Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Adabiyot, adib va muddao
8.05.2020 07:51,  
790

Adabiyot insonlarning, avvalo, o‘zini anglashga bo‘lgan ehtiyojidir.
 
Qamoqda menda mana bunday savol tug‘ilgan edi: "Qur’on va hadisda insonlarga tegishli barcha haqiqatlar bayon etilgan bo‘lsa, menga adabiyot nima uchun kerak?" Shu nuqtadan boshlab, bu masalada ko‘p mulohaza yuritdim. 

Badiiy asarlarni o‘qishim, tahlil etishim mening dinimga, dunyo va oxiratimga manfaat keltiradimi? Bu borada shu qadar chuqurlashdimki, adabiyotni keraksiz matoh deb o‘ylay boshladim. 

Biz adabiyotni tarbiya vositasi degan qat’iy qoidaga suyanib qoldik, men esa atrofimdagi jinoyatchilarga boqib biror adabiyot ularni hech qachon tarbiyalay olmasligiga amin edim.
Ashaddiy jinoyatchilar, qotillar, zo‘ravonlar, talonchilar, firibgarlar, o‘n yillab umrini birgina kamerada o‘tkazgan insonlar jahon adabiyotining sara durdonalarini mutolaa etishardi. Biroq ularning ma’naviy olami jirkanchligicha qolgan bo‘lib, adabiyot unga hech qanday go‘zallik baxsh etmagandi.

Shunday qilib, men uchun "adabiyot - tarbiyachi" degan qoida safsataga aylandi.

Insonlarni tarbiyalashi lozim bo‘lgan, biz shu kecha-kunduzda o‘qib turgan adabiyotning katta qismi, aslida, betarbiya odamlar tomonidan bunyod etilganligi yuqoridagi qoidaning naqadar haqiqatdan yiroqligini tasdiqlaydi.

Tarbiyaning mohiyati hidoyatdir. Hidoyat esa Allohdan. Xulosa etdimki, orif inson uchun adabiyot sun’iy bir atama bo‘lib, oriflar qalbida adabiyotga ehtiyoj bo‘lmaydi, ular Qur’on va hadisdan o‘zgasiga vaqt ajratmaydilar. 

Oriflarning shunday so‘zlari bo‘ladiki, adabiyot ahli bu so‘zning fasohati va ma’nosiga tan beradi. Bu so‘zni adabiy asar deb tamsil etadilar. Holbuki, orif kishining bu bilan ishi yo‘qdir. 

Odam Allohga yaqinligi bilan maqomga erishadi. Allohga eng yaqin zotlar eng yuksak maqomdadirlar. Bu alohida masala. Gap shundaki, adabiyot Allohni tanish yo‘lidagi eng birinchi bosqich yoki Allohni tanishga bo‘lgan fitrat ehtiyojidir. 

So‘zni tushunish - Alloh bergan noyob salohiyatdir. Bunday salohiyatli odamlarning aksari doimo haqiqat yo‘lida bedordirlar. 

Ular olamga boqib, boshqalar ilg‘amayotgan narsalarni ilg‘aydilar va yozalar. Shu bilan ma’rifatga birinchi qadamni bosadilar. (Bu yerda ma’rifat deganda Allohni tanish ma’nosini nazarda tutyapman - Akrom Malik)

Ammo juda katta qism adiblar shu darajadan yukoriga yuksalmaydilar. Yozish ularning yagona maqsadiga aylanadi. Ular insonning turfa qirralarini qalamga olishadi. Uni o‘qiganlar ham ma’rifatning ilk bosqichi kishilaridir. 

Badiiy asarda insonning ruhiy iztiroblari, insonning taqdir qo‘lida zaifligi; jamiyat fojiasi, ijtimoiy-siyosiy evrilishlar, tarixiy silkinishlar; tuganmas qayg‘u, hayotdagi dahshatli ma’nisizliklar aks etishi mumkin. 

Kitobxon o‘z olamidan kitobdagi olamga ko‘chib o‘tishi ham mumkin. Kitobxon kitobda o‘z fojiasini ko‘rib, ana shundan lazzat olishi ham mumkin. Adabiyotshunos kitobni ming chig‘iriqqa solib tahlil etishi ham mumkin - bundan qanday naf? 

Men uchun bu jarayonlarning hammasi bir joyda depsinish yoxud o‘rgimchak to‘rida o‘ralib yotishdir. 
Lekin muhim ikki nuqtani unutmaslik kerak edi va men buni unutmadim: birinchidan, adabiyot insonning o‘zini anglash ehtiyojidan tug‘iladigan hodisadir; ikkinchidan, adabiyot haqiqatni ham, yolg‘onni ham yetkazishdagi muhim vositadir.

Ulkan adiblar, orif qalbli ijodkorlar buni yaxshi bilishgan. Shuning uchun ularning asarlari Mutlaq Haqiqat - Qur’on va hadisga yetaklovchi yo‘l yoxud hidoyatga chorlovchi da’vatdir. 

Shayton izmidagi yozuvchi va shoirlarning kitoblari shayton vasvasasidan boshqa narsa emas. 
Turkiy adabiyot namoyandalaridan Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, So‘fi Olloyor, Huvaydo kabi shoirlar o‘z asarlari vositasida odamlarga Haqni tanitishni qasd etishgan. Ular, albatta, asarlarining muqaddimasida o‘z niyatlarini aniq bildirishgan. 

Masalan, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, undagi "Farhod va Shirin" dostonida ijtimoiy yoki siyosiy hayot, xalqning maishiy turmushidagi muammolarni yoritish maqsadi yo‘q, "Xamsa"ning besh dostonida tasavvufdagi musulmon Allohni qanday ruhoniy tarbiya va yo‘llar ila tanishi ramziy uslubda tushuntirilgan.

Shuning uchun, asarga munosabat bildirishda shoirning muddaosini unutmaslik lozim. 

Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romani ham o‘z yo‘nalishi va aniq maqsadiga ega asarlardan biridir. Asarda adib ikki oila orasidagi (Yusufbek hoji va Mirzakarim qutidor oilasi) muammo va munosabatlarni ko‘rsatish orqali xalqimiz hayotidagi fojiani anglatgan.  Romanda barcha tasvirlar real chizilgan. Bugun ham u asarda zamonaviy turmushimiz haqiqatlarini topa olamiz. 

Kitobxon o‘laroq bir kitobni o‘qishga kirishar ekanmiz, asarning maqsad-muddaosini aniqlab olish muhimdir. Adibning aytayotgan So‘zi munosabatimizni belgilaydi. Adibning maqsadini tushuna olmasak, uni inkor yoki qabul qilish masalasida sukut saqlash kerak. Ahamiyatli bo‘lsa, asardan qanday maqsad ko‘zlanganini aniqlang. 

Basharti, behad mohirona yozilgan asarda biror g‘oya yo‘q, g‘oyasizlik uning g‘oyasidir deyishsa, uni tark eting. 

G‘oyasizlik g‘oyasi shaytonning yo‘li bo‘lib, uning asosi tushkunlik va kufr halokatidir.

2020 yil, 8 may

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан