Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Istanbulda “Oq dubulg‘alilar” tashkiloti asoschisi Jeyms Le Mezyurening jasadi topildi
12.11.2019 10:47,  
368

Istanbulda sobiq britan harbiysi, Suriyadagi “Oq dubulg‘alilar” nohukumat tashkiloti asoschisi Jeyms Le Mezyurening jasadi o‘zi yashab kelgan uy yaqinidan topilgan. O‘lim sababi hozircha ma’lum emas.

Bi-bi-Siga “Oq dubulg‘alilar”ning bir ko‘ngillisi xabar berishicha Mezyurening jasadini mahalliy vaqt bilan 04:30 da Mayday Rescue Foundation tashkilotining idorasi joylashgan ko‘chada ko‘rib qolishgan. Uni birinchi bo‘lib ko‘rgan mahalliy masjid xizmatchisi politsiyaga telefon qilgan.

Turk OAVning xabarlarida britaniyalikning oyog‘i va bosh suyagi singani aytilgan.

Mezyurening do‘sti, “Shifokorlar olov ostida” tashkiloti rahbari Hemish de Bretton-Gordon jurnalistlarga “Oq dubulg‘alilar”ning ishi davom etadi. Bu fojea. U Suriyadagi insonparvarlik vaziyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan sanoqli kishilardan biri edi”, degan.

"Oq dubulg‘alilar" ko‘ngilli qutqaruvchilardan tashkil topgan guruh

“Oq dubulg‘alilar” kim?

“Oq dubulg‘alilar” 2012 yili Suriyada, Suriya isyonchilari nazorat qilayotgan hududlarda tashkil topgan ko‘ngilli qutqaruvchilar jamoasi.

2012-2013 yillarda bu tashkilotga Yevropa davlatlari, Turkiya, Yaponiya, AQSh va ko‘plab nohukumat tashkilotlar pul, ta’minot, texnika, dori-darmon bilan yordam bergan, uning a’zolarini o‘qitishga ko‘maklashgan.

2014 yili qutqaruvchilar jamoasi sobiq britan harbiylari qo‘l ostida “Suriya fuqaro mudofaasi (Syria Civil Defence – SCD)” umummilliy tashkilotiga birlashgan. “Oq dubulg‘alilar” esa ularning norasmiy nomi bo‘lgan.

“Oq dubulg‘alilar” tashkiloti ko‘ngillilari turli hisob-kitoblarga ko‘ra Suriyadagi nizolar mobaynida o‘n minglab kishilarni o‘limdan qutqarib qolgan.

2016 yili Le Mezyure Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlangan. U 2017 yili Huffington Post nashriga bergan intervyusida “Garchi “Oq dubulg‘alilar”ga o‘zim asos solgan va u qanday faoliyat boshlaganini ko‘rgan bo‘lsam ham u 100% suriyaliklarga tegishli tashkilot bo‘lib qolaveradi. Ular har kuni favqulodda vaziyatlarda ish olib borishidan, bu erkaklar va ayollar o‘z oilalari va jamiyatlari uchun hayotlarini xavf ostiga qo‘yib ishlashidan men faxrlanaman. Bu odamni ruhlantiradi”, degandi.

2016 yili “Oq dubulg‘alilar” jasurligi, tinch fuqarolarni qutqarish kabi insonparvarlik ishlaridagi ishtiroki sababli “To‘g‘ri hayot tarzi uchun” mukofoti bilan taqdirlangan. Xuddi shu yili tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodi taqdim etilgan.

Nima uchun ularni yoqtirishmaydi?

“Oq dubulg‘alilar”ning rahbari sobiq britan harbiysi ekanligi va bu tashkilot rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Britaniya, Daniya, Niderlandiya, Germaniya davlatlari, shuningdek, AQShning USAID tashkiloti tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi uning tanqidchilari uchun tashkilotni G‘arbga ishlashda ayblashga yetarlidir.

Bashar Asad nazoratidagi matbuot, shuningdek, Rossiya, Eron va boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalarida “Oq dubalg‘alilar” Suriyadagi holatni buzib ko‘rsatyapti, Asad va Rossiya aviatsiyasi tinch aholini bombalab, kiyoviy gaz hujumi uyushtirdi, deya yolg‘on ma’lumot beryapti” mazmunidagi ko‘plab xabarlar nashr etilgan. Vaholanki, “Oq dubulg‘alilar” xabar qilgan ko‘plab tinch aholiga hujum holatlari boshqa kuzatuvchilar va xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan.

“Bashar Asad va Rossiya Suriyada amalga oshirgan ommaviy qatllarni inkor etadi. Ular biz xabar bergan voqelik va haqiqatni buzib ko‘rsatishga intiladi”, deb izoh bergandi o‘tgan yili “Oq dubulg‘alilar” a’zosi Ammor As-Salmo.

Bundan tashqari, Bashar Asad va uning ittifoqchilari Rossiya hamda Eron “Oq dubulg‘alilar”ni terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda ham ayblagan.

O‘tgan hafta Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra “Le Mezyure muqaddam MI-6 britan razvedkasida ishlagan. U Kosovoda ishlagan paytida ham terrorchilik guruhlari bilan aloqalari bo‘lgani haqida xabar qilishgan”, deb bayonot bergandi.

“Oq dubulg‘alilar” faoliyati raqamlarda

– bu guruh 2014 yilda tashkil etilgan, uning a’zolari ko‘ngillilardan iborat;

– guruh bayonotlarida ular Suriyadagi fuqarolar urushi davomida 100 000 dan ortiq kishining hayotini saqlab qolgani bildirilgan;

– qutqaruv amaliyotlari asnosida guruhning 252 a’zosi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq a’zosi jarohatlangan;

– “Oq dubulg‘alilar” nomzodi 2016 yili Nobel mukofotiga taqdim etilgan;

– guruh a’zolari o‘zlarining betaraf mavqedaligi, hech qanday siyosiy maqsadlarga ega emasligi, musibatga uchragan odamlar ziddiyatning qaysi tomonida bo‘lishidan qat’i nazar ularni qutqarish o‘z vazifalari ekanligini aytadi;

– bu guruh bomba hujumi, jang harakatlaridan keyin xarobalar ostidagi odamlarni qutqarishdan tashqari qayta tiklash ishlari, uzilgan elektr simlarni ulash va binolarning xavfsizligini tekshirish bilan ham shug‘ullangan;

– Suriya hukumati “Oq dubulg‘alilar”ni terrorchi guruh deb hisoblaydi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан