Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirus: Iroq ilk bor bu kasallik tufayli ikki kishi halok bo‘lganini e’lon qildi
5.03.2020 21:06,  
323

Iroq Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyo bo‘ylab taraqalayotgan yangi Covid-19 koronavirusi tufayli mamlakatda ilk bor ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. 

Immun tizimida nuqson bo‘lgan ayol va surunkali xastalikdan aziyat chekib kelgan 65 yoshli erkak chorshanba kuni poytaxt Bag‘doddagi kasalxonada dunyodan o‘tdi

Shuningdek, Kurdiston mintaqasidagi Sulaymoniya shahrida ham 70 yoshli imom ayni kasallikdan vafot etgani haqida bir-biriga zid xabarlar tarqalgan. 

Kurd rasmiylari uning o‘limi Covid-19 tufayli ro‘y berganini aytdi, biroq Iroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bu xabarni tasdiqlamadi. 

Mamlakat bo‘ylab kafelar, maktab va universitetlar, kinoteatrlar yopilgan/REUTERS

 

Kurdiston Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari imom o‘limidan oldin karantinda bo‘lgani, unga yaqin ikki kishi tekshirilganida ularda ham koronavirus testi ijobiy natija berganini aytib chiqdi. 

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra Iroqda shu paytgacha 35 kishi koronavirusga chalingani rasman tasdiqlangan. Ularning aksariyati qo‘shni Eronga borib qaytgani aniqlangan. Eronda vaziyat esa ancha og‘ir: rasman tasdiqlangan kasallar soni 3 513 kishi, undan vafot etganlar soni 107 kishi. 

Shunisi tashvishliki, agar Iroqda koronavirus keng yoyiladigan bo‘lsa, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uzoq yillik urush, BMT sanksiyalari, muammolarga loqaydlik va korrupsiya sharoitida unga qarshi turib bera olmaydi. 

Iroq parlamentining sog‘liqni saqlash qo‘mitasi a’zosi “mamlakatdagi kasalxonalar va tibbiy muassasalar epidemiyaga qarshi to‘liq jihozlangani”ni aytgan. Ammo JSST o‘tgan oyda Iroq tibbiy infratuzilmasida “ko‘plab xavotirli bo‘shliqlar borligi”dan xavotir bildirgandi. Shifokorlar ham ta’minot, jihozlar va xodimlar ishida uzilishlar borligi haqida xabar qilgan. 

O‘tgan yil oktyabridan buyon hukumatga norozilik bildirib keladigan namoyishchilar ham xavfsizlik choralarini qo‘llayapti/REUTERS

 

Iroqda 4,1 million kishi insonparvarlik ko‘magiga muhtoj, ularning yarmini bolalar tashkil etadi. 

1,4 million kishi mamlakat ichida qochqinlikda hayot kechiradi, yuz minglab kishilar esa so‘nggi yillardagi notinchliklar sabab Iroqqa qo‘shni davlatlarda yashaydi. 

BMT qochqinlar lagerlaridagi abgor sharoit va infratuzilmalarning eskirgani Covid-19 virusining tezlik bilan tarqalishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirgan.

Iroqning Eron bilan chegaralari yopilgan, u yerdan vataniga qaytgan iroqliklar 14 kunlik majburiy karantinga olinyapti.

Mamlakat ichkarisida epidemiya tarqalishining oldini olish uchun Iroq hukumati jamoat joylarida yig‘ilishga cheklov o‘rnatgan, maktablar, universitetlar, kinoteatr va kafelarni yopishga buyruq bergan. Ko‘plab davlat vazirliklari, departament va qo‘mitalar ham o‘z ishini to‘xtatgan. 

2020 yil 5 mart, payshanba kuni shia diniy oqimi yetakchilari shialar uchun muqaddas sanalgan janubiy Karbalo shahrida Juma namozi o‘qilmasligini e’lon qilgan. 

Imom Husayn maqbarasi ma’muriyati payshanba kuni chiqargan e’londa “salomatlik bilan bog‘liq joriy vaziyat” tufayli va Karbalo sog‘liqni saqlash departamenti chaqiruviga binoan “shu kunlarda katta yig‘ilishlardan tiyilib turishga qaror qilingani” haqida aytilgan. 

Ko‘ngillilar Kirkukdagi kambag‘al oilalarga tibbiy niqob tarqatyapti/REUTERS

 

Har yili dunyoning turli burchaklaridan millionlab shia ziyoratchilari Karbalo va unga qo‘shni shahar Najafdagi maqbaralarni tavof qilish maqsadida keladi. Najafdagi shia madrasasida o‘quvchi talaba koronavirusga chalingani aniqlangan Iroqdagi birinchi kishi bo‘lgandi. Erondagi barcha shia ziyoratchilar uchun eng muqaddas Qum shahri esa Covid-19 virusining Yaqin Sharqdagi ilk o‘chog‘iga aylandi. 

Joriy oyda uchta shia bayrami bo‘lib, bu kunlarda Erondan katta sondagi shia ziyoratchilari turli ziyoratgohlarga kelishi odatiy hol bo‘lgan.

Yaqin Sharqda esa koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiylashib bormoqda. 2020 yil 4 mart, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni hukumati xavfsizlik maqsadida o‘z fuqarolari va mamlakatda doimiy yashovchi xorijliklarga ham umra qilishni man etdi. O‘tgan hafta esa xorijdan keluvchilar uchun Makka va Madinaga umra ziyorati vizalari hamda Saudiya Arabistoni 2019 yil sentyabrda ilk marta joriy qilgan sayohat vizalarini berish to‘xtatilgan edi

Erondagi koronavirus tarqalishiga bog‘liq holatlar shu kungacha Saudiya Arabistoni, Afg‘oniston, Livan, Pokiston, Kuvayt, Bahrayn, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklarida qayd qilingan – bu davlatlarda virusga chalingani aniqlangan kishilar yaqin haftalar ichida Eronda bo‘lib qaytgan. 

Yirik xalqaro havo terminali sanaladigan Birlashgan Arab Amirliklari payshanba kuni o‘z fuqarolari va hududida doimiy istiqomat qiladigan xorijliklarga “mamlakatdan tashqariga har qanday safar qilishdan tiyilib turish”ni tavsiya etdi.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан