Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tramp saylovlarda mag‘lubiyatga uchrasa, natijani tan olmoqchi emas (video)
25.09.2020 10:31,  
635

AQSh prezidenti Donald Tramp noyabrdagi saylov natijalarini tan olmasligi ehtimoli yuqori. Jurnalistlar undan, «agar saylovda yutqazsangiz, natijani tan olasizmi», deb so‘raganda, «nima bo‘lishini o‘shanda ko‘ramiz», deb javob berdi.

Qisqa qilib aytganda, u mag‘lubiyatga uchrasa, saylov natijasini tan olishdan bosh tortmoqda.

Partiyadoshlari Trampni bu izohi uchun keskin tanqid qildi. Senatdagi senatorlar (ularning aksariyati respublikachi) saylov natijalari tan olinishini va amaldagi prezident yutqazsa, hokimiyat tinch yo‘l bilan topshirilishini yoqlovchi rezolyusiya qabul qildi. Bu, albatta, yangi qonun emas; shunchaki, Tramp izohlarini qoralovchi bir bayonot.

The Washington Post kolumnisti Farid Zakariyaning yozishicha, Tramp saylovda yutqazgan taqdirda ham, konstitutsiyani buzmagan holda yana to‘rt yil prezidentlikda qolishi mumkin. Qanday qilib?

AQShda saylov tizimi juda mujmal. Prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri ommaviy ovoz berish yo‘li bilan saylanmaydi, balki uni elektorlar hay’ati (electoral college) saylaydi. Oddiy fuqarolar saylov byulletenida prezidentlik uchun nomzodga ovoz bersa ham, aslida elektorlarni, ya’ni prezidentni tanlovchi vakillarni saylayotgan bo‘ladi. Aholisi soniga qarab, shtatlarga turli miqdordagi elektorlar taqsimlangan.

Odatda, saylovda qaysi nomzod aholidan ko‘p ovoz olsa, elektorlar o‘sha nomzodni prezidentlik uchun tanlaydi. Ammo nazariy jihatdan, ular fikrini o‘zgartirib, ikkinchi nomzodni ham tanlashi mumkin; chunki bu narsa Konstitutsiyada yoki federal qonunda taqiqlanmagan.

Masalan, Tramp saylovda firibgarliklar yuz berganini da’vo qilib, saylov natijasini tan olmasa va mojaro yuzaga kelsa, elektorlar kimni tanlashi masalasini shtat qonun chiqaruvchi organi hal qiladi. 9 ta muhim shtatning sakkiztasi respublikachilar qo‘lida. Ular Trampni tanlashi mumkin. Demokrat okruglar elektorlari esa Baydenni tanlashi mumkin.

So‘nggi so‘zni Kongress aytadi. Ya’ni Kongress barcha elektorlar sonini sanab chiqadi. Kelishmovchilik chiqqan shtatlarda elektorlar ikkiga bo‘linib qolgani bois, hech bir nomzod minimum 270 ta elektor yig‘a olmasligi mumkin.

Natijada so‘nggi hal qiluv qarorini Kongressning Vakillar palatasi qabul qiladi. Unda har bir shtat bitta ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Respublikachilar hukmron shtatlar soni demokratlarnikidan ko‘proq ekani hisobga olinsa, Trampning ovozlari soni ortib ketadi. Qarabsizki, saylovda yutqazsa ham, Tramp yana to‘rt yil prezidentlikda qolishi mumkin.

Xullas, AQSh saylov tizimidagi arxaik va mujmal elektorat tizimi shunday boshog‘riqlarni keltirib chiqarishi ehtimoli bor. Bu bir taxmin. 3 noyabrda bo‘ladigan saylovda kimning g‘olib chiqishi hozircha noma’lum, lekin bitta narsa aniq: Donald Trampdan har narsani kutish mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан