallusi ostida yozilgan. Jey tashqi ishlar masalalariga taalluqli maqolalar yozib beradi, Madison hokimiyatlar muvozanati, yangi davlat “anatomiyasi va siyosiy “o‘yin qoidalar”ni belgilab beruvchi g‘oyalar bilan shug‘ullanadi, Hamilton esa e’tiborni shtatlararo munosabatlarga  qaratadi.

“Federalist”ning 7-soni (1787 yil 15 noyabr, Nyu-York, the Independent Journal) asosiy g‘oyalari:

Har qanday imperiya biron hududni tashlab ketar ekan, o‘zidan keyin murakkab hududiy muammolarni qoldirib ketadi (SSSR qulashi yodga keladi). Bahsli yerlar va chalkashlik bilan belgilangan  chegaralar qachondir portlaydigan soat bombasini eslatadi. Amerika shtatlari mustaqillikka erishgach, aynan shunday xatarga yo‘liqa boshlagan edilar.

Hamilton xududiy muammolarning yechimi - yagona markaziy hukumatni tashkil qilishdir, deb hisoblaydi. Hamilton o‘zining oldingi maqolasida tashqi kuchlarning ichki mojarolarga aralashuvi xatari haqida so‘z yuritgan bo‘lsa, bu safar shtatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar oqibatida yuzaga keladigan jiddiy tahdidlar to‘g‘risida fikr yuritadi va tahlil uchun bir necha taxminiy vaziyatlarni o‘rtaga tashlaydi.

Yangi yerlar uchun kurash

Amerikaning o‘n uch koloniyasi oldida hali o‘zlashtirilmagan va chegaralari belgilanmagan ulkan g‘arb yerlari mavjud edi. Ertami kechmi ular ustidan egalikka da’vogar shtatlar o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelishi kutilgandi. Xo‘sh, taraflarni ajratadigan va haqqoniy qaror chiqarib beradigan hakam bo‘lmagan sharoitda masala yana qurol bilan hal qilinadimi? Qachongacha eski tarixni qaytaraverishga to‘g‘ri keladi? Nahotki aqlni ishlatib, oqilona yo‘l topib bo‘lmasa?

Shtatlar monopoliyasi xatari

Iqtisodiy qulayliklarga boy hududlar ba’zi shtatlarni boshqa shtatlardan ustun qilib qo‘yadi. Misol uchun jahon okeani darvozasi bo‘lgan Nyu-York shtatining hukumati import solig‘ini oshirganda shtatning g‘aznasi to‘ladi, aholisi uchun davlat hisobidan keng imkoniyatlar ochiladi, ammo shu shtat orqali tovarlar import qilishga majbur boshqa shtatlar uchun import solig‘i og‘ir yuk bo‘ladi. Tadbirkorlik ruhi bilan tirik turgan Amerika millati uchun qanchalik alamli holat! Bunday vaziyatda o‘zaro norozilik, janjallar va urushlar kelib chiqishi tabiiy. Markaziy hukumat bo‘lmasa, bunday holatni qanday yengib o‘tish mumkin?

Davlat qarzi

Mustaqillik uchun kurash davrida amerikaliklar moddiy ta’minot uchun boshqa davlatlardan katta miqdorda moliyaviy yordam so‘raydilar. Qarzni katta qiyinchilik bilan olayotgan vaqtda muzokarachilar o‘zlarini xuddi  yagona bir davlat vakillaridek tutishgan edi (aslida esa, ittifoq shartnomasi va urush asosida birlashgan bir-biridan mustaqil koloniyalar va shtatlar mavjud bo‘lgan, yagona hukumat esa mavjud emasdi, mashhur muzokarachi vakillar orasida Jon Jey ham bo‘lgan). Urush tugagach qarzni qaytarish vaqti keldi. Xo‘sh, moliyaviy majburiyatlar shtatlar o‘rtasida qanday taqsimlanadi? Ulushlar qanday belgilanadi? Qanchalik oqilona to‘lov taqsimoti belgilanmasin, baribir norozi taraflar bo‘ladi va ular o‘z manfaatlari uchun tortishishdan to‘xtamaydilar. Bu esa vaqtni cho‘zadi, shtatlararo nizoni avjiga chiqaradi va qarz bergan davlatlarning sabri tugab, Amerika ichki ishlarga aralashuvini kuchaytirishlari ehtimoli paydo bo‘ladi.

Xususiy shartnomalar buzilishi

Bir shtatning qonunlari boshqa shtatning qonunlariga to‘g‘ri kelmasligi fuqarolar o‘rtasida tuzilgan xususiy shartnomalarni kuchsiz qilib qo‘yadi. Bu odamlar o‘rtasidagi savdo va boshqa muomalalarni qiyinlashtiradi. Mahalliy qonunchilik, yagona bir huquqiy ramkaga solinmas ekan, ayrim shtatlarda boshqa shtatlarning va shtat fuqarolarining huquqlarini poymol qiladigan qonunlar chiqishi mumkin. Markaziy hakam bo‘lmagan vaziyatda, masala qilich bilan hal qilinadi. Demakki, yana zo‘ravon hamisha haq bo‘lib chiqaveradi. Nahot bu Amerika mustaqilligi mevasi bo‘lsa?!

So‘zining yakunida muallif avvalgi maqolasining asosiy xulosasini, ya’ni tashqi davlatlarning Amerikaga qiladigan tajovuzlari xatarini eslatadi:

“Agar Amerika umuman birlashmasa yoki ittifoq shatnomasining mudofaa majburiyatlari haqidagi zaifgina bandlari bilan bilan cheklansa, yuqorida aytilgan  ziddiyat va kelishmovchiliklar yig‘indisi natijasida birdamlik asta-sekin buzilib ketadi. Natijada, Yevropaning siyosiy va harbiy mojarolar labirinti ichiga tushib qolgan Amerikaning turli qismlari yomon niyatli kuchlarning fitnalari va hiyla-nayranglari qurboniga aylanadilar. Bizni yomon ko‘rgan yoki bizdan qo‘rqqan barcha davlatlarning asosiy ish tutish prinsipi “divide et impera” (“ajratib tashla va boshqar”, lot.) bo‘lishi muqarrardir”

Shunday qilib, Hamilton ushbu maqolasida Amerika shtatlarining bir davlat bo‘lmasligi turli nizolar va beqarorlikka olib keladi, degan da’voni quvvatlaydi va asosiy yechim yangi konstitutsiya asosida ish yurituvchi federal hukumatni tashkil qilishda, deb ishontirishga urinadi.

Avvalgi maqolalar:

Federalist №1: “Davlatga poydevor qo‘ygan "uch bloger". Kirish”
Federalist №2: “Birlashish ahamiyati”
Federalist №3: “Tashqi va ichki xatarlar”
Federalist №4-5: Xulosalar. Jon Jey tarjimai holidan lavhalar
Federalist №6: Davlat boshqaruvini nega ayollarga ishonib bo‘lmaydi?

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан