Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






12 yildan so‘ng: Alisher Soipovning qotili hamon topilmadi
24.10.2019 17:29,  
3894

“BUYUK KELAJAK” Ekspert Kengashi a’zosi, Fergana.Ru axborot agentligi ta’sischisi va bosh direktori Daniil Kislov 2007 yili O‘sh shahrida o‘ldirilgan jurnalist Alisher Soipovning qotilini topishda O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlaridan yordam so‘radi.

Hamkasbimiz, “Farg‘ona” axborot agentligining Qirg‘izistondagi muxbiri Alisher Soipov 2007 yil 24 oktyabr kuni kechqurun otib ketilgan edi. 26 yoshli jurnalistning O‘sh shahrida o‘ldirilishi o‘zi ishlaydigan gazeta tahririyatiga yaqin joydagi ko‘chaning o‘zida, surbetlarcha va namoyishkorona tarzda amalga oshirilgandi. Bu jinoyat haligacha ochilmadi, ammo 2019 yil avgust oyida ish bo‘yicha tergov qaytadan boshlandi.

Alisher 2007 yilda har hafta o‘zbek tilida nashr etiladigan “Siyosat” gazetasining direktori va bosh muharriri bo‘lib, bu gazetada Janubiy Qirg‘izistondagi voqealar haqida xabar berilishidan tashqari qo‘shni O‘zbekiston siyosatiga ham tanqidiy nazar tashlanar edi.

Gazetani chegaraning narigi tomonida – O‘zbekistonning Andijon va Namangan viloyatlariga olib ketib tarqatishar, chunki bu nashr chiqqan kunidan boshlab bir necha oy ichida butun Farg‘onaga mashhur bo‘lib ulgargandi. Shu tarzda u birdaniga ikki davlat rasmiylari uchun yoqimsiz shaxsga aylandi. Yosh muxbir ularni nimasi bilan g‘azablantirgandi.

Uning nashri Qirg‘iziston va O‘zbekiston OAVlarida joy berilmaydigan achchiq haqiqatlarni yoritardi.

O‘sha paytda janubdan chiqqan Qirg‘iz prezidenti Kurmanbek Bakiyevning qarindosh-urug‘lari mamlakat janubidagi o‘zbeklarning har qanday jamoaviy va biznes faolligini bostirgan, Alisher esa aynan shu haqda yozardi. Qo‘shni mamlakat prezidenti Islom Karimovning maxsus xizmati har qanday – diniy va dunyoviy muxolifatni yoqtirmas, “Siyosat” esa bu ikkala guruhga ham minbar bo‘lardi.

Qirg‘izistonda Alisherni doimiy ravishda chekistlarning oldiga chaqirib, u bilan “tushuntirish suhbatlari” o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda unga qarshi rasmiy va hukumatparast OAVlarda nafrat kamaniyasi o‘tkazilardi.

Bir necha oy davomida hozirda mavjud bo‘lmagan gzt.uz, press-uz.info, c-asia.org, sngnews.ru, centrasia.ru kabi saytlarda jurnalistni turli so‘zlar bilan haqorat qilishdi, uni “terrorchilar bilan hamkorlik”, “AQSh manfaatlariga xizmat qilish”, “Farg‘ona vodiysidagi vaziyatni izdan chiqarish” va “noto‘g‘ri axborot tarqatish”da ayblashdi.

Alisher o‘ldirilishidan bir necha kun oldin Namangan televideniyasida maxsus ko‘rsatuv efirga berildi. Ko‘rsatuv ishtirokchilari jurnalistni “o‘zbek xalqining dushmani” deb tavsifladi.

Alisherning do‘stlari va hamkasblari uni qoralash kampaniyasi ortida Karimovning Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) turganiga aniq ishonardi. Bu xizmat xodimlari barcha mustaqil jurnalistlar haqida batafsil ma’lumotlar tayyorlar, agentlar qo‘shni davlatlar chegaralarini to‘siqsiz kesib o‘tib, noqulay odamlar ortidan kuzatuvlar olib borar edi.

Butun dunyoga ma’lum Andijon voqealaridan keyin MXX tomonidan bosim o‘zining cho‘qqisiga yetdi: Toshkentdagi barcha G‘arb axborot agentliklari chiqarib yuborildi, mahalliy OAV bichildi, to‘liq senzura o‘rnatildi. Mutlaq jimlik manzarasida Alisherning maqolalari kechirib bo‘lmas qo‘pollik ohangida yangrar, oxir-oqibat buning uchun to‘lov qilishi tayin edi.

Alisherning o‘zi ham buni tushunar, lekin mardlarcha faoliyatida davom etardi. Hatto maxsus xizmatlar uning har qadamini kuzatib, telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitib, shaxsiy elektron pochtasiga kirishga harakat qilib yurganini bilganida ham to‘xtamadi.

Huquq himoyachilari o‘sha yillarda O‘zbekiston MXX xuddi o‘z uyida yurgandek Qirg‘iziston janubida xo‘jayinlik qilganini tasdiqlaydigan ko‘plab dalillarni ilgari suradi. Alisher Soipovning o‘ldirilishida “o‘zbek izi” borligi haqidagi taxmin ilk kunlardanoq mavjud edi: hatto Qirg‘iziston IIV gumondorlarning rasmini tarqatib, ularning “Qirg‘iziston fuqarolari emas”ligiga urg‘u bergan.

Bu ish bo‘yicha qaytadan tergov qo‘zg‘atilishi bekitilgan sirlar ertami, kechmi yuzaga chiqishiga umid bag‘ishlaydi. Agar o‘shlik tergovchilar qat’iyat va halollik bilan harakat qilsa, bu ishda O‘zbekistonga, Karimov davriga olib boradigan kalavaning uchini topishi muqarrar.

Men qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik tergovchilarga eslatishni istardim: bir vaqtlar o‘ta kuchli bo‘lgan MXX hozirda rasman yo‘q qilindi, amalda mag‘lubiyatga uchradi, uning ko‘plab xodimlari, jumladan, sobiq generallari ham sudlanib, qaqoqqa hukm qilindi.

Shuning uchun MXXning merosxo‘ri bo‘lgan Davlat Xavfsizlik Xizmati jamiyatning ishonchiga kirish uchun xizmat qilib, uning uchun tahdidi manbaiga emas, huquqlari himoyachisiga aylanadi, deb qat’iy umid qilaman. Buning uchun ushbu idora sobiq rejimning og‘ir jinoyatlarini, xususan, Alisher Soipov qotilligini alohida tekshirishi lozim.

Bugun O‘zbekistonda bu ishni qilishning ayni vaqti.

Daniil Kislov

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан