Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yo‘ldagi odam: Abdul Karim Mirzayev
19.12.2020 22:32,  
2082

Iste’dod Alloh fitratga ato etgan va tarbiya bilan yuzaga chiqadigan noyob insoniy xususiyatdir. Bu xususiyatni hech kim o‘z ixtiyori bilan qo‘lga kirita olmaydi. Shirali ovoz, notiqlik, she’r bitish, ilm bilan mashg‘ul bo‘lish, uni tarqatish kabilar buning misoli hisoblanadi. Agar iste’doddan ulush olish odamzodga berilganida hamma o‘zi istagan qobiliyatni qo‘lga kiritardi, albatta.

Iste’dodning ikki murabbiyi bor: biri ota-ona va ustoz; biri Dard. Ota-ona va ustozlar yosh bolada iste’dod uchqunini ko‘rganlari zamon u bilan jiddiy shug‘ullansinlarki, bu uchqun so‘nib qolmasin. Mablag‘, e’tibor, maslahat va muhabbatni darig‘ tutmasinlar. Dard iste’dodning egizi hisoblanib, u bo‘lmasa, iste’dod porlamaydi. Avval dard alanga oladi, keyin iste’dod dardni suvratlarga, ohanglarga, so‘zlarga aylantirib namoyish qiladi.

Iste’dodlilarning adadi xalqning salohiyatidan dalolat. Bir millat ichida o‘nta buyuk iste’dod bo‘lsa, demak, bu millatning yo‘llarini yoritadigan, zulmatini aritadigan o‘nta mash’alasi bor. Xalq bu mash’alani himoya qilmasa, asramasa, avaylamasa, o‘zi zimistonda qolmog‘i muqarrar.

Iste’dodning hasadgo‘ylari ko‘p. Da’vosi ulkan, lekin bu da’vo uchun Alloh quvvat bermagan kaslar hamisha iste’dodlarning payini qirqish payida bo‘ladilar. Xalq o‘z iste’dodlarini bu kabi itlarga yem qilib qo‘ymasin. Aks holda, kelajak avlodning ma’naviy dunyosi tanazzulga yuz tutadi, millat inqirozga uchraydi.

O‘zbek xalqini Alloh taolo hamisha iste’dodlar bilan siyladi. Ularni qo‘llab-quvvatladik, xalq manfaatlandi, iste’dodlarni tarbiyalab, go‘zal hosillar oldi. Biroq iste’dodlarimizni osgan, otgan davrlarimiz ham kam emas. Umuman, gap iste’dodlarni qadrlamoq xususda borayotir.

Suxandonlik, notiqlik, voizlik o‘zaro chambarchas bog‘langan nodir qobiyatlardir. Olamda voizlar ko‘p, ovozi jaranglaydiganlar bisyor, deylik, o‘z ichimizda ham so‘zlarni chinnidek chertib qo‘llaydiganlar ancha topiladi. Biroq bu xususiyatlar ham xalqning qalbiga kirib borish uchun kifoya qilmas ekan. Voizlikning zamirida – iste’dodning mohiyatida haqiqatni aytishga bo‘lgan istak, sahrodagi tashnalik singari kuchli xohish bo‘lmog‘i lozim. Shuningdek, voizning har bir kalomi uning qalbini, hayotini o‘nglab borgan sari xalqning ruhoniy olamidagi bemisl mulkka aylanaveradi.

Abdul Karim Mirzayev timsolida men ana shu haqiqatni ko‘rdim. U o‘z hamkasblari ichidan olovdek alanga oldi. O‘zining kimligini angladi. “Yo‘lga chiqqan, yo‘ldan chiqmaslikka intilayotgan inson” o‘laroq o‘zini bildi. Bu katta maqom.

U ba’zilar singari bahs maydonlariga o‘zini otmaydi. Ayrimlarga o‘xshab odamlarni aybu nuqsondan iborat holda ko‘rmaydi. Yoki moddiy ehtiyojlarini ma’naviy muhtojlikdan yuqori baholamaydi. Himmatini arzimagan matohlarga ayirbosh qilmaydi.

Abdul Karim Mirzayev ilmga, olimlikka da’vogar emas, u o‘zi topgan ma’naviy xazinalarini – durru gavharlarni o‘z xalqi bilan baham ko‘rishni istaydi, xolos. Xalqning qarshisiga so‘z aytgani chiqar ekan, chiroyli qiyofa, sehrli sas ila namoyon bo‘ladi, chunki u elga va’z aytayotir, odamlarning ko‘zlari quvonsin, quloqlari hikmatdan dur taqsin. Go‘zallikni, axloqu adabning chiroyini, hikmatini his etsinlar.

Qiziqki, ba’zan ilmi daryodek toshib ketganlar, boyligi uylariga sig‘maganlarga Alloh O‘z hikmati bilan fathu fayz bermaydi. Ularning suhbatlari zeriktiradi, hadyalari dilni ozorlaydi. Lekin qarshingizdan kamtarona jilmayib chiqqan bir xokisor zotning shirin so‘zlari samimiyati bilan qalbni eritadi, qo‘lida tutgani, hadya deya keltirgani bir bosh piyozni-da ko‘ngil gullardan ko‘ra qadrli qabul etajak.

Abdul Karim Mirzayevning xokisorligi, himmati, o‘z xalqiga bo‘lgan muhabbati, o‘z elining dunyosi uchun qayg‘urishi samimiy bo‘lgani uchun ham uning sasi kirib bormagan xonadonni, so‘zlariga asir bo‘lmagan ko‘ngilni topish bugun mahol. Qishloqdagi oddiy mehnatkashdan tortib, hashamga ko‘milgan zotlar uning nutqlaridan mutaassir. Mushfiq onalarimiz uning haqqiga duoda, muhojiru musofir aka-ukalarimiz uning suhbatini olishga intiq. Zotan, Alloh samimiyatli qalblarni birlashtiradi, chin kayg‘usi bo‘lgan zotlarning oralarida parda bo‘lmas.

Mening Abdul Karim akam haqida aytajaklarim bu. Shundoq ham, xalqimiz o‘zining hassos bu farzandini yaxshi taniydi. Ardoqlaydi. Allohim Abdul Karim Mirzayevga muvaffaqiyat ato qilsin, ilmu hilmini ziyoda aylasin, to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin! Go‘zal xayrlarga, ulkan amallarga noil qilsin! Go‘zal ishlarining ajrini ko‘paytirib bersin, amiyn!

Va Abdul Karim kabilar ko‘paysin, chunki bu millat uchun, bu xalq uchun, uning ko‘klarga qanot qoqib yuksalmog‘i uchun yuzlab Abdul Karim singari fidoyi va ma’rifatparvarlar zarur.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан