Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Islom Davlati”ning a’zosi deb ko‘rilgan erkak Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi chegara hududda qolib ketdi
14.11.2019 14:04,  
335

AQSh fuqarosi, “Islom Davlati”ga a’zolikda gumonlangan sobiq jangari Turkiya uni o‘z hududidan chiqarib yuborganidan keyin Gretsiya va Turkiya chegaralari orasidagi oraliq hududda qolib ketdi.

Jangarilikda gumon qilingan bu erkak dushanba kuni Turkiya qamoqxonalarida ushlab turilgan sobiq jangarilarni o‘z mamlakatiga qaytarish harakati boshlangach, deportatsiya qilindi. Ammo grek chegarasidan o‘tmoqchi bo‘lganida chegara yaqinidagi Kastaniyes shahri politsiyachilari uni ortga qaytargan.

Turkiyaning Demiroren Axborot Agentligi ismini Muhammad Darvish deb keltirgan erkak tunni ikki davlat chegarasi orasida o‘tkazgan. U asli kelib chiqishi Iordaniyadan bo‘lgan AQSh fuqarosi ekanligi aytilgan.

Turk rasmiylarining AFP agentligiga aytishicha, Muhamaad Darvish AQShga qaytishdan bosh tortib, o‘zini Gretsiyaga jo‘natishlarini so‘ragan. U ikki davlat o‘rtasida qolib ketganidan keyin Turkiya tomonidagi muxbirlar bilan bog‘lanishga uringan.

Suriya va Iroqda yirik hududlarni nazorat qilib kelgan “Islom Davlati” mag‘lubiyatga uchrar ekan, unga tegishli sobiq jangarilarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish masalasi kun tartibiga chiqqan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat qamoqxonalarida 2 500 dan ortiq sobiq jangari borligini aytadi.

Jorj Vashington Universiteti Ekstremizmni o‘rganish dasturi ma’lumotlariga ko‘ra 2012 yildan buyon 82 amerikalik jangari guruhlarga qo‘shilish uchun xorijga chiqib ketgan. Ulardan 19 kishi – 15 erkak va 4 ayol ortga qaytgan, 13 kishi sudlangan.

AQSh Davlat Departamenti vakili “AQSh fuqarolari tutib turilgani haqida turk rasmiylaridan ma’lumot olingani” haqida aytgan. Ammo maxfiylik siyosatiga ko‘ra ortiqcha izoh bermagan.

“Islom Davlati”ga qarshi 2019 yil mart oyida Suriyaning Bag‘uz shahrida bo‘lgan so‘nggi jangdani keyin bu tashkilotning minglab jangchilari va ularning yaqinlari qamoq lagerlarida tutib turilibdi. O‘tgan yillar davomida ID jangchilarini hibsga olib kelgan Turkiya qamoqxonalaridan ham ularning soni 2 000 ga yetib qolgan.

Turkiya, Iroq va Kurd muxtoriyati rahbarlari Yevropa va G‘arb o‘zining IDga kelib qo‘shilgan fuqarolarini ortga qaytarishini istaydi. Turkiya ayni kunlarda boshlagan jarayon ham shu istak bilan bog‘liq.

Turkiya yana kimlarni deportatsiya qilyapti?

Turkiya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra IDga mansub deb ko‘rilgan bir daniyalik ham dushanba kuni mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Daniya rasmiylariga ko‘ra u Kopengagen aeroportiga qo‘nishi bilan hibsga olingan.

Germaniya ham o‘z fuqarolaridan biri Turkiyadan chiqarib yuborilganini aytgan.

Turkiya yana 20 nafar yevropalik, jumladan, 11 nafar Fransiya, ikki nafar Irlandiya, va bir necha nafar Germaniya fuqarosi o‘z davlatlariga qaytarilishini kutib turganini aytgan.

Ammo Turkiya rasmiylari bu odamlarning Suriya yoki o‘z hududlarida qo‘lga olingani haqida hech narsa demagan.

Shu yilning oktyabr oyida Turkiya harbiylari Suriya chegarasidan o‘tib, kurdlarning Suriya Demokratik Kuchlariga (SDF) qarshi amaliyotlar boshlaganida ID a’zolari va ularning oilalarini hibsga olgan edi.

Ayni vaqtda, SDF o‘ziga qarashli hududdagi 7 ta qamoqxonada “Islom Davlati”ning 12 000 jangchisini ushlab turganini, ularning 4 000 nafari xorijlik ekanini aytib keladi.

Shuningdek, ID a’zolarining yaqinlari ham Suriya shimoli-sharqidagi qamoq lagerlarida tutib turilgan bo‘lib, ularning eng yirigi bo‘lgan Al-Hol lagerida 70 000 kishi bor.

Fuqaroligi bekor qilinganlar

Germaniya, Daniya va Buyuk Britaniya jangari guruhlarga qo‘shilganlikda ayblangan fuqarolarini ortga qaytish imkoniyatidan mahrum qilish uchun ularning fuqaroligini bekor qilgan. Biroq Turkiya har qanday holatga qaramay yevropalik sobiq jangarilarni o‘z mamlakatiga qaytarishga tayyorlanayotganini aytadi.

“Endi dunyoda yangi uslub paydo bo‘ldi: o‘z fuqarolaridan voz kechishyapti. Ular jangarilar qayerda ushlangan bo‘lsa, o‘sha yerda sud qilinishi kerakligini aytishyapti. Kechirasiz-u, bu xalqaro huquqning “yangicha shakli” va uni qabul qilib bo‘lmaydi. Biz “Islom Davlati” tashkiloti a’zolarini ularning fuqaroligi bekor qilingan-qilinmaganidan qat’i nazar o‘z mamlakatlariga qaytaramiz ”, degan Turkiya Ichki Ishlar vaziri Sulaymon Soylu.

Ayni paytda, Germaniya Ichki Ishlar vazirligi “Germaniya fuqarolarining ortga qaytishiga to‘sqinlik qilmoqchi emasligi”ni aytib chiqqan.

Germaniya Tashqi Ishlar vazirligi esa hozirda Turkiyada ushlab turilgan kamida uch erkak, besh ayol va ikki yosh bolani ortga qaytarish uchun qonuniy harakatlar ketayotganini bildirgan.

Dushanba kuni Niderlandiya sudi “mamlakat IDga qo‘shilgan niderland ayollarining bolalarini ortga qaytarishi shart”, deya hukm chiqargan. Ammo bu ayollarning o‘zini qaytarish majburiy emasligini aytgan.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Niderlandiya fuqaroligiga ega 23 ayol va 56 bola Suriyadagi qamoq lagerlarida tutib turilibdi.

Fuqaroligi bekor qilingan IDning sobiq a’zolarini Turkiya qanday qilib ularning yurtiga qaytarmoqchi ekanligi hozircha noma’lum.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан