Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Markaziy bank makroiqtisodiy rivojlanishning 3 xil ssenariysini ishlab chiqdi
22.10.2020 15:10,  
122

22 oktyabr, payshanba kuni Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda “Pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” tasdiqlandi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil ssenariylar asosida ishlab chiqildi.

Bu ssenariylarni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotimizga hamda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyoti va asosiy eksport tovarlarimiz narxlariga ta’sirlari, shuningdek potensial ishlab chiqarish darajasining o‘zgarishlarini inobatga olishga harakat qilindi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi bo‘yicha kutilmalar, aholi va biznes vakillarini o‘z faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishlari asosiy shartlardan qilib olingan. Hamda, tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2022 yil ikkinchi yarim yilligidan inqirozdan oldingi darajasiga yetadi.

Mazkur ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oxirida inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi, 2023 yilda iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasigacha tiklanadi. Byudjet daromadlari tiklanib borib, 2022 yilda yig‘ma byudjet defitsiti 2,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Bunda, tarkibiy islohotlar davom ettirilib, tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2022-2023 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Asosiy ssenariyga muvofiq, pul-kredit siyosatining joriy “nisbatan qat’iy” sharoitlari 2021 yil oxiriga qadar saqlanib qolinadi. Ayni paytda, 2022-2023 yillarda tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi, inflyasiya darajasi va prognozlar trayektoriyasidan kelib chiqib pul-kredit siyosati sharoitlariga tuzatishlar kiritiladi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning iqtisodiyotni tez tiklanishiga asoslangan muqobil (optimistik) ssenariysi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning nisbatan tez sur’atlarda yaxshilanishi, kelgusida karantin choralarining joriy etilmasligi hamda jahonda virusga qarshi vaksina va dorilar 2021 yilning ikkinchi yarmidan keng tatbiq qilinishi sharoitlarini o‘z ichiga oladi.  

Ushbu ssenariyda asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2021 yil ikkinchi yarim yilligida inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va jahon iqtisodiyoti tiklanib borgani sari oltin narxi pasayib borishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu ssenariy sharoitlarida ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil o‘rtasida inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensialiga 2022 yilda yetishi kutilmoqda. Bunda, asosiy ssenariydan farqli ravishda transport, xizmatlar va turizm sohalarida ham o‘sish sur’atlarni jonlanadi.

Iqtisodiy faollikning tiklanishiga mos ravishda davlat byudjeti daromadlari nisbatan tezkor sur’atlarda o‘sib borishi va yig‘ma byudjet defitsitining 2022 yilda 2 foizgacha qisqarib borishi prognoz qilinmoqda. Ayni paytda, tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayonining 2022-2023 yillarda mantiqiy yakuniga yetkazilishi va ushbu sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan qilib olingan.

Optimistik ssenariyda belgilangan shartlar ro‘y bergan taqdirda, pul-kredit siyosatining amaldagi “nisbatan qat’iy” sharoitlari saqlanib qolinadi. Bunda, 2021-2022 yillarda inflyasiya darajasi asosiy ssenariyga qaraganda biroz pastroq darajada shakllanadi. Bu esa, o‘z navbatida, pul-kredit siyosati sharoitlariga jiddiy o‘zgarishlar kiritmasdan inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish imkonini yaratadi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning tashqi iqtisodiy xatarlarning kuchayishiga asoslangan muqobil (xatarli) ssenariysida, jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashib borishi va global yopilish 2021-2022 yillarda ham davom etishi ehtimollarini ko‘zda tutadi.

Tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining sekin sur’atlarda tiklanishi, tashqi talab darajasining faqatgina 2023 yil ikkinchi choragiga kelib inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va xavfsiz aktiv sifatida oltin narxida o‘suvchi dinamikani saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

Xatarli ssenariyda ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab faqatgina 2022 yilning oxiriga kelib inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasiga 2023 yildan keyin yetishi va byudjet xarajatlari yuqoriligicha saqlanib qolishi sharoitida yig‘ma byudjet defitsiti 6-7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur ssenariy shartlari yuz bergan taqdirda tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2023 yilga qoldirilish ehtimollari oshadi.

Mazkur ssenariyda talab omillari tomonidan inflyasiyaga bosim pasayadi, inflyasiyaning prognoz trayektoriyasidan pasayish tomonga og‘ishi pul-kredit sharoitlarini “biroz yumshatish” imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, 2020 yilda bo‘lgani kabi, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va narxlar barqarorligiga erishish maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash uchun pul-krediti siyosati instrumentlari qo‘llanib boriladi.

Ta’kidlash joizki, uchala ssenariy doirasida rivojlanish tendensiyalari va kutilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, 2021-2023 yillar davrida amalga oshiriladigan pul-kredit sharoitlari belgilanadi va ssenariylarga munosib keladigan pul-kredit instrumentlar to‘plamidan foydalaniladi. Bunda, har bir ssenariyning xususiyatlari, inflyasion xarakteri va omillarining shakllanishi nuqtai nazaridan baholanadi va shunga mos javob choralar tizimi ishlab chiqiladi.

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан