Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekiston aeroportlarni Rossiya kompaniyasiga “ishonchli boshqaruv”ga bermasligi mumkin
5.12.2019 11:26,  
254

“Kommersant’” nashrining xabar qilishicha, Rossiyaning “Novaport” kompaniyasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida mamlakatdagi bir nechta aeroportlarni qayta qurish borasida o‘tayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Chunki O‘zbekiston hukumati aeroprotlarni 30 yilga konsessiya (sarmoya kiritish evaziga foydalanish) asosida berishga tayyor emas. Mamlakat hukumati allaqachon boshqa sarmoyador qidirishni boshlab yuborgan, dekabr oyi boshida Yaponiyaning Sumitomo Corporation kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazishga ham ulgurgan. Ammo “Novaport” haligacha muzokaralardan chiqmagan va bu masalada o‘z qiziqishini saqlab qolgan. Mutaxassislarning fikricha yapon kompaniyasi ham bundan qisqa muddatga konsessiya olishga rozi bo‘lmaydi.

“Novaport” O‘zbekistondagi Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini konsessiyaga olish shartlariga hozircha rozi bo‘la olmaydi. Muzokara jarayonlaridan xabardor “Kommersant’” manbalariga ko‘ra “Novaport” va O‘zbekistonning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv ikki oy avval bo‘lgan va konsessiya muddati masalasiga kelganda to‘xtab qolgan. “Novaport” aeroportlarni 30 yildan ko‘proq muddatga konsessiyaga olishni istagan, O‘zbekiston tomoni esa bunga mutlaqo rozi bo‘lmaydi.

“Novaport”ni nazorat qiluvchi AEON xolding kompaniyasining egasi Roman Trotsenko “Kommersant’”ga hali O‘zbekiston hukumati bilan muzokaralardan chiqmaganligi haqida aytadi: “Aeroportlarga qiziqish saqlanib qolyapti. Shu bilan birga mamlakat hukumati bu borada o‘zi mumkin deb hisoblagan ishlarni qilishga haqqi bor”.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi O‘zbekistondagi aeroportlarni SSSR qulaganidan keyin to 2018 yilgacha to‘liq nazorat qilgan. Faqat o‘sha vaqtga kelibgina mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways parvozlarni uyushtirishi, Uzbekistan Airports esa aeroportlarni nazorat qilishi haqidagi qarorga imzo chekdi. Uzbekistan Airports kompaniyasi 2019 yil oktyabrda tuzildi. Ochiq manbalarga ko‘ra Samarqand xalqaro aeroportining yillik yo‘lovchi tashish sig‘imi 500 000 kishini tashkil etadi. Namangan va Urganch aeroportlari haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda yo‘q.

“Novaport” O‘zbekiston hukumati bilan 2019 yil may oyidayoq dastlabki hamkorlik shartnomasini imzolagan. O‘shanda “Kommersant’” suhbatdoshlari xoldingning bu loyihada qatnashishi MDHdagi eng yirik aeroportlardan biri – Toshkent aeroportini boshqaruvga olish uchun birinchi qadam bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Konsessiyaga beriladigan birinchi ob’yekt 2022 yili Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitini qabul qiladigan Samarqand shahri aeroporti bo‘lishi kerak edi. Uni qayta qurishga ancha qisqa muddat ajratilgan. Namangan va Urganch aeroportlarini zamonaviylashtirishga esa 5 yil muddat berilgan.

“VTB Kapitala” banki mutaxassisi Yelena Saxnova Samarqand aeroportiga 300-500 million AQSh dollari atrofida sarmoya kiritilishi ehtimoli borligini aytgan. “Kommersant’” suhbatdoshlari bu loyiha xoldingning eng yirik rejalari qatoriga kirganini aytgan, ammo sarmoyaning aniq miqdorini hech kim ochiqlamagan. “Novaport” 2022 yilgacha Novosibirskdagi Tolmachevo aeroportiga 8,4 milliard, Volgograd shahri aeroportiga 4,4 milliard, Kaliningraddagi aeroportga 4,1 millard rubl sarmoya kiritishni mo‘ljallagan.

O‘zbekiston masalasida esa “Novaport”ga kuchli raqobatchilar paydo bo‘ldi. Dekabr oyi boshida mamlakat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tokioda Sumitomo Corporation bilan muzokara o‘tkazdi. “Kommersant’” manbalariga ko‘ra yapon kompaniyasi texnologik imkoniyatlari va xalqaro moliyaviy manbalarga tezroq chiqa olishi bilan ustun. Ammo bu kompaniya “sifatli, biroq uzoq vaqt quradi”. Shuning uchun yaponlar qisqa vaqt ichida katta sarmoya kiritish va kamroq muddatga konsessiya olishga rozi bo‘lmasa kerak.

Yelena Saxnovaning aytishicha, odatda aeroportlarga 10-15 yil davomida sarmoya kiritiladi. Agar yirik loyiha bo‘lsa, bu muddat 15-20 yil va undan ko‘pga ham cho‘zilishi mumkin. “Shu nuqtai nazardan qaraganda “Novaport” talab qilayotgan muddat asosli. Boshqa tomondan esa yaponlar texnologik jihatdan ancha ustun bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан