Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda totalizatorlar: Kim qanday fikrda?
28.11.2019 19:11,  
1416

Esingizda bo‘lsa, shu yilning 14 noyabr kuni 2021 yildan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish nazarda tutilgan qaror loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Shundan so‘ng, Prezidentning yoshlar, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirishni yoqlab chiqdi:

“Bir qancha yillar avval biznikilar Tailand va Gonkongga borib pul tikib kelishgan holatlari ham bo‘lgan. Ikkinchidan, biz dunyoviy davlatmiz. Hozir ko‘pchilik aytyapti, bukmekerlik bu – qimor o‘yini. Kim xohlasa o‘ynaydi. Bu pullarga yaxshi futbolchilarni yetishtirib chiqaradigan maktablar qilsa bo‘ladi. Buning nimasi yomon? Sizlarda bukmekerlik kompaniyasi ochish imkoni bormi? Sizlarda yo‘qmi? Unda menga bu taklifni himoya qilishga yordam beringlar”.

2019 yil iyulida esa, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yangi rahbari, shuningdek ayni vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov O‘FA konferensiyasida so‘zga chiqib: “O‘yinga halollikni olib kirish, totalizator, kelishilgan o‘yinlar kabi tushunchalarni yo‘qotish – bizning birinchi darajali vazifamiz bo‘lishi kerak, men prezident sifatida shunday deb hisoblayman“ - degan edi.

Eng qizig‘i DXX raisi bir necha oy avval totalizatorlarni yo‘qotish haqida gapirgan majlisda, “Buning nimasi yomon?“ degan Prezident maslahatchisi ham qatnashgan edi...

Yaqinda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ham g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yin islomiy tarafdan qimor deyilishini aytib, qimor qattiq qoralangani va gunohi kabira deb hisoblashini ma’lum qildi.

Buning dalillari sifatida Qur’oni Karimning Moida surasi, 90-oyatidan misol keltiradi: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz”.

Shuningdek, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘z sohibiga “Kel, sen bilan qimor o‘ynayman”, desa, sadaqa qilsin”, - deganlar.

Qimor shu qadar jirkanch ish ekanki, kishi hali o‘ynamagan bo‘lsa ham, o‘ynashni taklif qilishi bilanoq gunohkor bo‘lib qolar ekan.

Shuningdek, Sof.uz sayti kolumnisti Jamshid Muslimov totalizator sirtmog‘i haqida shunday mulohazalarni bildirdi:

Totalizator qimori ruhiy kasallikka oson aylanadi, uning nomi – ludomaniya. Totalizator qurboni topgan pulini o‘yinlarda isrof qiladi, oilasini qurita boshlaydi, birovlardan qarz, bankdan kredit olib tubi ko‘rinmas jarlikka qulay boshlaydi. Qimor o‘yinida asosan ijtimoiy va ruhiy zaiflashib qolganlar hisobidan soliq yig‘ish ayni adolatsizlikdir...

Shuningdek, Aziko Madaminov ham bukmekerlikning legallashishiga qarshi ekanligini asosli tarzda tushuntirib berdi:

Totalizatorlarga futbolni rivojlantirish bahona bo‘lolmaydi. Futbolni rivojlantirishni avvalo yaxshi o‘ynashdan boshlash kerak. Bu sport turiga usiz ham keragidan ko‘p pul sarflanmoqda. Natija yo‘q, qimmatga trenerlar sotib olib, pul yuvilmoqda.

Agar biz bu to‘siqni ochib qo‘ysak, birinchi o‘rinda kunini zo‘rg‘a ko‘rayotgan qatlam o‘ynashni boshlaydi, chunki boshida yutib olgandan so‘ng azartga kirishi tabiiy. Quyi qatlam mukkasidan ketishini sababi, iqtisodiy nochorligi va tez boyib ketish motivatsiyasi, oson pul deb uylashidir...

Yuqorida O‘zbekistonda totalizatorga ruxsat berilishiga qarshilarning ham, buning tarafdorini ham fikrlarini keltirib o‘tdik.

Shuningdek, bundan bir necha kun avval saytimizning telegram kanalida “O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga qanday qaraysiz?” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazgan edik.

So‘rovnomamiz bugun yakunlandi, unda jami 2531 nafar muxlislarimiz qatnashdi.

  • Ularning 1288 nafari yoki qatnashchilarning 51 foizi O‘zbekistonda totalizatorlarga ruxsat berilishiga “Umuman qarshi” ekanliklarini bildirishdi.
  • Qatnashchilarning 240 nafari (9 foiz) “biror narsa deya olmasligi“ni ma’lum qilgan bo‘lsa, 255 nafar muxlislar (10 foiz) totalizatorlarga ruxsat berilishiga “qarshi emasliklari“ni ma’lum qildi.
  • Eng yomon tarafi esa, qatnashchilarning 748 nafari (30 foizi) bunday qonunni joriy qilish borasida “hukumat baribir bizni fikrimizni hisobga olmaydi” degan fikrda qolgan.

Yangi qonun loyihalari muhokama uchun qo‘yilsa ham, qo‘yilmasa ham, albatta jamoatchilikning fikri bu boradagi qarashlarini inobatga olish kerak bo‘ladi. Chunki kelajakda bu qonunlarning foydasini ham, zararini ham ushbu xalq totishga majbur bo‘ladi.

Lekin nima bo‘lganda ham, ushbu qonun loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga kiritildi. Siz ham ushbu havola orqali kirib, qonun loyihasiga fuqaro sifatida rasman munosabatingizni bildirishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан