Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkiya Idlibda kimni va nima uchun himoya qilyapti?
3.03.2020 16:36,  
1706

Rasmiy Damashq va Moskva Suriyaning Idlib viloyatidagi “ziddiyatlardan xoli hudud”ga uyushtirilgan hujumni “u yerda terrorchilar o‘rnashib olgani” bilan izohladi. Turkiya esa bu da’voni rad etdi. O‘tgan hafta bu viloyatdagi Turkiya o‘rnatgan harbiy patrul nuqtalariga Bashar Asad kuchlari hujum qilgani oqibatida o‘nlab turk askarlari halok bo‘ldi

Mutaxassislarning aytishicha, Idlib viloyatini asosan Bashar Asadga muxolif bo‘lgan islomiy kuchlar boshqaradi, biroq Turkiya va uning prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ular uchun qayg‘urayotgani yo‘q.

Idlibda aynan qanday kuchlar Bashar Asad va uning ittifoqchilariga (Rossiya va Eronga) qarshi turibdi va nima uchun Turkiya armiyasi bu guruhlar bilan bir tomonda bo‘lib qoldi?

2018 yil sentyabr oyida Sochida o‘tgan anjumanda Rossiya, Turkiya va Eron birgalikda Idlib atrofida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlardan xoli hudud tashkil qilishga kelishib olgan, bu mintaqada Turkiya qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lgan mo‘’tadil, ammo Bashar Asadga muxolif kuchlar sekin-astalik bilan jihodchilardan ustun kelishi ko‘zda tutilgan edi. 

Voqelikda esa hammasi tekarisiga bo‘ldi. 

“Hay’ati Tahrirish Shom”

“Hay’ati Tahrirish Shom” – islomiy kuchlar ittifoqi bo‘lib, u ko‘plab davlatlarda terrorchi guruh sifatida e’tirof etilgan va faoliyati taqiqlangan. Bu guruh nomi “Jabhatun Nusra” qatorida BMTning taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. “Jabhatun Nusra” ham jangarilar tashkiloti bo‘lib, “Al-Qoida”ning Suriya qanoti hisoblanadi.

“Hay’ati Tahrirish Shom” 2017 yil 28 yanvarda “Jabhati Fathish Shom” (sobiq “Jabhatun Nusra” – “An-Nusra fronti”), “Ansoruddin jabhasi”, “Jayshus-sunna”, “Livoul-haq” va “Nuriddin Zenki harakati” guruhlarining ittifoqi sifatida tashkil topgan. Uning tashkil etilgani haqida e’lon qilinishi bilan ko‘plab kichik guruhlar va yakka shaxslar guruhga kelib qo‘shilgan. Ammo guruh tuzilganidan keyingi bir yil ichida “Ansoruddin jabhasi” va “Nuriddin Zenki harakati” undan chiqib ketgan. 2019 yilda bu guruh azolari soni 20 000 kishi atrofida ekani aytilardi.  

“Hay’ati Tahrirish Shom” vakillari o‘z tashkilotlari mutalaqo mustaqil ekanligi va tashqi kuchlar bilan aloqasi yo‘qligini aytib keladi. Biroq ularning raqiblariga ko‘ra guruhning maqsad va g‘oyalari ilgarigidek, o‘zgarishsiz qolgan. “Ular “Al-Qoida” bayrog‘i ostida, “Al-Qoida” usullari bilan harakat qiladi”, deydi Suriya parlamentidagi Bashar Asad tarafdori bo‘lgan deputat Foris Shihobiy. 

BMT 2020 yil yanvarda e’lon qilgan Suriyadagi vaziyat haqidagi hisobotda “Hay’ati Tahrirish Shom” jangchilarining soni 12-15 ming kishi atrofida deb baholangan. U Idlibda Bashar Asad va uning rossiyalik hamda eronlik ittifoqchilari harbiylariga qarshi tura oladigan eng yaxshi jangovar tayyorgarlikka ega kuch hisoblanadi. 

Hali Sochidagi kelishuvlar imzolanayotgan vaqtdayoq “Hay’ati Tahrirish Shom” Idlibdagi eng ta’sirli kuchga aylanib ulgurgan bo‘lsa, undan beri raqiblari bilan bo‘lgan bevosita to‘qnashuvlarda yanada mustahkamlanib bordi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra ayni paytda Idlibning Asad qo‘shinlari egallamagan deyarli barcha hududi “Hay’ati Tahrirish Shom” nazoratiga o‘tgan.

“Hay’ati Tahrirish Shom” bu mintaqada minglab kishilar xizmat qiladigan “qutqaruv hukumati” nomli fuqarolik ma’muriyatini tuzib, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi ham”, deydi mustaqil tahlilchi Ayman Javod At-Tamimiy.

Idlibda bugun Bashar Asad hokimiyati ostida yashashni istamagan uch milliondan ortiq inson to‘plangan, ulardan bir millon nafari bolalardir. Ko‘pchilik insonlar sharoiti abgor qochqinlar lagerlarida yashaydi./GETTY IMAGES 

 

Milliy ozodlik fronti

Milliy ozodlik fronti (MOF) – Turkiya qo‘llab-quvvatlaydigan, moliyalaydigan va qurollantiradigan guruhlar ittifoqi. MOF o‘tgan yili kuzda rasman Suriya milliy armiyasi (sobiq Suriya Ozodlik Armiyasi) safiga qo‘shilgan bo‘lib, u Suriya hududidagi yirik harbiy tuzilmalardan biridir. Suriya milliy armiyasi mamlakat hududida Turkiya harbiylari bilan hamkorlikda kurd tuzilmalariga ham qarshi urush olib boradi.    

AQSh Mudofaa vazirligi MOF va Idlibdagi turklarga xayrixoh boshqa harbiy kuchlar sonini 22 mingdan 50 ming kishigacha deb baholaydi. Shunga qaramay, The Century Foundation tashkiloti tahlilchisi Aron Lund va boshqa ko‘plab ekspertlar Milliy ozodlik fronti “Hay’ati Tahrirish Shom”ga solishtirganda ancha kuchsiz deb hisoblaydi. 

“Ularda hamjihatlik, transport va tashkilotchilik yetishmaydi; yaxshi qurollanishmagan ham. Shunga qaramay, ular o‘zlarini boshqalarning o‘rnini bosuvchi hayotiy kuch sifatida namoyon etadi. Yana bu guruh Turkiyaga yaqin – kelgusida Idlibda nimalar yuz berishi ularga ham bog‘liq”, deydi Lund. 

Boshqalar va xorijliklar

Yuqorida nomi aytilgan ikki ittifoqdan tashqari Idlibda turli xil kichik guruhlar ham bor. 

Ularning ichida eng ko‘zga ko‘ringani – “Hurrosud-din” (“Din himoyachilari”). 2018 yil fevralda “Hay’ati Tahrirish Shom”dan ajralib chiqqan bu guruhni ko‘pchilik “Al-Qoida”ning Suriyadagi o‘rinbosari (yoki bo‘limi) deb hisoblaydi. Shunga muvofiq, ko‘plab davlatlar, xususan, AQSh, Rossiya va boshqalar uni terrorchi tuzilmalar ro‘yxatiga qo‘shgan. 

Tahlilchilarning kuzatuvlariga ko‘ra “Hurrosud-din” ba’zi-ba’zida va zarur bo‘lgan vaqtlarda “Hay’ati Tahrirish Shom” bilan birgalikda harakat olib boradi. BMT mutaxassislari shu yil yanvarda chop etgan hisobotda ularning soni 3 500-5 000 kishi atrofida deb baholangan. 

Bundan tashqari, Idlibda “Hay’ati Tahrirish Shom”ga ittifoqchi bo‘lgan uyg‘ur jangchilari ham bor. Xitoyning Shinjon (Sharqiy Turkiston) mintaqasidan bo‘lgan uyg‘urlar “Turkiston Islom Partiyasi”ga birlashgan. 

Idlibda yana o‘zbek islomiy jihodchilari bor. Ba’zi mutaxassislar bu yerda tojik, chechen va boshqa chet ellik jihodiy guruhlar borligini taxmin qiladi. Ular Suriyaga turli vaqtlarda, 2011 yildan keyingi notinchlik yillarida bu yerda urushish uchun kirib kelgan.

Asad hukumati Idlibda 30-40 ming atrofida xorijlik qurolli kuchlar borligini aytadi. Biroq Mudofaviy tadqiqotlar bo‘yicha Britaniya Qirollik institutidan Rafaello Panuchchining hisoblashicha bu ancha bo‘rttirilgan raqamdir. 

“Ular oilalari bilan qo‘shib hisoblaganda bir necha ming kishidan oshmaydi”, deydi Panuchchi.

Turkiya Idlibda Milliy ozodlik frontini qo‘llab-quvvatlaydi, uni moliyalashtiradi va qurollantiradi./AFP

 

Turkiya nima uchun urushyapti?

Idlibda qurolli islomiy kuchlar va Asad rejimining dushmanlari o‘n minglab kishilardan iborat. Ammo ularning nazoratida bo‘lgan hudud aholisi bundan yigirma baravar ko‘p. 

Suriyadagi fuqarolik urushiga qadar Idlib viloyatining 6 097 kvadrat kilometrlik hududida bir yarim milliondan kamroq aholi yashar edi. Viloyat 5 ta tumandan iborat – Idlib, Ariho, Maarratun-Nu’mon, Jisrush-Shug‘ur va Horim. Idlib viloyati shimoli-sharqda Halab, janubda Hama, g‘arbda Latakiya (Laziqiya) viloyatlari va shimolda Turkiya bilan chegaradosh. 

Idlib Latakiyani Halabdan ajratib turadi. Jisrush-Shug‘urdagi dovon orqali strategik – Suriyaning asosiy port shahri Latakiyani mamlakatning shimoliy poytaxti va eng yirik iqtisodiy markazi bo‘lgan Halab bilan bog‘lovchi M4 yo‘li o‘tgan. Viloyat g‘arbidan Livanda boshlanib Turkiya hududida O‘rta Yer dengiziga quyiluvchi Al-Asi (Oront) daryosi oqib o‘tgan.    

Hozir bu joy “ikkinchi G‘azo Sektori”ga aylangan: viloyat hududining avvalgidan deyarli ikki baravar kichik qismida (viloyatning yarim hududi Asad qo‘shinlari tomonidan egallangan) BMT hisobiga ko‘ra uch millionga yaqin kishi istiqomat qiladi, ularning bir millioni bolalardir.

2019 yil dekabrida Asad qo‘shinlarining ittifoqchilari bilan Idlibga qarshi boshlagan hujumi viloyatda yashab kelayotgan qochqinlarning qariyb bir million nafari Turkiya chegarasiga qarab qochishiga olib keldi.

Bungacha ham Turkiya Suriyadan kelgan 3,7 millionga yaqin qochqinni qabul qilib bo‘lgan va bu dunyoning boshqa davlatlaridagi suriyalik barcha qochqinlar sonidan ko‘p. “Turk jamiyatining qochqinlarga nisbatan oshib borayotgan noroziligi Erdo‘g‘onni “mamlakati bundan keyin boshqa qochqin qabul qila olmasligi” haqida e’lon qilishga majburladi”, deyiladi Financial Times gazetasida chiqqan tahliliy maqolada.  

Idlibda yillar davomida Bashar Asad hukmronligiga qarshi bo‘lgan insonlar to‘plangan. Viloyatning to‘lig‘icha uning qo‘liga o‘tishi bu yerda yashab turganlarga boshqa yo‘l qoldirmaydi va ular ommaviy ravishda yana Turkiyaga kirishga harakat qiladi. Mana shu sababli Erdo‘g‘on Idlib uchun kurashga kirdi. 

Turkiya Erdo‘g‘on boshchiligida Idlibni himoya qilayotganining yana bir muhim sababi bor. Tashqi kuzatuvchilarning yakdil e’tirofiga ko‘ra, bugungi kunda sunniy Turkiya Suriya sunniylarini Asadning shia hokimiyati va uning eronlik shia ittifoqchilaridan himoya qilayotgan yagona kuch bo‘lib turibdi. Bu vaziyatda Erdo‘g‘on yanada kuchli va qat’iyatli yetakchi bo‘lib ko‘rinadi. 

“Millatchi partiyalar Suriya rejmiga harbiy javob qaytarish uchun Erdo‘g‘onga bosim o‘tkazishyapti”, deydi Glazgodagi Kaledoniya universitetidan turk siyosatshunoslari Umut Korkuk va Tark Bashbuko‘g‘lu. 

“Erdo‘g‘onga uning amaldagi ittifoqchisi, o‘ta o‘ng millatchilar yetakchisi bo‘lgan Davlet Bahcheli bosim o‘tkazyapti. U prezidentni Moskva va Damashq bilan munosabatlarda qattiqroq mavqeni egallashga chaqiryapti”, deb tasdiqlaydi Financial Times. 

Ko‘pchilik sharhlovchilarga ko‘ra, bugun Erdo‘g‘on uchun qochqinlar muammosini hal qilish ham, kuchli yetakchi maqomini saqlab turish zarurati ham Idlib va umuman, Suriya bilan bog‘liq muhim masalaga aylangan. Bu o‘z navbatida ichki siyosiy muammolarga yechim bo‘lishi, uning shaxsiy obro‘si oshishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun Idlibdagi vaziyat taqozosiga ko‘ra ittifoqchi bo‘lib qolganlarning mafkurasi va ularning xalqaro ro‘yxatlarda qanday nom bilan qayd etilgani – bular Turkiya prezidenti uchun ikkinchi darajali masala bo‘lib qolganiga shubha yo‘q.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан