Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Komendantlik soati qachon joriy etiladi?
20.03.2020 18:08,  
2437

Hatto SSSR davrida yopilmagan masjidlarda bugun juma namozi o‘qilmaganining o‘ziyoq koronavirus tahdidining naqadar kattaligini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston hukumati virus tarqalishining oldini olish uchun chegaralarni to‘sdi, ommaviy tadbirlarni to‘xtatdi va ta’lim dargohlarini ta’tilga chiqardi. Internet xizmatlar aholini uyda o‘tirishga chorlash uchun turli aksiyalar qilmoqda, televideniye esa onlayn darslar va qiziqarliroq ko‘rsatuvlar yordamida barchani qiziqtirishga urinmoqda. Maqsad bitta: odamlarni karantin qoidalarini saqlashga chaqirish, ko‘chaga chiqarmaslik. Ammo...

Ammo, mening nazarimda, bu choralar samara bermayapti. Televideniye va saytlar koronavirus haqidagi xabarlar va ogohlantirishlarga qanchalik to‘lib-toshmasin, tumanlardagi aholi xavf ko‘lamini yetarlicha his etmadi, deb o‘ylayman. QFY markazlariga yopishtirilgan COVIDdan saqlanish to‘g‘risidagi rangli bukletlarni o‘qib ko‘rgan odamning o‘zi sanoqli, amal qilayotganni esa o‘zi yo‘q. Agar katta shaharda yashamasangiz (yashasangiz ham), atrofingizdagilarning gigiyena qoidalariga qanchalik rioya etishayotganiga diqqat qiling. Bir martalik niqobni bir kun o‘ngini, ertasiga teskarisini taqib ishga chiqishmoqda. Niqob kasallikdan saqlanish uchun emas, kasallik tarqatmaslik uchun taqilishi haqida tushuncha ko‘pchilikda yo‘q. Choyxonalar avjida. Ayollaru erkaklar “gap”u “gashtak”lardan tanaffus qilgani yo‘q. Ko‘pincha, antisanitariya sharoitida ishlovchi tayyor va tezpishar ovqat sotuvchilarining qo‘lqopsiz qo‘li qo‘liga tegmaydi. Tiqilinch bozorlarda niqob taqqan odamning o‘zi kam.

Kecha o‘z hududimdagilarga koronavirus haqida ogohlantirish berib, xavf haqidagi tushunchalari bilan qiziqdim. Keling, javoblarni sizga havola qilay.

  • - Qo‘ying, bizga kelmasin, munaqa narsalar bilan qo‘rqitmang.
  • - Qirq yil qirg‘in bo‘lsayam ajali yetgan o‘ladi.
  • - Biz uyda o‘tirsak, tirikchilik nima bo‘ladi?
  • - Musulmonlarga yuqmayapti, deyishovdi-ku.
  • - Koronavirus hech gapmas, tahoratda yursang bas.

Afsuski, koronavirus tufayli Xitoy bir oy oldin ulkan shaharni yopgani, Qozog‘iston poytaxtiga hech kimni kiritmayotgani, Yevropadagi yetakchilaridan biri fuqarolarga yaqinlaridan ajralishga tayyor turishni aytgani, katta shaharlarda metrolargacha to‘xtatilgani, krematsiya qilib ulgurmayotganligidan o‘likxonalarda jasadlar to‘lib ketgani, AQSh shtatlari aholisini to‘la karantinga olib uyiga mixlab qo‘ygani, musulmon davlatlar kasallangan murdani plastik qopga solib dafn etayotganidan ko‘pchilik bexabar. Inson tabiati shundayki, yuz chaqirim narida yuzta begonaning halok bo‘lganidan ko‘ra etagiga to‘kilgan choydan ko‘proq tashvishga tushadi. Tibbiy xizmatimizning bu holatida koronavirus bilan kurashish haqida o‘ylasang, yuraging orqangga tortadi.

Xitoydagi “virus o‘choqlari”dan birida yashab tadqiqot olib borayotgan hamyurtimiz, yosh olim, biolog Baxtiyor Sheraliyev hujayra.uz blogida koronavirusga oid fikrlarini muntazam yozib kelmoqda. Uning yozishicha, COVID-19 virusining yuqish ko‘rsatkichi 4ga teng bo‘lib, bu virus yuqtirgan odam unda virus aniqlanguncha 4tagacha odamga yuqtirishi mumkin, deganidir. Ko‘rsatkichlardan xulosa qilinsa, bizda virusni yuqtirganlar yuzga yaqinlashdi (balki undan oshdi). Ularni tezroq aniqlab izolyasiya qilanmasa, har biri yana minimum holatda 4tadan odamga yuqtirishga ulguradi, deb yozadi u.

Endi aholining bari tirikchilik tashvishi bilan ko‘chada, bozorlarga odam sig‘maydigan holatda virus tarqalishini tasavvur qilib ko‘ring. Epidemiya tarqalmasligi uchun, aholi ko‘chishini darhol to‘xtatish kerak emasmi? Bu borada ko‘chaga chiqmaslikka tavsiyalar yumshoq qilib aytganda ish berayotgani yo‘q. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ham kecha gapirdi. Fikrimcha, aholining ko‘chaga chiqishini zudlik bilan cheklash, dorixona va oziq-ovqatdan boshqa savdo rastalarini to‘xtatish, to‘ylarga vaqtincha chek qo‘yish kerak. Shu bilan birga aholining kam ta’minlangan qatlamiga uzluksiz yordamlar tashkillashtirish lozim, chunki kunligini kunda topadiganlar uchun komendantlik soati (aholining ma’lum vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqishini batamom cheklash) og‘irlik qiladi. Ammo tez tibbiy yordam shifoxonasining yo‘lagida nafas yetmay o‘lim bilan olishib yotgandan ko‘ra, uyda non kavshab bo‘lsa-da, sog‘ o‘tirgan afzalroq emasmi? Qaytaraman: faqat va faqat aholi orasidagi kontaktlarni minimallashtirib virus tarqalishini to‘xtatish, yuqoriga o‘rlayotgan chiziqni “tekislash” mumkin.

Bugun bir nechta kishi bilan salomlashdik, bir qancha buyumni ushladik. Virusni o‘zimizga va boshqalarga yuqtirganimizni bilmaymiz. U esa soat sayin tarqalmoqda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан