Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Tolibon bilan muzokara: vahimaga o‘rin yo‘q»
14.08.2019 00:03,  
67

So‘nggi kunlarda Toshkentda Tolibon vakillari bilan kechgan muloqotga turli xil munosabatlar bildirilmoqda. Buni yoqlayotganlar ham, Tolibon guruhidan ehtiyot bo‘lishga chaqirayotganlar ham bor. Quyida diniy bloger Hasan Al-Muqriy maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Yurtimizga “Tolibon” harakati vakillari kelib, muzokaralar olib borilayotganidan ko‘pchilik vahimaga tushyapti. Aslida bu ishga bosh bo‘lib turgan mutasaddilarimiz bu borada boshqalardan ko‘ra hassos va ehtiyotkor bo‘lishi tabiiy. Vahima qilishga hojat yo‘q, asl holat ko‘pchilik o‘ylagandan boshqacha. Qolaversa, qo‘shning tinch, sen tinch, degandek, Afg‘onistondagi barqarorlikdan biz va boshqa ko‘p mamlakat manfaatdor. 

Ko‘pchilik kishilar Tolibon haqida OAV shu paytgacha bergan xabarlar orqali biladi. Aslida voqelik umuman boshqa. Tolibon harakati yerlik talabalar uyushmasidan boshlangan, ular haqiqiy xalq vakillari, vatanparvar insonlar, chetdan kelganlar emas. “Afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi hal qilishga haqli”, degan da’vo ostida Tolibonlar bilan muzokaralar o‘tkazilishi ham shu asosdan kelib chiqqan. Ular tarafkash kuchlar, xilma‑xil partiyalarning o‘yinlarida jabr ko‘rayotgan xalqni himoya qilish uchun chiqqan talabalardan tashkil topgan. “Tolibon”, ya’ni “talabalar” deb nomlanishi shundan. Ular fiqhda hanafiy, aqidada moturidiy, tasavvufda ko‘proq naqshbandiy sulukida. Xalq ularning hukmronligini istaydi, chunki ular o‘z farzandlari va 70% yoki undan ko‘p hudud ularning tasarrufida. Ular xususida bilmasdan, tashqi kuchlar tarqatgan gaplar bilan xulosa chiqarmaslik kerak. Vahima qiladigan narsa yo‘q, ular aslida biz bilan qardosh xalq. Hazrat Navoiy ham hozirgi shu Afg‘oniston diyoridan bo‘lgan. Siymolari o‘sha bobolarimizni eslatadi aslida. 

Tolibonlarning eng katta "ayb"i ayrimlar bilan kelishmagan, xalqiga xiyonat qilmagan. Shuning uchun ular uchun hamma yo‘lni berkitib, o‘zlarini badnom qilishga urinib kelishgan. Ko‘p yomon ishlar ularning nomidan qilingan ham. Bugun hukumatimiz shu haqiqatlarni bilganidan avvalgidan boshqacha yo‘l tutmoqda. 

Bir necha yil oldin “Al‑Jazira” telekanali Afg‘onistonda afyun yetishtirilishi haqida statistik ma’lumot bergan. Unda aytilishicha, Tolibonlar afyunni man qilib, dalalarga o‘t qo‘yib, unga qarshi qattiq kurashib kelgan ekan. Ularning boshqaruvi ostida afyun yetishtiriladigan yerlar 90‒95% ga qisqargan. Ammo Amerika bosqinidan keyin afyun ekiladigan yerlar Tolibonlardan oldingi davrga nisbatan ham bir necha barobarga ko‘payib, 90% ga chiqqan va yildan yilga ko‘payib borgan. O‘shanda ushbu xabarni ko‘rib hayron ham bo‘lgan edim.

Aytish mumkinki, ularning yutqazuvlari asosan hozirgi dunyo siyosatida ustamon emaslik, axborot urushidagi mag‘lubiyat va ko‘pchilik musulmonlar qatori zamonaviy ilmlarda oqsoqlik kabi omillarga bog‘liqdir. Qolaversa, bugun kuch va ko‘p vositalar ularning dushmanlari qo‘lida bo‘lib, OAV orqali qilingan izchil tashviqotlar natijasida ularning nomi va siymosi omma ongida yomon tasavvur uyg‘otadigan holatga olib kelinishiga erishilganini ham unutmaslik kerak.

O‘zimiz ham Tolibonlar haqida ko‘p narsa bilmas edik, ko‘pchilik qatori salbiy fikrda edik. Misrda va Turkiyada afg‘onistonlik talabalar bilan ko‘rishib qolib, qiziqib so‘rasam, voqelik umuman boshqacha ekan, biz bilgan gaplar teskari tashviqotlardan boshqa narsa emas ekan. Bu haqda yana ancha gaplar aytish mumkin. Alloh nasib qilib, haqiqat qaror topib, jafokash afg‘on xalqi ham dunyo xalqlari qatori o‘z qaddini rostlab olsa, yana ko‘p narsalar ravshanlashsa kerak. Ularning holidan aylanib, chin ma’nodagi adolat, tinchlik qaror topishi uchun harakat qilayotgan yurtdoshlarimizga tashkkurlar bo‘lsin!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан