Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Nega xalq ta’limi mudirasi biron marta ham karantin qoidalarini zikr qilmay, o‘quvchilarni aynan masjiddan to‘sish haqida gapirdi?
15.09.2020 16:18,  
1359

Kecha kunduzi ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudirasining «barcha direktorlar, juma namozi o‘qiladigan masjidlarga borib o‘quvchingizning u yerga bormasligi uchun chora ko‘ring» mazmunidagi audiosi tarqalgan edi.

G‘ijduvonda xalq ta’limi mudirasi direktorlarga tahdid qilib, bolalarni masjiddan qaytarishga buyruq berdi (audio)

Tun yarmiga borganida Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi bu audioga munosabat bildirdi:

"Ushbu audiomaterial bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganishlar olib borildi.

...Tuman mudirasi tomonidan pandemiya davrida an’anaviy shakldagi faoliyatga o‘tgan va o‘tishi rejalashtirilgan maktablar o‘quvchilarining salomatligini asrash, ularning xavfsizligini ta’minlash, odamlar gavjum bo‘lgan joylarda yurishlarining oldini olish, qolaversa, o‘quvchi-yoshlarning masjidlarga otasi, bobosi va yoshi katta yaqin qarindoshlari bilan borishi, yolg‘iz bormasligiga chaqirish maqsadida voyaga yetmagan o‘quvchi-yoshlarning salomatligini o‘ylagan holda bunday ko‘rsatma berganligi aniqlandi. Uning bu xatti-harakatlarida mamlakatimizda belgilangan diniy erkinlik huquqlariga to‘sqinlik qilish maqsadi yo‘q, bu faqat o‘quvchi-yoshlar xavfsizligini ta’minlash uchun qilingan ehtiyotkorlik chorasi xolos" - deyiladi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bayonotida.

Doimgidek, bu munosabatda tuturiqsizlik va odatdagi rasmiy hisobotlarda bo‘lganidek kerakli mavzu qolib boshqa tomonlarga o‘tilgani ko‘rinib turibdi. Ya’ni, mudiraning buyrug‘idan kelib chiqqan quyidagi savollarga javob yo‘q:

1. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi o‘quvchilarning maktabdan tashqaridagi hayotini nazorat qilishga qonunan qanchalik haqqi bor?

2. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasiga o‘z vakolatidan chetga chiqib direktorlarni masjidlar nazoratiga safarbar qilishi qaysi qonun yoki ichki hujjatlarga mos keladi?

3. Tuman xalq ta’limi mudirasi o‘z audio buyrug‘ida ochiq-oydin qilib «o‘sha masjidlarda bitta o‘quvchingizni ko‘radigan bo‘lsam, birortangizni kechirmayman», deb tahdid qilgan. Pedagogik faoliyatga umuman aloqasi bo‘lmagan shaxsiy topshiriq uchun tahdid qilish qonunga zid emasmi?

4. Agar Buxoro viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining karantin qoidalari haqidagi iddaosi yolg‘on bo‘lmay, haqiqatga biroz bo‘lsa ham to‘g‘ri kelsa, unda nega G‘ijduvon tuman xalq ta’limi mudirasining qariyb 40 soniyalik audio buyrug‘ida biron marta ham karantin qoidalari zikr qilinmay, o‘quvchilarni aynan masjiddan, ibodatdan to‘sish haqida gap ketgan: «Siz pedagogsiz, siz uni o‘qituvchisisiz, chiroyli yo‘naltirib, to‘g‘ri tarbiyalab, o‘sha yergacha bormaslik chorasini ko‘rishingiz kerak».

5. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi «U yerga borgandan keyin, qaytara olmaysiz», deganda aynan nimani nazarda tutgan? U bu gapi bilan «Masjidga boradigan bolalar jinoyatchi bo‘ladi», demoqchimi, yoki Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi munosabatida da’vo qilinganidek, «Masjidga borgan bolalar koronavirusga chalinib o‘ladi», deyishni istaganmi?

Xullas, Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi shoshib-pishib, yarim kechasi e’lon qilgan munosabat mudiraning Konstitutsiyaga zid tahdidini xaspo‘shlashga muvaffaqiyatsiz urinish bo‘ldi. Ammo yuqoridagi savollar hali ham ochiq turibdi.

G‘ijduvon tumani xalq ta’limi mudirasining audiosiga Xalq ta’limi vazirligi va Bosh prokuraturadan rasmiy izoh kutayotgandik – hali ham kutyapmiz. Audioning haqiqiyligini viloyat XTB tasdiqlab bo‘ldi. Endi shu bo‘yicha javob berish qoldi, xolos.

Shu bilan birga Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasidan ham jo‘yali, mudiraning har bir gapiga batafsil javob berilgan rasmiy munosabat kutamiz.

Iltimos, aravani quruq olib qochishni bas qilib, mavzu bo‘yicha aniq izoh beringlar.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан