Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ulug‘bek Hamdam: “Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang!”
15.05.2017 05:38,  
379

2017 yil aprel oyida menga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. “Men To‘lqin akaman, O‘zbekiston xalq artisti Xusan Sharipovning ukasi. Sizning nega ishdan ketganligingizni bilib, ko‘ngil so‘rab tel qilyapman. Xo‘p desangiz, ko‘rishib bir gaplashsak...” Men To‘lqin akani esladim. Negadir esladim: u kishi “Yangi inson” degan dostonim “Tafakkur” jurnalida chop qilinganda (2011 yo 2012 yy.da) tel qilgandi, tabriklagandi. “Xo‘p, ko‘rishamiz” dedim. Ixchamgina, orasta kiyinib olgan, kepka kiygan oqsoqol ekan: “Yoshim 71 da dedi. Agranomman. Ammo adabiyotning har bir nashrini, nashrlarning har bir satrini kuzatib boraman. Anu kuni M. Yusuf haqida televideniye orqali gapirganizni eshitib, hozir qayerda ekan Ulug‘bek deb qiziqdim, qidirdim va mana topib keldim. Ish taqdirizni so‘roqlagandim, ayni ishlaydigan paytizda, ko‘krakka shamol tegay deganda qaysi bir rahbar oyog‘ini bosib olib, ishdan ketibsiz. Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga xat yozdim. U. Hamdam masalasini ko‘rib, tahlil qilib bering deb yozdim”, deya qo‘ynidan ko‘zoynak chiqarib 2 betligina bitigini o‘qib berdi.

Men To‘lqin akaning ishlaridan to‘lqinlandim. Aytdimki, “to tirik ekanman, shu ishizni sira unutmayman. Bugun hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, kezi kelganda, qarindoshlar bir-birlarini begonasirab turtayotgan zamonda siz meni, yetti yot begonani 2 yil burun ishdan olinishim sababini surishtirib, ko‘ngil so‘rab kelganizni unutib bo‘larkanmi?..”

Shunday deyishga dedimu keyingi qator kunlarda bu haqda o‘ylay boshladim: nega u kishi sen uchun kurashyapti, Ulug‘bek? Yana shu yoshida. Nega o‘zing emas?! “Yozuvchi bo‘lib qolay, yozg‘uvchi bo‘lib emas”, deb kelding shu choqqacha. Lekin yozuvchi degani qanday bo‘lishi kerak? Axir, sening idealingdagi yozuvchi to‘g‘ri deb bilganini aytadigan, haqiqat, adolat yo‘lida hamma narsaga tayyor yuradigan inson emasmidi? Nega endi bunday yo‘l tuta qolding? Ideallaringdan voz kechdingmi?..

Bu savollar meni ko‘p qiynadi. Xalqimiz fe’liga xos kechirimlilik yo‘lini tutib adashdimmi? Yoki kechirimlilikning ham o‘z mavridi, chegarasi bormi?.. Xullas, uzun o‘ylarimning shu yeriga yetganda qo‘limga qalab oldim. Umid qilamanki, bu ishim qarshimdagi ikki ziddiyatli yo‘ldan eng to‘g‘risidir. Yanada to‘g‘risini esa Olloh bilgich!..

2015 yil, iyun. O‘sha paytda Yozuvchilar Uyushmasi mas’ul kotibi, hozirda “Sharq yulduzi” jurnali Bosh muharriri vazifasini bajaruvchisi, shoir S. Rauf xonamga qo‘lida qog‘oz bilan kirib, o‘qiy ketdi. Tushundimki, gap jurnal saviyasiyu obunasining tushib ketganligi va hokazo ayblar ro‘kach qilinib, ishdan ariza yozib ketishim haqida borar edi. Uning qo‘lidagi bir bog‘lam qog‘ozdan cho‘qib-cho‘qib o‘qigani menga yoqmadi. Shartta turdim-da, eshikni yopib keldim va qo‘lidan qog‘ozlarni deyarli yulib oldim. Aybnoma roppa-rosa 11 bet edi. Unda ko‘p tuban, aytishga odam xijolat bo‘ladigan mayda gaplar ham yozilgandi. Oldiniga o‘ylandim, ikkilandim. Keyin esa sha’nim, g‘ururim sado berdi: sen bu yerga ishga kelganingda jurnalning adadi 1000 taga tushib ketgan edi, davlatimizning e’tibori va xayrixohligi ostida jamoa bilan birgalikda tinmay ishlading, buxgalteriya birda yo‘l haqini to‘lasa, birda yoningdan pul sarflab viloyatma viloyat yurding, obuna qilding, har bir maqola yo she’rni, roman yo tarjima asarini mualliflardan so‘rab olib chiqarding, natijada jurnal soni 5000 tagacha chiqdi. Har ikki jurnal qiyofasi, mundarijasi tubdan yangilandi. Ularning saytlari yaratildi. Dunyoga elchixonalar orqali chiqishi ta’minlandi. Amerika, Rossiya, Yevropa, Avstraliya, Isroilga qadar jurnallar yetib bordi. U yerda yashaydigan mualliflardan materiallar olib, chop etildi. Adabiy jarayon haqida har yili bir suhbat uyushtirildi... Lekin endi bu nimasi? Seni shu tarzda ishdan olishlariga sabab bo‘ladigan qanday jiddiy xato qilding? Axir, sen bu yerga o‘zing intilib, iltimos qilib kelganing yo‘q edi-ku! Ikki ishda ishlab, ham moddiy, ham ma’naviy ehtiyojlaringni to‘la qondirishga imkon beradigan joylardan olib kelib qo‘yishgandi seni. Ilk safar, 2009 yilda Uyushma Raisi Bobur Alimovga qat’iy qilib: “Yo‘q, jurnal Bosh muharriri bo‘lib ishlamayman! Chunki endi-endi yozish imkoniga ega bo‘ldim, yozay...” deb xayrlashib ketganding. Keyin yana u kishi chaqirtirib, “nomzodiyz o‘tibdi, ishlamasangiz bo‘lmaydi” degandi. “Kerak ekanman, mayli, kelganim bo‘lsin” deya, yo‘lga qo‘yilgan hayot tarzingdan, ko‘p yaxshi imkonlardan voz kechib kelganding bu yerga! Shumi oqibat?..

“Uyushma faollarini to‘plab, menga qo‘yilgan ayblarni isbotlab bermas ekansiz, Sizni sudga beraman” degan mazmunda raisga xat kiritdim. Ertasi kuni faollar yig‘ilishi bo‘ldi. Unda rais qo‘lida ishlaydigan uch-to‘rt xodimdan boshqa hech qanday faol yo‘q edi. Mayli, dedim. Qani, kurakda turmaydigan ayblarni qanday qilib bo‘ynimga qo‘yib berisharkin, deb kutdim. S. Rauf “aybnoma”ni o‘qidi. Negadir u bir pasda tugadi. Yangi “aybnoma” 5 bet ham chiqmasdi. Hamda bag‘oyat silliq edi. Bunday “ayb”lar bilan rahbarni nafaqat ishdan olish, balki xayfsan e’lon qilish ham uyat edi, nazarimda. (Mas., ulardan biri jurnal obro‘sining tushib ketganligi haqida bo‘lib, bu g‘irt tuhmat edi. Vaholanki, uyushmaning o‘z saytida uyushma nashrlari orasida keyingi 4-5 ichida eng ko‘p o‘qilgan, murojaat qilingan nashr deya “Sharq yulduzi” topilgandi, buni saytdagi o‘quvchilar ovozi tasdiqlab turardi). “Qani u asl nusxa?” desam, M. Ali o‘rnidan turib, “ish jarayoni ketyapti, o‘zgartirishga haqqimiz bor” deb javob berdi. “Tavba, dedim men, siz o‘sha 11 betli aybnoma bilan meni sharmandalarcha ishdan olishni ko‘zlagandingiz-ku, men o‘sha aybnomadan qo‘rqib ariza yozishim kerak edi-ku rejangiz bo‘yicha, bu qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Menga qarang, Muhammad Ali aka, odam bu dunyoga o‘g‘il bola bo‘lib keldimi, o‘g‘il bola bo‘lib ketishi kerak! Undan ko‘ra, erkakcha, mardlarcha yo‘l tutib, Ulug‘bek, kel, ukam, 6-7 yil ishlading, endi boshqalar ham bi-i-ir o‘zini sinab ko‘rsin, desangiz, bir emas, yuzta ariza yozib boshizdan kokalasoch qilib sochib yuborardim-ku!” dedim qizishib. Xullas, qarasam, qarshimda har qanday sog‘lom mantiqni tan olmaydigan, qo‘lida hokimiyat bo‘lgani uchun hamma ishni xohlaganimdek qila olaman, degan hissiz byurokrat turganini tushundim. Oraga yana boshqalar tushdi va men arizani yozdim...

(Bu arizani men bir o‘zim uchun emas, yana uchta xodimim uchun ham yozgan ekanman. Ular mendan keyin “Sizni ishlatmagan joyda biz ham ishlamaymiz!” deyishdi. Men “yoshlik qilmanglar, ishsizlikdan qiynalib qolasizlar” deya ogohlantirishimga qaramay, mening yosh do‘stlarim ishdan bo‘shab ketishdi. Ularning ikkisi tezdagina ish topdi, lekin bittasi 1 yilcha ish izlab sarson yurdi. Men mana shunday insonlarni topish uchun har qanday ishdan yana kiprik qoqmay ariza yozib ketgan bo‘lardim... Yo‘qotgan joyda topasan, deya shuni aytishsa kerak...)

Xo‘sh, rais o‘z-o‘zidan to‘nini teskari kiyib oldimi? Yo‘q, albatta. Buning uchun men ketma-ket “xato”larga yo‘l qo‘ygandim. Keling, o‘sha “xato”larimdan bir nechasini sizga so‘zlab beray:

1. Ishdan ketishimdan 3 oylar burun S. Rauf kabinetiga taklif qilib, rais “Ulug‘ saltanat” haqida Ulug‘bek maqola yozsin, u taniqli adabiyotshunos, deb istak bildirdi, dedi. Men ichimdagi sirni darrov oshkor aylab “xato” qildim: “M. Ali asarlari haqida yozmay yurganimning o‘zi unga qilgan katta yaxshiligimdir”dedim. Keyin bilsam, bunday takliflar ustozimiz prof. N. Karimovga, do‘stimiz, filologiya fanlari doktori J. Eshonqulga ham qilingan ekan. Qarangki, ular ham roman haqida yozishmadi. Jumladan, men ham. Nima deb o‘ylaysiz, mening rad javobim roman muallifi qulog‘iga yetib borganmi-yo‘qmi? Borgan deya, gunohini bo‘ynimga olishni istamayman. Lekin aynan shu raddiyadan keyin “Sharq yulduzi” jurnalining so‘nggi yillardagi har bir soni raisning gumashtalari tomonidan harfma harf tekshirila boshlandi. Topilgan “kamchiliklar” yuqoriga taqdim qilindi.

2. 2015 yil. Yillik hisobot majlisini protokol bo‘yicha (kamina O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi nasr kengashi raisi edim) men olib borishim kerakligiga qaramay, M. Ali kresloni egallab olib, majlisni o‘zi boshqardi. Buning sababi ko‘p o‘tmay oydinlashdi: M. Ali o‘zining “Ulug‘ saltanat” asarini yilning eng yaxshi nasriy asari sifatida tan olishlarini istagan ekan. Chunki jurnal tahririyati Alisher Mirzoning “Kallaxonalik yigitcha” nomli romanini eng yaxshi nasriy asar deb topgan, buning ovozasi atrofga yoyilgan edi. Bunga qarshi tadbir olmoqchi bo‘lgan M. Ali farg‘onalik adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Y. Solijonovni majlisdan burun kabinetiga chaqirib, “muhim vazifa”ni olimning zimmasiga yuklaydi: “Ulug‘ saltanat”ni eng yaxshi nasriy asar deb taklif kiritasiz, deydi. Majlisda ma’ruzalardan so‘ng rais Solijonovga so‘z berdi. Munaqqid istihola va xijolatpazlik ichida “Ulug‘ saltanat”ni eng yaxshi asar deb e’lon qildi va qolganlarni ham shunday ovoz berishga undadi. Lekin zaldagilar bu gapga jiddiy e’tibor qilmadi, ko‘pchilik “Kallaxonalik yigitcha”ni yoqlab chiqdi. Umumiy hol shunday bo‘ldiki, raisning “Ulug‘ saltanat”i emas, balki endi qo‘liga qalam olib ilk romanini bitgan O‘zbekiston xalq rassomi A. Mirzoning romani birinchilikni olib ketdi. E’tibor bering, bu voqea M. Alining o‘zi raislik qilgan majlisda sodir bo‘layapti! Bu juda katta mag‘lubiyat edi. “Ulug‘ saltanat”ni yozgan, adabiy “saltanat” qo‘lida bo‘lgan raisning mag‘lubiyati edi. Tahririyat ham jurnal muqovasida A. Mirzoni g‘olib deb e’lon qildi va U. Azim (dramaturgiya), T. Malik (publitsistika), Odil Og‘a (nazm) lar qatorida A. Mirzoni mukofotladi. Bu kaminaning ikkinchi katta “xato”si edi.

(Xo‘sh, “Solijonov va rais orasidagi xufyona gapni qayerdan bildingiz?” desangiz, aytay: Solijonov samimiy inson, o‘sha kuni majlisdan chiqib, qilgan ishidan pushaymon holda to‘g‘ri jurnal tahririyatiga kelgan va xodimlarimizdan ikkisiga uzrxohlik qilgancha raisning kabinetida o‘zaro bo‘lib o‘tgan yuqoridagi “kelishuv”ni afsus bilan aytib bergan edi).

3. “Ulug‘ saltanat” ham “Sharq yulduzi”da, ham “Zvezda vostoka” jurnallarida ketma ket chop etildi. O‘zbekcha jurnalning 4 ta sonida bosilib, ketidan u haqdagi maqola e’lon qilindi. Ruscha jurnalning 3 ta sonida e’lon qilindi. Ko‘p o‘tmay, roman haqida akademik B. Nazarovning maqolasi keldi. Ustoz munaqqidning yana rahmatli shoira T. Sodiqova she’rlari haqidagi maqolasi ham qo‘limizda turardi. “Qisqa vaqt ichida raisning shuncha narsasini berdik, yana e’lon qilsak, o‘ziga ham uyat bo‘lar” dedim-da, jurnalning 6-sonida akademik B. Nazarovning “Ulug‘ saltanat” haqidagi maqolasini emas, balki shoira T. Sodiqova haqidagi maqolasini qo‘ydik. Va yana “xato” qildim. Jurnal chiqqach, unda o‘z romani haqidagi galdagi maqolani topolmagan rais kechqurun 11 larda menga telefon qildi. “Nega B. Nazarovning mening asarim to‘g‘risidagi maqolasini bermadingiz?” deya o‘dag‘ayladi. Xuddi men uning haqini yeb qo‘yganimdek tutdi o‘zini. Shunday bo‘ldiki, 2015 yilning 1-sonida o‘sha maqolani mundarijaga kiritdik. Lekin u menga qarata ichida “Hap senimi!” deb qo‘ygan, niyatini sekin-asta ro‘yobga chiqarishni ko‘ngliga tugib, bu borada unga ko‘mak berishi yoki imkon yaratishi mumkin bo‘lgan mas’ullar ko‘nglini olishga kirishgan edi. (Zarurat bo‘lsa, bu da’volarning isbotini keltirishim mumkin).

4. “Sharq yulduzi” sahifalarida “Yangi avlod ovozi” degan suhbat uyushtirdik (2013). Ko‘pchilik qatnashdi. Ammo bir kun yozuvchi do‘stimiz keldi-da, suhbat savollariga yozgan javobini qaytib olishini aytib qoldi. Nega desam, rais chaqirib: “Qo‘shilmang bunday guruhbozlikka, bir vaqtlar Erkin Vohidovu Abdulla Oripovlar ham shunday qilishgan. Men ularga qo‘shilmaganman va to‘g‘ri qilganman. Mana - natijasi!”deb aytdi va erishgan mavqeiga ishora qildi, dedi u. Nima qilamiz desam, javoblarimni bermang, dedi do‘stimiz. Verstka qilingan tayyor material edi, olib o‘rniga boshqa maqola qo‘ydik. Keyin o‘yladim: nega rais bu gaplarni menga, jurnal Bosh muharririga emas-da, boshqa tashkilotda ishlaydigan muallifga aytyapti? Yana “Ulug‘bekka aytib qo‘ying, to‘xtatsin bunday avlod-mavlod degan suhbatlarni! Hech qanday avlod yo‘q, bu - ayirmachilik”, debdi. Tavba, avlod degan tushuncha M. Aligachayam bor edi, hozir ham bor, undan keyin ham bo‘ladi. Hayotning davomiyligi avlodlar almashinuvi, ular o‘rtasidagi dunyoqarash va fikr o‘zgachaligi, kerak bo‘lsa, musobaqasi, raqobati bilan tirik. Hech qanday M. Ali (hatto u yuz yoshigacha rais bo‘lsa-da) avlodlarni, ular o‘rtasidagi o‘ziga xoslikni yo‘q qilolmaydi. “Kitob dunyosi”da e’lon qilingan shoir va adabiyotshunos R. Rahmatning “Yangilanayotgan nasr” maqolasini M. Ali o‘rinsiz ravishda yuzimga solib, “Yangilanayotgan nasr, deysizlar. Nasr bu - janr! Janr esa hech qachon yangilanmaydi!” deya majlislar zalida qichqirdi. O‘tirganlarning ko‘pchiligi bu tantanali nutq shekilli, deya o‘ylab, davomli qarsaklar chalib yuborishgan edi. Avvalombor, nasr bu - janr emas, tur, adabiy tur, qolaversa, ayrim janrlar davomiy yangilanib boradi. Ko‘rinadiki, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi raisining adabiyot bo‘yicha nazariy bilimlari alhamduga ham yaramaydi. (Bu gaplarning aynan audio isboti bor. Chunki majlis protokolini yozish uchun audioyozuvdan foydalanilar edi o‘shanda) E’tibor bering, aytilgan gaplar mana shu darajada savodsizlik mevasi edi-yu, ammo ular raisning og‘zidan chiqayotgani uchun olqishlar bilan kutib olinardi! (“Qachon xalq bo‘lasan, ey sen olomon!”)

Xullas, rais man qilib to‘xtatib qo‘ygan ana shu suhbatlar (2015 y.da “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid” nomi ostida chop etildi) kaminaning yana bir “xato”si bo‘ldi va “aybnoma”ga kiritildi...

Yozaman desam, bunday misollar hali juda ko‘p. Lekin ko‘mir oz. Shularning o‘ziyoq O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi raisi M. Ali va 2009 va 2015 yillar orasida “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari Bosh muharriri bo‘lib ishlagan U. Hamdam mojarosini tushunish uchun kifoya, deb o‘ylayman.

Yana bir gap: men bu eski gaplarni bir maqsad ila esladim. U ham bo‘lsa, yaqin o‘tmishdan saboq olishdir. Hayot shundayki, kirib chiqayotganing bir eshik yopilsa, shubhasiz, boshqasi ochiladi. Men ham ishsiz qolmadim. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Til va adabiyoti instituti yana o‘z bag‘riga oldi. Qolaversa, bir yil o‘tib, yangi tashkil etilgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Jahon adabiyoti kafedrasi mudirligiga shaxsan O‘zbekiston Prezidenti (u paytda Bosh vazir) Sh. Mirziyoyev suhbatidan o‘tib tayinlandim. Hozirda ma’ruzalar o‘qib, kitoblar chiqaryapman. Ya’ni hammasi joyida. Faqat vaqt o‘tgan sayin Yozuvchilar Uyushmasining amaldagi raisi M. Ali ko‘rsatgan nayranglarga jim qarab o‘tish jinoyatdek tuyulyapti. Ayniqsa, kaminaga yetti yot begona, lekin ancha-muncha qarindoshning qo‘lidan kelmaydigan ishga qo‘l urgan fidoyi inson To‘lqin akaning jonkuyarligi meni chindan-da g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi. Endiyam M. Alining tuban o‘yinlariga munosib javob bermaslik qo‘rqoqlik va vijdonsizlik bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham qo‘limga qalam oldim. Uyushma rahbariyati allaqachon almashishi kerak. U yerga M. Ali tan olishni istamagan yangi avlod vakillaridan rahbar saylanishi lozim. Avlod yosh bilangina belgilanmaydi, u zamonaviy fikrlay olsin, shu bilan birga, o‘tmishni ham bilsin va hurmat qilsin! Qisqasi, o‘tmish, bugun va kelajakni o‘z dunyoqarashi va intilishlarida mujassam qila bilsin!

Men hayotning ziddiyatlardan iboratligini yaxshi bilaman, kurashib ulg‘aygan odamman. Arziydigan maqsad uchun kurashish zarur bo‘lsa, kurashlardan aslo yuz burmayman! Hozirgacha indamay kelganimning bosh sababi andisha edi. Lekin mening andisha davrim bitdi. Men nohaq bo‘lsam, kechirim so‘ray oladigan darajada kuchli odamman, lekin haqdor bo‘la turib, oyoqlar ostida ezishlariga aslo yo‘l qo‘ymayman! Ular kim va nima bo‘lsa, otini qo‘yib beraman! Yuziga qarab, ko‘ziga tikilib turib aytaman, ayta olaman! Shu bitigim M. Ali va uning soyasida choy ichib yurganlarning asl ismi, ma’naviy qiyofasining haqiqiy nomidir.

Yiqilganni tepma, deydi xalqimiz. M. Ali hozir mansabda. Men M. Ali ishdan ketgandan keyin emas, ayni ot o‘ynatib turgan paytida uning adolatsiz ishlarini, mana, baralla aytyapman. Tik turganida aytyapman unga, yiqilganida emas (ishdan ketish yiqilish emas, albatta!). Erta bir kun ishdan ketgandan keyin tosh otdi, demasin deya, hozir aytyapman. U mansabdan ketgandan keyin naqadar bechorahol bo‘lib qolishini o‘zi tasavvur ham qilolmasa kerak. U paytda esa unga bitta so‘z ham ortiqchalik qiladi hamda kerak ham emas. Vaqtlar o‘tib, hozir ot ustida yurgan yozuvchilarning so‘zlarigina maydonda qoladi: ularda na mansab bo‘ladi va na boshqa imtiyoz! Ortda qolgan asarlar kimning kim ekanini chinakamiga hal qilib beradi. Shuning uchun o‘sha maydongina haqiqiy maydondir, mansablar, tanishlar, pullar va imkonlarning bari o‘tkinchi. O‘sha maydonda kurash shartlari teng bo‘ladi va hech kimning orqasida turgan “tog‘”i bo‘lmaydi. Shuni o‘ylashi kerak inson degan. Ayniqsa, u mansabdor bo‘lsa, ayniqsa, u yozuvchi, ijodkor bo‘lsa! Men shu choqqacha andisha qilib keldim. 71 yoshli nafaqadagi To‘lqin akaning adolat uchun kurashayotgani ichimdagi Ulug‘bekni uyg‘otib yubordi. Andisha degan og‘ir uyqu bilan uxlab yotgan Ulug‘bekni uyg‘otdi. Andisha deb qayergacha boramiz? Ayniqsa, andishaning otini qo‘rqoq qo‘yishayotgan bo‘lsa. (Andisha uni tushunganga, qadriga yetganga qilinsa, tuzuk ekan). Umrimda eng yomon ko‘rgan narsam - erkak kishining qo‘rqoqligi. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Men borini aytishga qaror qildim. U kishining yoshini, vazifasini hurmat qilgan holda odob doirasidan chiqmay aytdim. Shundayam, bir parchasini aytdim. Zero, suvning qandayligini bilish uchun ariqning borini sipqorish shart emas. Mayda narsalarga ko‘z yumib, asosiylarini aytdim, toki uning o‘rniga kelgan boshqa bir rahbar o‘zini M. Aliday tutmasin! Shahar bedarvoza ekan, deb, ko‘ringan yoqqa ot choptirib, kelajakning “ekinlari”ni payhon qilmasin! (Biz bo‘yin egib indamay ketaversak, bu ishlar davom etaveradi. Shuni o‘ylab ham yozdim bularni!). Atrofiga mute, soyasiga salom bergich shotirlarni to‘plab olib, o‘zini ham, Uyushmani ham sharmanda qilmasin! Qutlug‘ dargohga millatimizu adabiyotimiz sha’nini himoya qilishga qodir, hammani birlashishga unday oladigan shaxs, munosib rahbar kelsin! Yanada to‘g‘risini esa Olloh bilguvchidir!

Ulug‘bek HAMDAM

2017 yil, may

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан