Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Sergelidagi avtomobil bozori Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi
3.07.2020 16:21,  
1564

«Sergeli» avtomobil bozori hududida yangi Car Box Service rusumli avtomobillarga xizmat ko‘rsatish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu qaror prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 may kuni Sergeli va Zangiota tumanlariga bo‘lgan tashrifi davomida davlat rahbari ma’muriyatining protokolidan joy olgani ma’lum bo‘ldi.

Hujjatda qayd etilishicha, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va moliya vaziri Timur Ishmetovga ikki hafta ichida 32,2 million dollarlik Car Box Service loyihasini amalga oshirish uchun hisob-kitoblarni ko‘rib chiqish topshirilgan.

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga «Sergeli» avtomobil bozorini boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklatilgan.

2018 yil mart oyida Sergeli avtomobil bozori («Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozor») Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumaniga ko‘chib o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. «Toshbozorsavdo» uyushmasining ta’kidlashicha, avtomobil bozorining ko‘chishi, bu Sergeli tuman aholisi uchun noqulayliklar, xususan, turar-joylarni shahar markazi bilan bog‘laydigan yo‘lning tiqilib qolishi bilan bog‘liq.

O‘shanda Toshkent shahar hokimligidan berilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Yuqorichirchiq tumanida tayyorgarlik ishlari olib borilgan. «Toshkent viloyatiga ko‘chib o‘tish, albatta amalga oshiriladi, ammo qachonligi noma’lum», — deya xabar bergandi shahar ma’muriyati.

Ishlatilgan avtomobillar va ehtiyot qismlar sotiladigan «Sergeli» avtomobil bozorining maydoni 23,7 gektarni tashkil etadi. Sergeli tumanining sobiq hokimi Nozim Husanov (amaldagi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri) 2018 yil iyun oyida avtomobil bozori tuman byudjetiga yiliga 11 mlrd so‘m daromad keltirishini ta’kidlagandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан