Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda nima ishlab chiqargan ma’qul?
22.08.2017 14:36,  
241

O‘zbekistonda ishlab chiqarishning qaysi tarmoqlarini rivojlantirish lozimligini kim va qanday aniqlaydi va bu borada davlatning roli qanday bo‘lishi kerak?

Behzod Hoshimov – iqtisodchi, Medison (AQSh)dagi Viskonsin universiteti biznes maktabi doktoranti. 2016 yil may oyidan Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi. Viskonsin universiteti iqtisodiyot magistri, Singapurdagi Nanyang texnologiya universiteti matematika bakalavri darajalariga ega. Viskonsin universiteti jamoasi vakili sifatida Federal zaxira tizimi tomonidan 2015 va 2016 yillarda o‘tkazilgan monetar siyosat sohasidagi eng yaxshi takliflar tanlovida qatnashgan, deb yozadi «Kommersant.uz».

Aksariyat rivojlangan mamlakatlar jahon bozoriga chiqaradigan o‘z tovar va xizmatlari bilan mashhurdirlar: Shveysariya bank xizmatlari, yapon avtomobillari, Italiya kiyim-kechagi, Singapur moliyaviy xizmatlari. Boshqacha qilib aytganda, muayyan mamlakatlar (yoki jamiyatlar) muayyan tovarlar ishlab chiqarishda yoki xizmatlarni ko‘rsatishda boshqalarga nisbatan afzalroqdirlar. XIX boshlarida yuzaga kelgan nisbiy afzalliklar nazariyasi asoschisi, ingliz iqtisodchisi Devid Rikardo so‘z yuritgan xalqaro mehnat taqsimotidagi nisbiy va mutlaq afzalliklar – bular anchayin hissiy anglashiladigan va muomalada ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalardir.

Savol tug‘ilishi tabiiy: mamlakatimizning raqobat afzalligi nimada va uni kim belgilaydi? Bu masalada davlatning funksiyasi nimalardan iborat?

Bu borada madaniy antropologlar juda qiziqarli izoh beradilar. Masalan, avtomobillar ishlab chiqarish va guruch ishlab chiqarish – bir-biriga o‘xshash jarayon. Unisi ham, bunisi ham yuqori darajada kooperatsiya (jamoada ishlash, jamoaviylik)ni va muayyan algoritmni – qoidalar va harakatlar ketma-ketligiga rioya etishni talab qiladi. “Guruch nazariya”sini ilgari suruvchi olimlar ta’kidlashlaricha, Sharqiy Osiyoda avtomobilsozlik dehqonlarga avtomobil ishlab chiqarish ham guruch yetishtirishdek gapligini, faqat ketma-ketlik boshqacharoq qurilganligini tushuntirganlaridan so‘ng muvaffaqiyatga erisha boshlagan.

Bu tushuntirish qiziqarli ko‘rinsa-da, bizning raqobat afzalligimizni madaniy antropologiya yoki tarixiy an’analar prizmasi orqali izlash unchalik samarali mashg‘ulot emas. Buning sabablaridan biri – “guruch nazariya”si Yaponiya va Koreya avtomobillarni muvaffaqiyatli ishlab chiqara boshlaganlaridan keyin yuzaga kelganligidir. Sabab-oqibat aloqasini inkor qiluvchi qarama-qarshi misollarni topish qiyin emas: umuman guruch yetishtirmagan atomobilsozlik mamlakatlarini, guruch yetishtirilsa ham, avtomobil ishlab chiqarilmaydigan qator mamlakatlarni sanab o‘tish mumkin.

Demak, gap odamlar mentalitetida, ularning odatlarida yoki temperamentlarida emas, balki boshqa narsada ekan. Shu sababli bu masalaning muhokamasini men sotsiologiya (mentalitet), tarix yoki antropologiya doirasidan tashqariga olib chiqib, zamonaviy iqtisodiy ilm-fan qanday javob berishi haqida so‘zlamoqchiman.

Iqtisodiy murakkablik nazariyasi

Iqtisodiyotga matematikadagi murakkab tizimlar nazariyasidan o‘tgan murakkablik konepsiyasini qo‘llagan holda, Rikardo Xausmann (Garvard universiteti) va Sezar Idalgo (MIT) iqtisodiyotning rivojlanishi muammolariga original yondashuvlarni taklif qiladi, u ham bo‘lsa, iqtisodiy murakkablik nazariyasidir. Matematikada tub tizimlar harakatini oldindan bilish mumkin bo‘lgan holda, tizimning harakatlanishini oldindan bilib bo‘lmaydigan bo‘lsa, u murakkab tizim deb nomlanadi. Bu to‘liq ta’rif bo‘lmasa-da, murakkab tizimning bizga kerakli mohiyatini tushunib olish uchun yetarlidir.

“Iqtisodiy murakkablik indeksi”ni hisoblab chiqishda tadqiqotchilar quyidagi g‘oyaga tayanganlar: mamlakatlar boyligi va salohiyati samarador bilimdan kelib chiqadi. Mamlakatlar u yoki bu tovar va xizmatlarni qanday ishlab chiqarish haqidagi bilimlar asosida ravnaq topadilar. Mamlakat iqtisodiyotiga joriy etilgan bilimlarning umumiy qiymati “iqtisodiy murakkablik” (economic complexity) deb ataluvchi omil bilan o‘lchanadi.

Tadqiqotchilar mamlakatlardagi jamoaviy bilimni ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar turlari atamalarida o‘lchab ko‘rishdi. Faqat bir nechta mamlakat tayyorlay oladigan mahsulotlar (masalan, yuksak texnologik tibbiy jihozlar, reaktiv dvigatellar) ishlab chiqaradigan mamlakatlar nisbatan soddaroq (paxta, neft kabi) tovarlar ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga qaraganda kattaroq jamoaviy samarador bilimga ega bo‘ladilar.

Iqtisodiy butlik indeksi va mamlakat YaIMning amaldagi salmoqli va barqaror korrelyasiyasi samarador bilim to‘planishi jarayoni bilan izohlanadi. Faqat o‘ta ilg‘or texnologiyalarga ixtisoslashuvgina barqaror, yuqori darajadagi farovonlikka erishish imkonini berishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonlari haqida aholi bilim zaxiralari qanchalik ko‘p bo‘lsa, mamlakat shunchalik ko‘p mahsulot yarata oladi va mahsulot shunchalik murakkabroq bo‘ladi.

производство график

Grafikda aholi jon boshiga YaIM darajasi va Iqtisodiy murakkablik indeksi o‘rtasidagi bog‘liqlik namoyon bo‘ladi. Tabiiy resurslar eksportining ulushi 10 foizdan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qizil rangda, tabiiy resurslar eksporti ulushi 10 foizdan kam bo‘lgan mamlakatlar esa, ko‘k rangda ko‘rsatilgan. Tabiiy resurslar eksporti ulushi nisbatan yuqori mamlakatlar, ularning iqtisodiy murakkabligi darajasidan kutilganiga qaraganda badavlatroqdir. Shunday bo‘lsa-da, baribir, murakkablik darajasi va YaIM bu guruh uchun ham kuchli aloqaga ega. “Ko‘k” mamlakatlar uchun indeks variatsiyaning 75 foizini “izohlaydi”

Aftidan, globallashuv va kommunikatsiyalar rivojlanishi asrida kambag‘al mamlakatlar rivojlangan mamlakatlar texnologiyalaridan nusxa olishlari yetarli, mana shu – taraqqiyotga yetib olish strategiyasi demakdir! Biroq, ushbu tadqiqotlar mualliflari keltirishicha, yuzaki ta’limni (mualliflar uni “eksplitsit” bilim deydilar) taklif etishning o‘zi yetarli emas.

Samarador bilimlar noaniq (implitsit) qismga ham ega. Implitsit bilimni o‘rgatish qiyinroq, u birovga o‘rgatilishi og‘ir bilim konsepsiyasiga ega. Bularga texnolog ko‘nikmalari, menejerlarning biznes yuritish tajribalari va hatto bosh oshpazning intuitsiyasi ham kiradi. Shu sababli mamlakatlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan mahsulotlardan o‘xshash qobiliyat va bilimlar talab qiladigan boshqa mahsulotlarga o‘tish hisobiga qobiliyatlarini kengaytirish tendensiyasiga egalar.

Sodda qilib aytganda, agar mamlakatda mobil telefonlar uchun mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi ko‘plab kompaniyalar bo‘lsa, planshetlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniyaning yuzaga kelishi ehtimoli katta bo‘ladi. Aksincha, agar mamlakatda biror tovar umuman ishlab chiqarilmasa, mamlakat ularni ishlab chiqara boshlashi ikoniyati kam. Malakali insonlar, resurslar, quvvatlar yetishmaydi.

Shu tariqa, iqtisodiy murakkablik indeksi (ECI) murakkab iqtisodiy tuzilmaga ega (eng ko‘p diversifikatsiyalangan tovar va xizmatlar ishlab chiqaradigan) mamlakatlar, odatda, eng badavlat mamlakatlar bo‘ladi (faqat neft qazib chiqaruvchi mamlakatlar bundan mustasno).

Moskvadagi “Skolkovo” boshqaruv maktabi rektori Marat Atnashev iqtisodiyot tuzilmasi va skrabbl (“so‘zni top”) o‘yini tuzilmasida qiziq o‘xshashlikni ko‘radi:

“Iqtisodiy murakkablik nazariyasida iqtisodiyot – bu global skrabbl o‘yini, unda texnologiyalar – harflar, tovarlar esa, so‘z vazifasini bajaradi. Harflaringiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p ko‘z tuza olasiz. Agar siz kambag‘al, qoloq mamlakat bo‘lsangiz, hatto eng yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish ham nisbatan kam ishlab chiqarish imkoniyatlarini beradi. Rivojlangan iqtisodiyotda yangi texnologiya bir vaqtning o‘zida ko‘plab yondosh tarmoqlarda multiplikativ samarani beradi”.

Dunyoning texnologik xaritasi

Xausmann qalamiga mansub bu mavzudagi ilk nashrlardan biri jahon texnologik makoni (product space) xaritasini ishlab chiqish bo‘lgan. Murakkab aloqalar (network science) nazariyasi asosida bu xarita turli mahsulotlar o‘rtasidagi texnologik aloqani namoyish etadi. Global texnologik makon xaritasi mana shunday ko‘rinadi:

Производство 01

Kartadagi har bir rang iqtisodiyotning turli tarmoqlarini anglatadi: yengil sanoat (yashil), qishloq xo‘jaligi (sariq), mashinasozlik (ko‘k), elektronika (firuza), kimyo va farmatsevtika (binafsharang).

O‘ngdan chapga va chetdan markazga qarab mahsulotlarning murakkabligi izchil orta boradi. Doira o‘lchami – bu mazkur mahsulotning xalqaro bozordagi savdo hajmi. Mahsulotlarni bog‘lovchi chiziqlar uzunligi bir texnologiya mavjudligida boshqasini o‘zlashtirish qanchalik osonligini ko‘rsatadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, kartoshka yetishtirish va avtomobil ishlab chiqarishni bog‘lovchi chiziq planshet va smartfonlarni bog‘lagan chiziqdan uzunroq bo‘ladi. Asosiy klasterlar markazidagi kuchli mavqe qo‘shni texnologiyalarni tez o‘zlashtirish imkonini beradi. Texnologik makondagi holat iqtisodiyot amalda erisha oladigan texnologiyalar doirasini belgilaydi va, shu tariqa, iqtisodiyotning o‘sish salohiyatini namoyon etadi. Faqat chekka texnologik hududlarda mavjud bo‘lish iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi.

Masalan, texnologik makonda Yaponiya va Germaniyaning rivojlangan iqtisodiyotlari (ECI = 2.46 va ECI = 2.15, murakkablik bo‘yicha dunyodagi birinchi va uchinchi iqtisodiyot) va yengil sanoatga tayanuvchi Kambodja iqtisodiyoti (ECI = -0,69, reytingda 89- o‘rin) mana bunday ko‘rinishga ega.

Yaponiya

Производство Япония

Germaniya

Производство Германия

Kambodja

Производство Камбоджа

 

Bizning xaritamiz

Global mehnat taqsimotidagi O‘zbekiston xaritasi mana shunday, anchayin xira ko‘rinishga ega. Bizning ko‘rsatkichimiz: ECI = -0.89. Iqtisodiyotning murakkabligi bo‘yicha dunyoda 97- o‘rinda turamiz (qiyoslash uchun: 1995 yilda biz 88- o‘rinda bo‘lganmiz).

O‘zbekiston

Производство Узбекистан

Jigarrang yirik dog‘lar – bu gaz, mis va boshqa metallar. Chap tomondagi pushti dog‘ – uran va radioaktiv kimyoviy elementlar. Yashil nuqtalar – yengil va to‘qimachilik sanoati. Maishiy texnika, avtomobil, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebel sanoati va boshqa “iqtisodiyot lokomotivlari”ni oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Xaritaning pastki tomonidagi mevalar va sabzavotlar ham nisbatan kichik. Ko‘rinib turibdiki, bizda jahon bozorida raqobat afzalligini ta’minlay oladigan tarmoqlar kam. Imkoniyatlarimiz chekka joylarda joylashgan va texnologik makonning “sodda” qismiga to‘plangan, markaziy tarmoqlarda raqobatbardosh sohalar mavjud emas.

Qo‘limizdan nima keladi?

O‘zbekistonning mavjud texnologik mavqei biz o‘zimiz yangi texnologiyalar yaratishimiz uchun zaiflik qiladi. Bizda mehnat resurslarining sifati past va kapital jalb qilish juda qimmat. Real qo‘limizdan keladigani – yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi chekka tarmoqlarimizni rivojlantirish va asta-sekin texnologik makon ichkarisiga qarab intilishdir. Faqat mavjud raqobat mavqelarini uyg‘unlikda rivojlantirish va texnologik bog‘liqlikdagi yondosh tarmoqlarni o‘zlashtirishgina kutilgan natijalarga erishish imkonini beradi. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalar mamlakatning texnologik karta markaziy tugunlarida mustahkam mavqega ega bo‘lishining sabab bo‘lmaydi, balki buning natijasi o‘laroq yuzaga keladi.

Xo‘p deng, mamlakatning rivojlanish istiqbolida paypoq to‘qish yoki sabzavot konservalarini tayyorlashdan ko‘ra, texnologik jihatdan “sodda” iqtisodiyotimizning mintaqa innovatsiyaviy markaziga aylanishi jozibaliroq eshitiladi. Lekin, afsuski (balki baxtimizgadir?), bu biz uchun murakkabroq va rangorang tuzilmali iqtisodiyotga ega mamlakat bo‘lishimiz uchun yagona imkoniyatdir. Aslida bu yo‘l o‘ylaganimizdek uzoq emas – Malayziya va Turkiya iqtisodiyotlari bunga misol. Bu mamlakatlar sodda tovarlar ishlab chiqarishdan tobora murakkabroq texnologiyalar sari shoshilmay borganlar va bugungi kunga kelib yorqin, diversifikatsiyalangan iqtisodiyotga ega mamlakatlarga aylandilar. Bu yo‘lga qadam qo‘yganlariga unchalik o‘kp bo‘lmadi, natijalar esa, kishini hayratga soladi.

Turkiya

Производство Турция

Malayziya

Производство Малайзия

Janubiy Koreya, Meksika, Polsha, Tayvan va Xitoy ham xuddi shu tariqa rivojlangan.

Indeks mualliflari sodda iqtisodiyotga ega mamlakatlar ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtira boshlashlari jarayoniga o‘ziga xos izoh beradilar. Mualliflar tovarlarni junglidagi daraxtlarga o‘xshatib, korxonalarni maymunlar deya tasavvur qilishni tavsiya qiladilar. Ko‘z oldingizga keltiring, junglining kamhosil va serhosil qismlari mavjud, biz maymunlar kamhosil daraxtlar (past qo‘shimcha qiymat)dan hosilga boy daraxtlar (yuqori qo‘shimcha qiymat)ga sakrab o‘tib olishlarini istaymiz. Ba’zi joylarda daraxtlar bir-biriga yaqin joylashgan, maymunlar bemalol sakrab o‘ta oladilar (masalan, smartfonlar va ularning mikroelektronikasi). Boshqa joylarda esa, daraxtlar orasi uzoq. Bu bir turdagi mahsulot tayyorlash texnologiyalari boshqa mahsulot tayyorlashda yordam bermadigan holatlardir (masalan, to‘qimachilik tolalari va raketa dvigatellari). Texnologik makon xaritasida mashinasozlik, kimyo sanoati, elektronika va to‘qimachilik kabi kapitaltalab tarmoqlar atrofida gavjumlik kuzatiladi.  Biroq, ba’zida mamlakatlar qopqonga tushib qolishlari mumkin: junglining kamhosil qismida turib, markazdan yiroq tarmoqlarni rivojlantirishga urinadilar.

Agar davlat yuqori qo‘shimcha qiymatli tarmoqni moliyalashtirsa yoki subsidiyalar ajratsa (iste’molchi hisobidan, subsidiyalar yoki proteksionizm – bari iste’molchi hisobidan bo‘ladi) nima bo‘ladi? Aytaylik, davlat elektronika ishlab chiqarishni iste’molchilardan ishlab chiqaruvchilarga qarata qayta taqsimlash yo‘li bilan (imtiyozlar, subsidiyalar, bojxona tariflari yordamida) qo‘llab-quvvatlaydi. Muvaffaqiyatga erishilganda ham (bu ehtimoldan yiroq), bu hech qanday ijobiy eksternaliyalar bermaydi (ya’ni, ushbu jarayondan chetda bo‘lganlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi – tarj.) va multiplikativ samaraga erishilmaydi, chunki junglidagi boshqa “maymunlar” u yerga ko‘chib o‘ta olmaydi.

Bu hol cheklangan resurslarimizni samaradorroq tarmoqlardan samarasi pastroq korxonalarga ko‘chirib o‘tish bilan yakun topadi. Oqibatda, u yoki bu turdagi davlat dotatsiyalari yoki soliq imtiyozlari evaziga kun ko‘radigan tarmoqlar qoladi, ular doimiy qo‘llab-quvvatlash va raqobatdan himoya muhtoj bo‘lib qolaveradilar. Bu dotatsiyadagi korxonalarning biznes modeli ishlab chiqarish samaradorlikni oshirish emas, balki yana ham ko‘proq imtiyozlar va dotatsiyalarni undirish bo‘lib qoladi. Bir nechta maymunlarni o‘ta serhosil daraxtlarga o‘tqazib qo‘yib, qolganlarini u yerga ko‘chib o‘tish imkonidan butkul mahrum etish iqtisodiyot va texnologiya rivojlanishini uzoq yillarga cho‘zib yuboradi.

Davlatning o‘rni

Albatta, davlatning bu boradagi roli minimal darajada bo‘lishi kerak, ideal holatda davlat hech qanday sanoat, xizmat ko‘rsatish yoki qishloq xo‘jaligi sohalarini (imtiyozlar va subsidiyalar bilan) qo‘llab-quvvatlamasligi kerak. Buning o‘rniga biznesga yangi texnologik ishlab chiqarishlar ochishda nimalar to‘sqinlik qilishini anglash lozim: biznes bilan shug‘ullanishdagi yuqori tuzilmaviy xatarlarmi, investitsiyalar himoyalanishi darajasining pastligi, monopoliyalar, korrupsiya yoki katta soliq yukimi? Keyin esa, bu muammoni hal etish yo‘llarini ko‘rish kerak.

Shu tariqa, iqtisodiy agentlar eng kam qarshilik yo‘lidan boradilar va yuqorida keltirilgan umumiy muvozanatga keladilar. Faqat shu tariqa uzoq yillardan buyon mehnatning o‘ta chuqur taqsimlanishi sharoitida yashab kelayotgan xalqaro bozorda mutahkamlanib olish mumkin. Iqtisodiy salohiyatimizni amalga oshirish uchun biznesning uyg‘unlikda rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator to‘siqlarni bartaraf etish lozim.

Nima qilish kerak?

Iqtisodiy taraqqiyot haqida so‘z ketganda, ilm-fanda shunday bahsli masala ko‘tariladi: qoloq mamlakatlar rivojlangan mamlakatlarga yetib olishi uchun yetarli shart-sharoitlar qanday bo‘lishi lozim? Ta’kidlab o‘taman, zaruriy shart-sharoitlar uzoq vaqtdan buyon umumiy (ilmiy) kelishuv nuqtasi sanaladi. Barcha zaruriy talablarning qondirilishi, tabiiyki, yuz foizlik muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, ular “zaruriy” deb bejiz nomlanmagan. Aksincha, bu shartlarning bajarilmasligi inqirozga uchrashni kafolatlaydi.

O‘z darvida Arastu Nikomax etikasida yozgandi: “Ayb ishni turlicha qilish mumkin, to‘g‘ri yo‘l esa, faqat bir xil bo‘ladi”. Tolstoy fikricha barcha baxtli oilalar o‘xshash bo‘lganidek, rivojlanishga muvaffaq bo‘lgan barcha mamlakatlar ham istisnosiz barcha shartlarni bajarishgan. Iqtisodiy murakkablik nazariyasi – eski g‘oyaga batafsilroq va sinchkov nazar tashlash, xolos.

1. Iqtisodiy ochiqlik

Yuksak rivojlangan iqtisodiyotga olib boruvchi yo‘l xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etish va dunyo bilan jadal muloqot orqali yotadi. Tovarlar ishlab chiqarish-logistika zanjiri doirasida yaratiladi, shu arzonga tushadi.

Aksariyat ishlab chiqarish jarayonlarida xarajatlar ishlab chiqarish hajmi ortgani bois tushadi. Xalqaro savdoda faol qatnashish orqali katta bozorlarga kira olish mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardosh bo‘lish uchun yagona chorasidir. Shu sababli, savdo uchun to‘siqlarni kamaytirish zarur: bojxona taomillarini soddalashtirish, stavkalarni pasaytirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va erkin savdo to‘g‘risida shartnomalarni imzolash. Shunda biz mo‘’jizaga emas, o‘z kuchimizga ishongan holda, xalqaro mehnat taqsimotida o‘z o‘rnimiz uchun kurashishimiz mumkin bo‘ladi.

2. Raqobat

Har qanday tarmoqni rivojlantirish uchun ichki bozorlarda bozor ishtirokchilari bir vaqtning o‘zida ham raqobat, ham hamkorlik qiladigan raqobat muhitini yaratish talab etiladi. Davlat yoki davlatatrofi monopoliyalarini bartaraf etish, imtiyozlar, preferensiyalar, dotatsiyalar va proteksionistik choralarni yo‘qotish raqobatni oshiradi va bozordagi samarali tarmoqlarni belgilash imkonini beradi. Barcha tarmoqlarga kirib borish uchun biz to‘siqlarni yo‘qotishimiz nihoyatda muhim, shundagina sog‘lom raqobatni ta’minlab, korxonalar unumdorligini oshirishimiz mumkin.

Buning uchun soliq tizimini birxillashtirish va soddalashtirish lozim, toki barcha ishtirokchilar bir xil qoidalarga amal qilsinlar va afzallik berilgan soliq to‘lovchilar bo‘lmasin. Bank tizimini tartibga solishni qayta ko‘rib chiqish va qisman bo‘lsa-da, xususiylashtirish zarur. Bizda davlat banklarining ulushi nihoyatda katta, bu ularning raqobatdan kuchli himoyalanganligini anglatadi va bu bozorda raqobatning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Past raqobat kapitalning nisbatan yuqori narxda bo‘lishini anglatadi – past raqobatda narxni tushirishga rag‘bat yo‘q.

3. Investorlar huquqlarini himoyalash, samarali sud tizimi

Sud mexanizmlari orqali o‘z huquqlarini himoya qila olishga bo‘lgan ishonch tadbirkorlik va investitsiyalar kiritishga rag‘batni oshiradi. Bizning holatimizda chet el investorlari – bu faqat iqtisodiyotga kiritilayotgan mablag‘ emas, balki texnologiyalar va biznes-jarayonlarga oid bilimlar o‘zlashtirilishi hamdir, zotan, faqat ishlab chiqarish bilimlarigina bizning taraqqiy etishimizga ko‘mak beradi.

4. Makroiqtisodiy barqarorlik

Avvalo, mustaqil va salohiyatli, bozor va aholida ishonch uyg‘ota oluvchi Markaziy bank mavjudligi. Valyutaning o‘ta volatilligi (o‘zgaruvchanligi), kapitalning erkin aylanuvi oldidagi to‘siqlar va inflyasiya kelajagining noaniqligi iqtisodiyotdagi tuzilmaviy xatarlarda aks etadi. Bu rejalashtirishning qisqa davrga ega bo‘lishiga va kapitalning qimmatlashuviga olib keladi. Kapitalning narxi yuqori bo‘lganda texnologik yuksalishni kutish ilojsizdir.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан