Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Senzura kuchli bo‘lgan 10 ta davlat nomi e’lon qilindi (foto)
10.09.2019 18:35,  
619

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) dunyoda senzura eng kuchli bo‘lgan davlatlar reytingini e’lon qildi.

Reyting matbuot erkinligi cheklanganligi, jurnalistlarni qamash, ta’qib qilish, shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqni taqiqlash kabi jihatlar asosida shakllantirilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi reytingining birinchi o‘rnida Afrikadagi Eritreya davlati turibdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bu davlat Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasini (har bir inson axborotni qidirish va olish, o‘z fikrni bayon etish huquqiga ega) eng ko‘p buzayotgan mamlakatdir.

Reytingning "faxrli" 2-3-o‘rinlarini Shimoliy Koreya va Turkmaniston egalladi. Tashkilotga ko‘ra, bu davlatlarda ommaviy axborot vositalari keskin cheklanadi, faqat rasmiy nashrlar tarqatadigan axborotlar ishonchli deb ko‘riladi. Bu vazifani Shimoliy Koreyada Koreya markaziy yangiliklar agentligi bajaradi, barcha nashrlar axborotni shu manbadan olib tarqatadi. Mamlakatda Internetga kirish imkoni deyarli yo‘q, faqat siyosiy elitagina undan foydalanishi mumkin. Biroq bir qator maktablar va davlat muassasalarida Kwangmyong deb atalgan ichki nazorat qilinuvchi tarmoq ishlaydi.

Turkmanistonda ham shunga yaqin vaziyat: mamlakat aholisining atigi 21%i Internetga kirish imkoniga ega. Ammo bu tarmoq qat’iy filtrlanadi, VPN’dan foydalanish taqiqlangan, muxolif va xorijiy saytlarga kirish mutlaqo to‘sib qo‘yilgan, kim bu to‘siqni aylanib o‘tishga harakat qilsa, hukumat tomonidan so‘roq qilinishi ham mumkin.

Ro‘yxatning 4-o‘rni Saudiya Arabistoniga berilgan. Bu mamlakatda 2018 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra 16 jurnalist panjara ortida qolmoqda. Eng yomon misol, shubhasiz, o‘tgan yil oktyabr oyida hukumat tanqidchisi bo‘lgan Jamol Xoshuqjining Istanbuldagi Saudiya konsulligida o‘ldirilishi bo‘ldi. Dastlab, uning o‘limi uchun butun dunyo oyoqqa qalqqandek, uni o‘ldirganlar jazolanadigandek tasavvur paydo bo‘ldi: dunyo bo‘ylab namoyishlar, qoralashlar, mansabdor shaxslarning otashin nutqlari… Ammo oxir-oqibatda hammasi unutilib ketdi.

Jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakatlardan yana biri Xitoy. Bu mamlakatda Internet qat’iy nazoratga olingan: YouTube va Facebook bloklangan, “hammasi ko‘z ostida” bo‘lishi uchun Google qidiruv tizimi o‘rniga Baidu, WhatsApp messenjeri o‘rniga WeChat joriy qilingan. Xitoyga borgan chet ellik sayyohlar Internetda ham “Buyuk Xitoy devori” o‘rnatilgani – ko‘palab saytlarga kirib bo‘lmay qolganini sezishadi. Eng yomon holat Xitoyning g‘arbida joylashgan Shinjon Uyg‘uriston mintaqasida kuzatiladi. Uyg‘urlar ommaviy ravishda tarbiya lagerlariga jo‘natilgani haqida ma’lumot to‘plash uchun kelgan g‘arblik jurnalistlar tinimsiz bosim va to‘siqlarga duch keladi, ularning ortidan kuzatuv olib boriladi.

Ro‘yxatning 6-o‘rnini Vetnam band qilgan. Kommunistik partiya boshchilik qiladigan hukumat barcha bosma nashrlar, radio va televideniyani to‘liq nazorat qiladi. Bir partiyali hukumatni har qanday tanqid qilish imkoniyati cheklangan, 2016 yili qabul qilingan matbuot haqidagi qonunga ko‘ra ommaviy axborot vositalari “partiya, partiya tashkilotlari va davlat organlarining ovozi” bo‘lishi lozim. Gazeta, radio va televideniya muharrirlari nimani yoritish kerag-u, nimani aytmaslik kerakligi borasida hukumatdan ko‘rsatma oladi. 2018 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra kamida 11 jurnalist Vetnam qamoqlarida o‘tiribdi.

“Eng sabrli senzurachilar” ro‘yxatida Eron 7-o‘rinda. Hukumat jurnalistlarni qamoqqa tashlaydi, veb-saytlarni bloklaydi, tinimsiz ta’qib va kuzatuvlar vositasida qo‘rquv muhitini paydo qiladi, hatto ba’zi jurnalistlarning oila a’zolari ham kuzatiladi. Mahalliy OAV davlat o‘rnatgan tartiblarga qat’iy rioya qilishi lozim. Eronda ishlaydigan barcha jurnalistlar rasmiy ruxsatnoma olishi shart; bu ruxsatnoma istalgan paytda bekor qilinishi ham mumkin. Xorijiy nashrlarga o‘z vakolatxonalarini ochishga ruxsat berilgan, ammo ular ham kuchli nazorat ostida saqlanadi. Mamlakatda Twitter, Facebook va YouTube, shuningdek, Telegram va WhatsApp to‘sib qo‘yilgan, ammo VPN orqali kirish mumkin.

Ekvatorial Gvineya ushbu ro‘yxatning 8-o‘rnida. Jurnalistlar nimani yozish-yozmasligini to‘lig‘icha hukumat nazorat qiladi. Barcha ommaviy axborot vositalari ham hukumatga tegishli. 2017 yil noyabrda parlament va mahalliy hokimiyatlarga saylov bo‘layotganida Internet bir kunga uzib qo‘yilgan, Facebook esa saylovdan uch hafta muqaddam bloklangan.

Belarus davlati garchi Yevropaning deyarli qoq yuragida joylashgan bo‘lsa-da, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat bu yerda ham abgor: hukumat amalda barcha ommaviy axborot vositalarini nazorat qiladi, bir qator mustaqil jurnalist va blogerlar ta’qib va hibslarga uchraydi. Hukumat mustaqil axborot agentliklarini cheklashga harakat qilgani sayin yanada ko‘proq belarusliklar ijtimoiy tarmoqlarga o‘rnashishi kuzatilyapti. Internet ustidan nazoratni kuchaytirishga intilgan hukumat 2018 yilda “soxta yangiliklar” haqidagi qonunni qabul qildi.

“Kuchli o‘ntalik”ni Kuba yakunlab bergan.

Oxirgi yillarda vaziyatning ijobiy tomonga o‘zgargani, mobil va Wi-Fi Internet tarmoqlari kengayganiga qaramay Kuba hamon Amerika qit’asidagi matbuoti eng ko‘p cheklangan davlat bo‘lib qolmoqda. Bosma va axborot nashrlari to‘liq birpartiyali kommunistik hukumat nazoratida va “sotsialistik jamiyat qurish uchun xizmat qilishi” shart.

Kubada statsionar Internet 2017 yilda, mobil Internet tariflari esa 2018 yilda paydo bo‘ldi. Ammo bu xizmat aksariyat kubaliklar uchun o‘ta qimmatlik qiladi: 4 gigabayt trafik 30$ turadi. Bu esa mamlakatdagi o‘rtacha oylik maosh degani.

Hukumat tanqidchi jurnalistlarning faoliyatini ta’qiblar, jismoniy va onlayn kuzatish, qisqa muddatga hibsda ushlab turish, uylarda tintuv o‘tkazish va jihozlarni musodara qilish yo‘li bilan cheklab turadi. Tabiiy ofatlarni yoritish eng xavfli mavzulardan sanaladi: 2016 yil oktyabr va 2017 yil sentyabrda mamlakatda yuz bergan dovul natijalari haqida xabar bergan bir qator jurnalistlar hibsga olingan.

Eng kuchli senzura o‘rnatilgan 10 mamlakat ro‘yxatini tuzishda quyidagi omillar hisobga olingan:

– Xususiy yoki mustaqil OAVning yo‘qligi/cheklanganligi

– Axborot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik borligi

– Saytlarning bloklanishi

– Xorijiy kanallarning signallariga to‘siq qo‘yilishi

– Xorijiy muxbirlar faoliyati cheklanishi

– Hukumat tomonidan jurnalistlar kuzatuvga olinishi

– Jurnalistlarning harakati cheklanishi

– Jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish talab etilishi

– Ma’lumotlarni elektron apparatlarga yozib olish va tarqatishga to‘siq qo‘yilishi

– Trolling kampaniyalari

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан