Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Rasman yakunlash unutib qoldirilgan keng miqyosli urushlar
13.07.2020 17:53,  
1562

Qadimgi dunyo tarixi davrida, miloddan avvalgi 149-146 yillarda Rim va Karfagen o‘rtasida sodir bo‘lgan Uchinchi Puni urushi Karfagenning butunlay vayronaga aylanishi, tirik qolgan aholisining to‘lig‘icha qullikka sotib yuborilishi bilan tugagan. Biroq o‘sha olis, miloddan avvalgi 146 yilda ikki o‘rtada o‘zaro tinchlik shartnomasi imzolanmagan. Faqat 1985 yil 5 fevral kuni Rim shahri meri Ugo Vetere qadimgi Karfagen tuproqlarini o‘z ichiga olgan Tunisga rasmiy tashrif bilan borganida sulh shartnomasiga imzo chekadi. Shu tariqa bu urush rasman 2131 yil davom etgan deb hisoblanadi. 

Qadimgi Karfagen shahri qoldiqlari

 

Ammo tarixda bu kabi holatlar talaygina. Quyida rasman yakunlash unutib qo‘yilgan urushlarga bir nechta misol keltiramiz.

Angliya va Fransiya o‘rtasidagi Yuz yillik urush (1337-1453)

Bu uzoq davom etgan ziddiyatning boshlanishiga Angliya qiroli Edvard III ning Fransiya taxtiga da’vo qilishi sabab bo‘lgan. U ona tomonidan fransuz qiroli Filipp IV Chiroylining nevarasi bo‘lgani uchun shunday da’vo bilan chiqqandi. 

Tabiiyki, urush muntazam bo‘lmagan, orada katta tanaffuslar bilan davom etgan va bir-biriga zanjirdek ulanib ketgan qurolli to‘qnashuvlardan iborat bo‘lgan. Ko‘pchilik uning tugash vaqti sifatida 1453 yilni belgilaydi. 

Odatda, urushda qatnashayotgan tomonlardan birining yakson bo‘lishi, yoki ikki tomon o‘rtasidagi bahsli masalalarni hal qilib beradigan tinchlik shartnomasining imzolanishi unga yakun yasaydigan voqea sifatida baholanadi. Ba’zida bu tinchlik shartnomasi “abadiy do‘stlik sulhi” bo‘ladi, ba’zida esa ko‘pga bormay buziladi.  

Ammo na 1453 yilda, na unga yaqin biron yilda Angliya va Fransiya o‘rtasida bunday sulh shartnomasi imzolangan. Qirol Karl VII qo‘shinlarining Giyen viloyati poytaxti Bordoni egallashi Yuz yillik urushga yakun yasagan voqea deb ko‘riladi. Chunki o‘sha davrda Giyen viloyati Fransiya hududida bo‘lsa ham Angliyaga tegishli bo‘lgan, Bordo esa ingliz shahri sanalgan. Urushga olib kelgan asosiy muammo – London qirollarining Parij taxtiga da’vosi yuzasidan hal qiluvchi bitim keyingi yillarda ham, asrlarda ham tuzilmadi.

1453 yildan keyin ingliz qirollari nafaqat bu da’vodan, hatto uni yuzaga chiqarish harakatidan ham voz kechmadi. Masalan, Angliya qiroli Edvard IV 1475 yili Fransiyaga o‘z qo‘shinini jo‘natdi. Shu yilning o‘zida Pikinida Fransiya qiroli Lyudovik XI bilan tuzilgan tinchlik shartnomasida u Lyudovik XI avval bir marta va keyinchalik yillar davomida muntazam to‘lab boradigan to‘lov evaziga qo‘shinni ortga qaytarish majburiyatini oldi. Edvard IV ning fikricha, bu to‘lov o‘zining fransuz mulklaridan olinadigan soliq edi. Ba’zi tarixchilar mana shu tinchlik shartnomasi bilan Yuz yillik urushga rasman nuqta qo‘yilgan, deb aytadi. Biroq  Edvard IV ham, uning merosxo‘rlari ham “Angliya va Fransiya qiroli” degan unvondan voz kechmadi. Bu hali urush rasman tugamaganini bildirardi. Yorklar sulolasini taxtdan ag‘dargan Genrix VII Tyudor ham xuddi shu asos bilan Fransiyaning ishlariga aralashishni davom ettirdi. Hatto XVI asrning 20-yillarida ham uning o‘g‘li Genrix VIII ning qo‘mondonlari Fransiyaga bostirib kirib, fransuz yerlarida yashovchi aholini unga sodiqlik qasamini ichishga majburlagan.

Yuz yillik urushga bag‘ishlab chizilgan rasm-gravyura

 

Genrix VIII ning qizi Yelizaveta I Tyudor davriga kelib ingliz qirollarining fransuz yerlariga bo‘lgan da’vosi amalda barham topdi. Ammo qirolicha Yelizaveta I ham, undan keyin Angliya taxtini egallagan Styuart va Gannover sulolalari vakillari ham “Fransiya qiroli” unvonini olishda davom etdi. Hatto qisqa muddat mavjud bo‘lgan Angliya respublikasi rahbari Oliver Kromvel ham XVII asr o‘rtalarida “Angliya, Shotlandiya, Irlandiya va boshqa yerlarning lord-protektori” deb atalgan, mana shu “boshqa yerlar” iborasi ko‘p ma’noni anglatgan. Oliver Kromveldan keyin monarxiya tizimi qayta tiklanib, Styuartlar sulolasi boshqaruvga qaytarilganidan keyin hamda Angliya va Shotlandiya birlashib “Buyuk Britaniya” qirolligi tuzilganidan keyin ham bu davlat hukmdorlari nomiga “Fransiya qiroli” unvoni qo‘shib aytilardi. 

XVIII asr boshida britan gerbida avvaldan bo‘lib kelganidek fransuz piyozguli (lilium) tasviri bor edi. 

Britan monarxlarining Yuz yillik urush qoldirgan bu “meros”dan butunlay voz kechishi Buyuk fransuz inqilobi voqealari bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra, ingliz qirollari fransuz taxti da’vosini bekor qilishini 1802 yilda imzolangan Amen tinchlik shartnomasi bilan bog‘lashadi – bu shartnoma Buyuk Britaniya va inqilobiy Fransiya o‘rtasida to‘qqiz yil oldin boshlangan urushga yakun yasagandi. Ammo bu ham to‘g‘ri xulosa emas. 

Fransiyani respublika deb e’lon qilgan inqilobchilarning vakillari hali 1797 yildayoq Lill shahrida o‘tgan ingliz-fransuz tinchlik muzokaralarida Angliya qiroli Georg III ning nomidan “Fransiya qiroli” unvonini olishni talab qilgan, ammo muzokaralar natijasiz yakunlanib, urush qaytadan boshlangan edi. Shunga qaramay, Georg III ning vazirlari Fransiya bilan yangidan sulh imzolash harakati boshlangundek bo‘lsa, bu talab yana ilgari surilishini tushunardi. Ikki o‘rtadagi urush esa britaniyaliklar orasida tobora ko‘proq noroziliklarni keltirib chiqarayotgan va ish sulh tuzishga qarab ketayotgan edi.

Bu unvondan voz kechish nisbatan muhimroq va esda qolarli voqea – Buyuk Britaniya va Irlandiyaning birlashishi vaqtiga to‘g‘ri keldi. Shu paytgacha ham Irlandiya Georg III ning qo‘l ostida, ammo o‘zining alohida parlamentiga ega edi. 1800 yilda ikki davlatning birlashishini rasmiylashtirgan hamda Buyuk Britaniya va Irlandiya parlamentlari tomonidan qabul qilingan “Birlik akti” (Act of Union) e’lon qilindi. Yagona davlatning yangi nomi “Buyuk Britaniya va Irlandiya birlashgan qirolligi” (United Kingdom of Great Britain and Ireland) bo‘ldi. 1801 yil 1 yanvarda esa “Qirollik unvonlari, tamg‘a belgilar va ittifoq bayrog‘i” haqidagi rasmiy yo‘riqnoma e’lon qilindi. Georg III ning qirollik unvoni “Xudoning inoyati bilan Buyuk Britaniya va Irlandiya birlashgan qirolligi qiroli, din himoyachisi Georg III” deb ataldi. Uning tasviriy belgisi (shtandart) esa Angliya, Shotlandiya, Irlandiya va Gannover (o‘sha vaqtda bu hudud boshqaruvi ham ingliz qirollariga tegishli edi) tamg‘a belgilaridan tashkil topgan, ammo Fransiya gerbi timsoli bo‘lgan piyozgul bu tasvirdan olib tashlangan edi. Shunday qilib, Fransiya qirollariga tegishli unvon-belgilar britan qirollari nomidan ham, britan gerblaridan ham o‘chirildi.

Oradan bir o‘tib, 1802 yili yuqorida nomi keltirilgan Amen sulhi tuzildi, unga ko‘ra Buyuk Britaniya 1-Fransiya respublikasini e’tirof etdi. Ingliz qirollarining muqaddas Lyudovik taxtiga da’vosi boshqa tilga olinmadi. Shu tarzda o‘rta asrlarda yuz bergan Yuz yillik urush merosi butunlay o‘tmishda qoldi. Ya’ni, Yuz yillik urushga sabab bo‘lgan da’vodan 1801 yilda voz kechildi va bu ayni urushning rasmiy yakuni bo‘ldi.  

Chak urushi (1932-1935 yillar)

Paragvay va Boliviya o‘rtasida Gran-Chako viloyatining bir qismini qo‘lga kiritish uchun bo‘lgan urush. Bu hududda yirik neft zaxiralari mavjud deb hisoblangan va shuning ortidan urush kelib chiqqan. Ammo 2012 yilga kelibgina bu berda neft borligi tasdiqlandi. 

Chak urushi davrida Paragvay askarlari

 

Bu XX asrda Lotin Amerikasida yuz bergan eng qonli urush hisoblanadi. Chako hududining shimoli-g‘arbi yarim sahro, tepaliklardan, janubi-sharqi esa botqoqliklardan iborat bo‘lib, Boliviya ham, Paragvay ham uni o‘z mulki deb da’vo qilib kelgan. Boliviya bu hudud bir vaqtlar Peru vitse-qirolligiga tegishli bo‘lgani uchun uni o‘z yeri deb bilardi – Boliviya ayni davlat qoldiqlarida tashkil etilgan. Biroq xaritalarda Chakoni o‘z yeri sifatida ko‘rsatgani bilan Boliviya amalda bu mintaqaga qiziqmagan. Paragvayliklar esa hududni xususiy tartibda o‘zlashtirib kelgan – chorvadorlar Chakoda mol boqish va mahalliy kebracho daraxtidan tanin moddasini olish bilan shug‘ullangan.

Biroq 1928 yili Chakoda neft zaxirasi alomatlari topilgach, vaziyat o‘zgardi. O‘sha vaqtning o‘zidayoq ilk harbiy to‘qnashuvlar yuz berdi – boliviyaliklar Paragvay daryosigacha bo‘lgan yerlarni mustahkamlab olishga intildi, biroq qo‘shnilari tomonidan ortga uloqtirib tashlandi. O‘sha paytda xuddi hozirgi BMT kabi xalqaro nizolarda hakamlik qilish mas’uliyatini zimmasiga olgan Millatlar Ligasi aralashuvi bilan ikki o‘rtada o‘t ochish to‘xtatildi. Shunga qaramay, ehtimoliy neftdan keladigan ulkan daromad ilinjidagi tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat sekin-asta kuchayib boraverdi (o‘sha paytda hali ochilmagan bu neft zaxirasi Rokfellerlar shirkatining ham qiziqish doirasiga tushgan edi). Oqibatda, 1932 yil iyunda haqiqiy urush harakatlari boshlanib ketdi.  

Dastlab kuchlar nisbatidagi ustunlik Boliviya tarafida bo‘lib, uning harbiylari Paragvaynikidan deyarli 3,5 baravar ko‘p edi. Gap shundaki, bundan yarim asr avval Paragvay Argentina, Braziliya va Urugvay bilan qaqshatqich janglar olib borgandi. 1865-1870 yillarda yuz bergan bu urushda Paragvay o‘z hududining teng yarmi va aholisining 80%ini yo‘qotgan. Bundan tashqari, Boliviya urushga texnik jihatdan va uyushqoqlik bilan yaxshi tayyorlangan, harbiy samolyotlar, tanklar, pulemyotlar sotib olgan. Paragvayda esa faqat Mauzer vintovkalari, Madsen qo‘l pulemyotlari va Stoks-Brandt minomyotlarigina bo‘lgan.

Har ikki tomon ham xorijdan yollanma harbiylarni jalb qilishga qaror qildi. Boliviya armiyasining bosh shtabi boshlig‘i nemis generali, Birinchi Jahon urushi faxriysi Xans Kundt edi. Bundan tashqari boliviyaliklar chex harbiy maslahatchilari va chililik yollanma askarlarni ham xizmatga taklif qildi. 

Chak urushida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv ishtirokchilari

 

Paragvay esa oqgvardiyachi rus harbiy muhojirlari yordamiga tayandi. Mamlakatning bo‘lajak diktatori Alfredo Stressner bu urushda leytenant rutbasida, ruslar qo‘mondonligi ostida qatnashgan va uning so‘zlariga ko‘ra aynan ruslar sababli “haqiqiy harbiy bo‘lib yetishgan”. Keyinchalik Paragvay poytaxti Asunsonda 10 ta ko‘cha rus zobitlari sharafiga nomlandi. 

Urush boshida Boliviya qanchalik ustun bo‘lmasin, 1935 yilda Paragvay bu urushda yutib, Chako hududini deyarli to‘liq bosib oldi. Qariyb 31 ming boliviyalik askar – amalda butun mamlakat armiyasi asir tushdi. Bu urushda har ikki tomon ham katta yo‘qotishga uchradi: Boliviya va Paragvay aholisi o‘sha vaqtda 4,5 million kishi atrofida bo‘lgan holda jami 100 ming atrofida qurbon berdi

1935 yil iyulda o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv imzolandi, biroq bu hali to‘liq tinchlik shartnomasi emasdi.

Chak urushiga so‘nggi nuqtani qo‘ygan Boliviya prezidenti Evo Morales (o‘ngda) va Paragvay prezidenti Fernando Lugo (chapda)

 

Taqdirni qarangki, shunday keng ko‘lamli urushga sabab bo‘lgan bahsli hududda o‘sha paytda neft topilmadi. Urushning rasman yakunlangani haqidagi tinchlik shartnomasi esa oradan 74 yil o‘tib, 2009 yil 27 aprelda, Argentina poytaxti Buenos-Ayresda, Boliviya prezidenti Evo Morales va Paragvay prezidenti Fernando Lugo tomonidan imzolandi. Bu sulhga ko‘ra, ikki davlat Chako hududidagi chegaralarni rasman belgilab oldi.  

Yaponiya va Chernogoriya o‘rtasidagi "urush" (1904-2006 yillar)

Rus-yapon urushi. Port-Artur mudofaasi

 

1904 yili Chernogoriya Knyazligi eng yirik slavyan davlati – Rossiya imperiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yaponiyaga qarshi urush e’lon qildi (o‘sha yili rus-yapon urushi boshlangandi). Garchi Chernogoriya amalda Rossiyaga hech qanday yordam bermagan bo‘lsa-da, bir guruh kamsonli ko‘ngillilar harbiy bo‘linma tuzib, Rossiya armiyasiga borib qo‘shildi. Ammo 1905 yili rus-yapon urushi tugab, Portsmut tinchlik shartnomasi imzolanganida nimagadir bu sulhga Chernogoriyani taklif qilishni unutib qo‘yishdi. Shundan keyin XX asr davomida bu savolga qaytilmadi. Chunki tez orada Chernogoriya davlat mustaqilligini yo‘qotib, avval Serb, Xorvat va Slovenlar Qirolligi (1918-1929), keyin Yugoslaviya qirolligi (1929-1941), oxirida esa Yugoslaviya Sotsialistik Respulikalari Federatsiyasi (1945-1992) va Yugoslaviya Ittifoqdosh Respublikalari (1992-2006) tarkibiga qo‘shildi. 

Faqat 2006 yilga kelibgina Chernogoriya ittifoqdosh Serbiyadan ajralib chiqib, qaytadan mustaqillikka erishdi. Shu yili Yaponiya Chernogoriya mustaqilligini tan olib, ikki o‘rtadagi urush holati to‘xtatilganini e’lon qildi. Shunday qilib, “Yaponiya-Chernogoriya urushi” rasman 102 yildan keyin yakunlandi. Qayd etish kerakki, futbol bo‘yicha Chernogoriya milliy terma jamoasining birinchi xalqaro o‘yini aynan yaponlar bilan bo‘lgan.     

Koreya urushi (1950-1953 yillar)

Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasida 1950 yil 25 iyundan 1953 yil 27 iyulgacha davom etgan qurolli ziddiyat ko‘pincha AQSh va uning ittifoqchilarining Xitoy Xalq Respublikasi va Sovet Ittifoqiga qarshi urushi sifatida ko‘riladi. Bu urushda Shimoliy Koreya va uning qurolli kuchlari, Xitoy armiyasi (Xitoy rasmiy ravishda bu ziddiyatga aralashmagan, uning muntazam qo‘shinlari urushda “Xitoy xalq ko‘ngillilari” sifatida qatnashgan), unga rasman kirmagan, lekin moliyalashtirish va Xitoy qo‘shinlarining ta’minotida ishtirok etgan SSSR shimoliy ittifoqni tashkil qilgan. Janub tomondan esa Janubiy Koreya, AQSh, Buyuk Britaniya va BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibiga kiruvchi bir qator davlatlar harbiylari urushda ishtirok etgan. Ammo oradan 70 yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu urush hamon rasman yakunlanmagan. 

Koreya urushi asirlari

 

1953 yil 27 iyulda ikki tomon o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi sulh imzolangan. Unga shimol tomonidan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Ir Sen va Xitoy vakili Peng Dexuay, janub tomonidan esa Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylari vakili Mark Klark qo‘l qo‘ydi. Ammo sulhni imzolashda Janubiy Koreya vakili qatnashmadi. Bu faqat o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv bo‘lgani, unda Janubiy Koreya vakili qatnashmagani, tinchlik muzokaralari o‘tkazilmagani uchun hali ham ikki davlat orasida rasman urush holati saqlanib turibdi. 

Koreya urushi manzaralari

 

Chunki so‘nggi asrlarda shakllangan xalqaro qonun-qoidalarga ko‘ra, harbiy harakatlarni to‘xtatishga asos bo‘ladigan qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin tinchlik muzokaralari o‘tishi va urushgan taraflar o‘rtasida barcha shartlar batafsil bayon qilinadigan o‘zaro tinchlik shartnomasi tuzilishi kerak. Masalan, 1918 yil 11 noyabrda Birinchi Jahon urushidagi harbiy harakatlarni to‘xtatgan sulh imzolangan. 1919 yil fevraldan boshlab esa Parij yaqinidagi Versal shaharchasida urush qatnashchilariga huquq va imtiyozlar beradigan, majburiyatlar yuklaydigan ko‘p bosqichli Versal tinchlik shartnomalari imzolangan.  

Koreya urushi amalda 1953 yilda to‘xtaganiga qaramay, uning yakunlariga bag‘ishlangan, tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilab beradigan shartnomaning yo‘qligi yarim orolda hamon rasman urush holati saqlanib qolayotganini bildiradi. O‘rtada 38-parallel – harbiylardan xoli hudud bor, xolos. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан