Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus davrida avtoritarizm: Pandemiya yakka hukmdorlarga ham, demokratlarga ham birday qo‘l keldi
28.04.2020 22:12,  
724

Ildiz kanalida siyosatchi, tarixchi, professor va Gratsa (Avstriya) Universitetining Janubiy-Sharqiy Yevropa yevropalashuvi kafedrasi mudiri Florian Biberning maqolasi o‘zbekchalashtirildi. Maqolani to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etamiz.

“Pandemiya yakka hukmdorlarga ham, demokratlarga ham birday qo‘l keldi. Sanoqli haftalar ichida dunyoning uchdan bir qismi qo‘rg‘on ichiga tushib qolganday bo‘ldi. Askarlar harbiy transport vositalarida shahar markazlarini aylanib yurmoqda, mirshablar fuqarolarni jamoat joylarini tark etishga chaqirmoqda, ommaviy e’lonlar dronlar orqali yangramoqda. Eng qizig‘i, bu odatiy holga aylandi – qoldi.
Kasallikning shiddat bilan keng tarqalishi ushbu keskin choralar to‘g‘ri yondashuv ekanligini ko‘rsatmoqda. Koronavirusning tarqalishini bartaraf etish mumkin bo‘lsa-da, lekin dunyo tag‘in boshqa bir xavf bilan to‘qnash kelmoqda: virus kamayib, ortga chekingan paytda ko‘plab mamlakatlar 2020 yil mart oyidan oldingi davrga qaraganda ancha kamroq demokratik bo‘lib qoladi.

Inqiroz paytida qarama-qarshiliklar e’tiborsiz qoldiriladi. Xavf shundaki, vaqtinchalik narsa doimiyga aylanishi mumkin.

Boshida populist va avtoritar hukmdorlar pandemiyaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan edi. Sog‘liqni saqlash sohasi kabi davlat institutlariga nisbatan e’tiborsizlik va beparvolikning ilm-fanni nazar-pisand qilmaslik bilan chatishib ketishi AQSh prezidenti Donald Tramp, Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador va Braziliya prezidenti Xeyr Bolsonaro boshliq hukumatlarni ancha zaif qilib qo‘ydi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi inqirozni inkor qilishning ilojisi qolmagan paytga dovur, hukumatlarning targ‘ibot agentliklari va ularni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalari koronavirus solayotgan xavf-xatarni doimiy sur’atda kichraytirib ko‘rsatib keldi. Qo‘shma Shtatlarda, masalan, Fox News demokratlarni xavf-xatarni kalaka qilishda aybladi.

Lekin kelgusida pandemiya avtoritar rahbarlarni zil ketkizishi mumkin – chunki birovni ayblayverishning oddiy taktikasi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va fuqarolar tajribaga asoslangan ilmning qadriga yetishni boshlaydi. Biroq agarda avtoritar podsholarga o‘z legitimligi (qonuniyligi) tahdidi tug‘ilsa, ular avtoritar hokimiyatini ikki karra oshirib, hukmdorligini mustahkamlash uchun favqulodda vaziyatlardan foydalanib qolishi mumkin.

O‘zi virus paydo bo‘lmasidan oldinroq, dunyo demokratiyaning tanazzulini boshdan kechirayotan edi. Demokratik mamlakatlar ko‘payishi o‘rniga, ularning kamayib borishi 2006 yildan buyon tez-tez kuzatilmoqda. Bultur Freedom Houseʼga ko‘ra, 64 mamlakatda demokratik tushish qayd etilgan bo‘lsa, faqat 37 mamlakatda demokratiyaning ko‘tarilishi kuzatilgan. Hozirda, dunyo mamlakatlari pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha favqulodda choralarni qo‘llayotgan bir paytda, diktaturalar ham, demokratlar ham ijtimoiy erkinliklarni yoppasiga cheklamoqda.

Qator Yevropa davlatlari, xususan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Pekinning virusga qarshi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. Xitoyning o‘zida infeksiyaga chalinganlar sonining kamayishi va Avstriya, Gretsiya, Italiya va Ispaniya singari davlatlarga xitoyliklarning yordami Xitoyning Yevropadagi obro‘yini oshirib yubordi.

“Rahmat sizga, Og‘a Si“. Belgrad ko‘chalaridan birida (Serbiya)

Asosiy haq-huquqlardan biri bo‘lmish (bir joyga) yig‘ilish erkinligi deyarli hamma yerda birdek cheklab tashlandi. Lekin erkin harakatlanish cheklab qo‘yilgan haq-huquqlarning birinchisi va oxirgisi ham emas. Qator mamlakatlarda saylovlar ortga surilmoqda. Demokratik saylovlar uchun ovoz berish AQShda kamida 12 shtatda keyinga qoldirildi. Serbiya va Shimoliy Makedoniyada esa aprelga mo‘ljallangan milliy saylovlar kechiktirildi. Buyuk Britaniyada may oyiga belgilangan mahalliy saylovlar ham cho‘zildi. Bugungi vaziyatda saylovlarni o‘tkazish, shubhasiz, qiyin va hatto juda xatarlidir. Ehtimol, 15 martda bo‘lib o‘tgan fransuz mahalliy saylovlarining birinchi turi koronavirus tarqab ketishini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin. 

Shunday bir vaziyatda, ortga surilayotgan saylovlar hukumatlarni ularning qonuniyligidan judo qilishi va avtokratlarga bu kechiktirishdan o‘z hokimiyatini mustahkamlashda foydalanishga va saylovlarni o‘ziga qulay fursatda o‘tkazishga yordam berishi mumkin. Ortga surilishi kutilayotgan saylovlar o‘zida demokratiya uchun boshqa xatarlarni ham ifodalab kelmoqda. Garchi aksariyat polyaklar may oyiga rejalashtirilgan prezident saylovlari qoldirilishini istayotgan bo‘lsalar-da, hukumat saylovlar may oyida bo‘ladi, deb qattiq turib olmoqda. Bunday saylovlar amaldagi prezident Anjey Dudaga nohaq qo‘l kelgan bo‘ladi.

Favqulodda holatlar ko‘pincha amaldagi rahbarlarga yordam beradi va muxolifatga kampaniya yurgizishga xalaqit beradi. Umumiy olib qaraganda, kechiktirilgan saylovlar – eng yaxshi tanlov, lekin bunday qarorlar aniq (to‘g‘ri) partiyalararo kelishuv va grafikka amal qilishi kerak.

“Biz urush holatidamiz” – dedi yaqinda, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron.

Bunday kuchli taassurot qoldiradigan nutq pandemiya bilan kurash yo‘lida hammani mahkam jipslashtirishda yordam berishi mumkin. Lekin bunday murojaatlar qaltis bo‘lishi ham mumkin. Virus – bu armiya emas, urush qo‘zg‘ash sog‘liqni saqlash sohasidagi inqirozni – jazolash uchun qo‘llanadigan choralarni oqlagan holda – xavfsizlik inqiroziga aylantirishi mumkin.

Korxonalarning yopilishi, ijtimoiy masofa o‘rnatilishi va odamlarni ko‘chaga chiqarmaslik, yig‘inlarning taqiqlanishi – koronavirusning keng quloch yozib ketishini nazorat qilish uchun o‘ta zarur. Lekin jiddiy xavf ham mavjudki, bu sa’y-harakatlar avtoritarizmni yangi mavjiga olib chiqishi mumkin.

Ozarbayjonda prezident Ilhom Aliyev bahorgi ayyom Navro‘z tabrigidan muxolifatni beshinchi kolonna deb ta’riflashda foydalandi va po‘pisa ham qilib qo‘ydi:

“Mazkur kasallik paytida yangi munosabatlarga nisbatan qonun-qoidalar qo‘llaniladi... Qaysidir pallada favqulodda holat ham e’lon qilinishi mumkin. Bunday vaziyatda beshinchi kolonna vakillarining izolyasiyasi tarixiy zaruriyat hisoblanadi”.

Uydan chiqmay yotgan millionlab odamlar yolg‘on xabarlar palak yozadigan ijtimoiy tarmoqlarga tez-tez murojaat qilmoqda. Mutaassib islomchilar va ultrao‘ngchi guruhlar keng tarqaladigan chalkashlik va qo‘rquvdan yovuzlik g‘oyalarini yoyishda foydalanadi.

Ko‘plab mamlakatlar allaqachon favqulodda holat to‘g‘risida qonun qabul qildi yoki favqulodda holat e’lon qildi. Vengriyada Viktor Orban hukumati 30 martda “Koronavirusdan himoyalanish to‘g‘risida” qonun qabul qildiki, bu davlatga qarorlar qabul qilish va mavjud qonunlar harakatini birmuncha vaqt to‘xtatishga yo‘l ochib beradi. Qolaversa, parlament nazorati inqiroz davrida to‘xtatib qo‘yildi va faqat premer-ministr u qachon bekor bo‘lishini belgilashi mumkin. Yangi qonun yolg‘on xabarlarni tarqatganlik uchun shafqatsiz jarimalarni hamda komendant soati va karantinni buzganlik uchun besh yilgacha qamoqqa olish jazosini amalga kiritadi. Isroilda premer-ministr Binyamin Netanyaxu favqulodda holatdan korrupsiya bo‘yicha sud ishini ortga surish, parlament yig‘inlarini taqiqlash va ichki nazorat bo‘yicha ichki razvedka organlariga favqulodda vakolatlar berish uchun foydalanib qoldi.

Italiya, Germaniya va Avstriya kabi liberal demokratik davlatlarda ham fuqarolarni nazorat qilish uchun hech ko‘rilmagan choralar, xususan mobil telefonlardagi ma’lumotlar yordamida ularni kuzatish choralari qo‘llanildi. Chernogoriyada hukumat hatto karantinda qolishi kerak bo‘lgan fuqarolarning ismi va manzillarini keng ommaga e’lon qildi.

Koronavirus inqiroziga qarshi qattiq chora-tadbirlarni qo‘llash kerak, lekin odamlarning haq-huquqlarini cheklovchi har qanday tadbir vaqtincha va mutanosib (proporsional) bo‘lishi lozim. Favqulodda chora-tadbirlar doimiy favqulodda holatga olib kelinmasligi uchun, aniq belgilangan vaqt doirasida bo‘lishi kerak.

Shu bilan birgalikda, koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozongan Tayvan, Singapur kabi davlatlarni eslab o‘tmasdan bo‘lmaydi. Ularning bu boradagi yutuqlari pandemiya to‘g‘risida ochiq va to‘g‘ri axbor berganligi bilan xarakterlanadi.

Xavf aniq. Pandemiya butun dunyo bo‘ylab demokratiyaning jiddiy pasayishiga olib kelishi mumkin. Hozirgacha Kanada va Janubiy Koreya kabi davlatlar bunda hayotiy muhim tanqidiy munozaralar uchun zamin yaratgan holda, pandemiyaga qanday samarali javob qaytarish kerakligini hammaga namoyon qilishdi. Boshqa davlatlar ham ulardan o‘rnak olishlari kerak“.

Tamom.

Maqolaning original manbasi: Foreignpolicy.com

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан