Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Marg‘ilon bozori va savdogarlari haqidagi mish-mishlar qanchalik haqiqat?
30.09.2022 12:00,  
164

Marg‘ilon shahri haqidagi ma’lumotlar turli manbalarda zikr qilinadi. X asr arab geograflaridan Istaxriy, Ibn Xavqal Marg‘ilonni Quyi Nesya shaharlari jumlasidan ekanligini ta’kidlaydi. Muqaddasiy unchalik katta bo‘lmagan Marg‘ilon shahrida jome’ masjidi bozor o‘rtasida joylashganligi va shahar darvozasi yaqinidan daryo oqib o‘tishini xabar qiladi. X asr oxirlarida Farg‘ona vodiysining siyosiy hayotida yuz bergan o‘zgarishlar natijasida siyosiy sahnaga Qubo shahriga yaqin Marg‘ilon (Marg‘inon) chiqadi.

Marg‘ilon g‘arbni Sharq bilan bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining yoqasida joylashganligi bois tez rivojlandi. XI asrdan boshlab Marg‘ilon Farg‘ona vodiysining yirik shaharlaridan biriga aylandi. Natijada shahar rabod (shahar atrofidagi hudud)lar hisobiga kengaydi. Bu yerda hunarmandchilikning barcha turlari intensiv rivojlandi va marg‘ilonlik savdogarlar xalqaro savdoda faol qatnashdilar. Shaharda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot har tomonlama rivoj topdi. XI-XII asrlarda buyuk olimlar, donishmandlar va hunarmandlar vatani bo‘lgan Marg‘ilon Markaziy Osiyoning eng mashhur shaharlaridan biri sifatida tanildi. Marg‘ilonning o‘rta asrlarda islom ilmlari markazi sifatidagi shuhrati barchaga ma’lum.

Bu yerdan yetishib chiqqan faqihlar, muhaddislar, mufassirlarning ilmiy salohiyati nafaqat mintaqa va Movarounnahr miqyosida, balki butun Islom olamida e’tirof etilgan. Marg‘ilonda bir davrning o‘zida yetmishdan ortiq “Mavlono” rutbasini olgan allomalar yashab o‘tganligi uchun ham “Sunduqul orifiyn” – Alloh taoloni dili bilan tanigan – orif zotlar makoni deb ta’riflangan. “Qomus al a’lom”da “Marg‘ilon o‘zining ulamolari, shoiru mashoyixlari va qadimiy osori atiqalari bilan mashhur bo‘lgan shaharlar jumlasidandir”, – deya ta’kidlanadi. Fiqh ilmi taraqqiyotida o‘zining xos uslubi bilan alohida iz qoldirgan Burhonuddin al-Marg‘inoniydek allomani dunyoga keltirgan bu shaharning ilmiy an’analari hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydi.

Bu an’ana so‘nggi ikki yuz yillikda ham davom etdi. Har bir davr o‘z kechmishiga, tarixiy silsilasiga ega. Garchi davrlararo ma’lum bir umumiy mushtaraklik hukm sursa ham, biroq har bir zamon va fursatlarning o‘ziga xos, qaytarilmas, boshqa davrlarnikiga o‘xshamaydigan jihatlari bo‘ladi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Marg‘ilon muhiti uchun tarixan unutilmas bir davr bo‘ldi. O‘sha davrlarga oid xotiralarda Marg‘ilondagi ilm ahli xususida so‘z yuritilganda “to‘lib-toshgan” degan iborani keltiradilar. Abdurahmon Fahmiyning “Ta’rifi Marg‘inon jannat nishon” masnaviysida ham Marg‘ilon shahri va uning xalqining ba’zi fazilatlari, jumladan namozu ro‘za va ehsonda sobitligi, zakovat fahmi donishvar ekanligini tilga olish barobarida bozoridagi holatga ham quyidagicha ta’rif beradi.

Ki, bu shahri xafa birla g‘ami yo‘q.

Badavlatdur, tiriklikdan kami yo‘q.

 Bozor ichra, hama rangin do‘konlar.

 Matoi la’lu dur, olmos konlar.

 Olurlar sotadurlar, jinsi har chiz,

 Dili jonparvaru, joni diloviz.

Qilur o‘g‘ri qaroqchi, posbonliq,

 Qilur qo‘y ichra, bo‘rilar sho‘bonliq

XX asrning boshlarida Marg‘ilonning katta savdo bozorida yong‘in chiqib, barcha do‘konlar moli bilan kuyib ketadi. Yong‘in shahar aholisi, savdogar-tijoratchilari hayotiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Bu kabi voqealarga befarq bo‘lmagan zamon ziyolilari unga ta’rixlar yozadilar. Aytishlaricha, o‘shanda bozordagi barcha do‘konlar yonib ketgani holda Mirhojiboy ismli savdogarning do‘koni yonmay qoladi. Bu bilan bog‘liq voqealarni Mirhojiboyning avlodlaridan biri Tursunboy hoji ota shunday hikoya qiladi: “O‘shanda bobom xufton namoziga tahorat olayotgan paytlari ekan. Birdan nabiralari ko‘chadan yugurib kelib bozorga o‘t ketganini hamma eshitganlar molini saqlash uchun yugurib ketishayotganini aytadi.

Lekin bobom xotirjamlik bilan tahorat oladilar va bolaga “o‘zingizni bosing, Allohning va’dasi haq bo‘lsa molimizga o‘t ta’sir qilmaydi, uni o‘rniga tahoratingizni qilib, namozingizni o‘qing”, deydilar, keyin esa “mollarning zakoti ado qilingan, men Parvardigor va’dasiga ishonaman”, deb qo‘shib qo‘yadilar. Ertasiga bomdod namozidan keyin ko‘p qatori bozorga do‘konlardan xabar olgani boradilar. Yo‘lda boy otani kishilar do‘konlari yonmay qolgani haqidagi xushxabar bilan kutib oladilar. Kelib qarasalar haqiqatdan ham do‘kon yonmagan edi. Eng qizig‘i, do‘kon ichida boshqa bir kishining chakmoni bo‘lib faqat uning o‘zigina yongan edi.

 

Mirhoji boy molning zakoti berilgan, deganda nimani nazarda tutgan edi?

 

Imom Bayhaqiy “Shu’ab ul-imon”da, Tabaroniy “Mo‘’jam ul-kabir”da keltirgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mollaringizni zakot berish bilan qo‘rg‘onga olinglar”, deganlar. Imom Munoviy ushbu hadisning sharhida zakoti berilgan mollar quruqlikda ham, suvda ham talafotga uchramasligini aytgan. Ma’lum bo‘lmoqdaki, Mirhoji boy taqvoli, diyonatli, halol savdogar bo‘lgan. Biz uning shaxsiga qiziqdik va quyidagi ma’lumotlarni topishga erishdik. Mirhoji boy 1836 yilda tug‘ilib 1924 yilda 88 yoshida vafot etgan. Marg‘ilondagi “Tosh tushgan” masjid yonidagi qabristonga dafn qilingan. Po‘stindo‘z mahallasida istiqomat qilgan. Ular oilada uch o‘g‘il – Mirhoji boy, Mirtoji boy, Mirbobo boy ismli aka-ukalar bo‘lishgan. Otasi “Qobiljon boobro‘” nomi bilan mashhur bo‘lib, shahardagi bo‘z rastasining boshlig‘i bo‘lgan. Marg‘ilondagi Mo‘yi muborak – Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak soch tolalari uning qo‘lida saqlangan. Chit savdosi bilan shug‘ullangan Mirhoji boyni Marg‘ilon bozorida do‘koni bo‘lgan. Nihoyatda saxovatli, himmati baland olijanob kishi bo‘lgan. Har yili Ramazon oyida bir oy davomida zakot molini tarqatgan. Mavlud oyida katta mavlud anjumanlari tashkil qilgan. Ilm ahli va ulamolarga qattiq muhabbatli kishi bo‘lgan. Ayniqsa, marg‘ilonlik ulamo Xonaqohiy Hazrat Domlaga ayricha muhabbat qilgan. Bir gal katta ziyofat uyushtirib madrasaning ustoz va talabalarini mehmon qilgan. Bir yili shahardagi barcha masjidlarga zaruriy jihozlar olib bersa, boshqa bir yili barcha ulamo va talabalarga bepul kitob tarqatar ekan.

Ulamolarga beradigan kiyimlikka qo‘shib, malol kelmasin, deya chevar puli bilan igna-ipini ham berishi ibratli. Bu ehsonda ularning bolalarini ham esdan chiqarmagan. Boyning eng ko‘p takror qiladigan so‘zi: “Shukronayi ne’mat – ziyodayi davlat”, degan so‘z bo‘lgan. Mavzu XX asrning boshlarida bo‘lib o‘tgan voqea – Marg‘ilon bozorining kuyishi bilan bog‘liq ekan, ibrat sifatida ayni jarayonda bo‘lib o‘tgan yana bir voqeani eslab o‘tishni lozim topdik. Naql qilishlaricha, avval qishloqlik Ermuhammadboy nihoyatda kamtar inson bo‘lib, doimo urinib qolgan chopon va eski chorig‘da yurgan ekan. Kunlardan birida u chorikorlari bilan birga Marg‘ilon bozoriga to‘rt arava pichanni sotgani olib boradi. Ular bozorga kirib borishganida, kutilmaganda, bozorda kuchli yong‘in boshlanadi. G‘ala-g‘ovur ichida kimdir boyning pichan ortilgan aravalari ustiga bir sanoch (to‘rva xalta)ni irg‘itib yuboradi. Yong‘in o‘chib, xavf bartaraf etilganidan so‘ng, Ermuhammadboy bu sanoch kimniki ekanligini surishtiribdi. Lekin sanoch egasi topilmagach, boy o‘z ismi va manzilini aytib, ortiga qaytadi. Uyiga qaytishgach, boy sanochni omborga qo‘yib, egasi kelmaguncha unga tegmaslikni buyuradi. Oradan to‘rt yil vaqt o‘tsa ham egasi kelmagach, o‘sha sanochni ochib qarashsa, sanoch to‘la oltin tangalar emish. Shunda boy Marg‘ilonga kelib, to‘rt yil avval topilgan sanochni eslatadi. Lekin hech kim ul sanochga da’vogar bo‘lib kelmaydi. Oradan yana qirq kun o‘tib, boyning tushiga o‘sha vaqtlarda yashagan shohimardonlik Oq Eshon ismli bir munavvar zot kirib, o‘sha sanochdagi oltinlarga Xojam Podshoh mozoriga ziyoratga keluvchilar uchun masjid qurish lozimligini aytadi. Ermuhammadboy, tush ta’biriga ko‘ra, Avval qishlog‘ida joylashgan Xojam Podshoh tepaligi yoniga muhtasham masjidni barpo etadi.

 

Nodirjon ABDULAHATOV,

tarix fanlari nomzodi,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktorant.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан