Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Prezident ​Akademik Muhabbat Abidova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
18.08.2020 16:20,  
145

Prezident Shavkat Mirziyoyev va respublika rahbariyati O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhabbat Abidova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. 

Kimyo-texnologiya sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhabbat Abidova 2020 yil 17 avgust kuni 89 yoshida vafot etdi.

M. Abidova 1931 yil 10 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1954 yili O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti (hozirgi Umumiy va noorganik kimyo instituti) aspiranturasida tahsil oldi. 1958 yili nomzodlik, 1975 yili doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti katta ilmiy xodimi, O‘rta Osiyo yoqilg‘idan foydalanish instituti katta ilmiy xodimi, O‘rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy-tadqiqot instituti sektor rahbari, laboratoriya mudiri, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Zahmatkash olimning kimyoviy jarayonlar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalari, patent va mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. Uning katalizatorlar tizimi va kimyoviy jarayonlarga oid bir qator ilmiy ishlanmalari sanoat tarmoqlarida samarali qo‘llanib kelinmoqda. 

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik M.Abidovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Muhabbat Abidovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yo‘ldoshev

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан