Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkmanistonlik o‘zbeklar tazyiq va ayirmachilik holatlari kuchayayotgani haqida shikoyat qilmoqda
2.07.2018 17:25,  
226

Turkmanistonliklarning xorijga chiqishiga to‘siq qo‘yilishi, oziq-ovqat mahsuloti bilan bog‘liq taqchillik mamlakat aholisi hayotini yanada qiyinlashtirmoqda. Ayniqsa, ozchilik elat bo‘lgan mahalliy o‘zbeklar tazyiq va ayirmachilik holatlari kuchayayotgani haqida shikoyat qilmoqda. Ayni vaqtda Turkiyada ta’lim olayotgan va ismi sir qolishini iltimos qilgan Turkmanistonlik o‘zbek talabasi SOF.UZ muxbiri bilan suhbatda bu holatni tasdiqladi.

So‘nggi vaqtlarda Turkmanistonda oziq-ovqat, jumladan, un va yog‘ mahsulotlari yetishmovchiligi bilan bog‘liq inqiroz mamlakatni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Xalqaro matbuotda, turkman muxolifatiga qarashli nashrlarda bu borada tarqalayotgan xabarlarga javoban, Ashxobod rasmiy televideniyeni Turkmanistondagi to‘kin-sochinlik namoyish qilingan lavhalar bilan to‘ldirmoqda.

Turkmanistondan chiqayotgan xabarlar esa vaziyat tobora taranglashayotganidan darak beradi. Yaqinda uzoq yillar sukutda bo‘lgan mamlakatdagi o‘zbeklar jamoasi vakillari «Ozodlik» radiosi orqali Toshkentga murojaat qilishdi. Ular O‘zbekistondagi yangi hokimiyatdan Turkmanistondagi o‘zbeklar taqdiriga e’tiborliroq bo‘lishni so‘ramoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsapar ijtimoiy tarmoqda «Erkin Turkmaniston» radiosini yuritadi. Amerika Ovozi nashri bilan suhbatda ma’lum qilishicha, o‘zbeklardagi norozilik oziq-ovqat inqirozi bilan emas, asosan, xorijga chiqishga to‘siq qo‘yilishi ortidan yuzaga chiqqan.

«Turkmaniston o‘zbeklari to‘qnash keladigan muammolar ancha yillardan buyon mavjud, ammo so‘nggi paytda vaziyat taranglashgan. Gap Turkmanistondagi ikkinchi yirik millat haqida ketmoqda. O‘zbeklar jamoasi noroziligiga sabab bo‘lgan ayni paytdagi asosiy masala bu harakatlanishga qo‘yilayotgan to‘siq. Doshovuz, Chorjuy viloyatidagi o‘zbeklardan xorijga ish izlab ketayotganlar juda ko‘p, ayniqsa Turkiyaga ketayotganlar. Cunki bu viloyatlarda ishsizlik juda yuqori. Ular o‘z oilasini xorijda ishlab boqishga majbur. Ammo Turkmanistondan chiqishda juda qattiq cheklovlarga uchraydi. Bir muddat avval Ashxoboddagi aeroportda o‘zbeklar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida shu cheklovlar bilan bog‘liq to‘qnashuv ham bo‘lib o‘tgan. Bunga uchish arafasida turgan odamlarni samolyotdan tushirib qoldirishgani sabab bo‘lgan. Bu juda yomon, bu inson huquqlarining jiddiy, qo‘pol buzilishi. Bu vaziyatga nisbatan aynan o‘zbek jamoatchiligi keskin norozilik bildirgan. », - deydi Ak Velsapar.

Eslatib o‘tamiz, 29-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan telefon muloqoti o‘tkazgan. Gurbanguli Berdimuhamedovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan suhbatda Mirziyoyev Turkmaniston erishayotgan yutuqlarni alohida ta’kidlagan, aloqalarni yanada mustahkamlash istiqboli gaplashilgan.

Berdimuhamedov O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ikki o‘rtadagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etgani, uni yangi mazmun bilan boyitgani haqida gapirgan va Mirziyoyevni shu yilning avgust oyida mintaqa liderlarining Ashxobodda kutilayotgan uchrashuviga taklif qilgan.

Gurbanguli Berdimuhamedovning shu yil aprelda O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi chegaradagi to‘siqlardan charchagan aholida, jumladan, Turkmanistonning madaniy huquqlari tiklanishini kutayotgan etnik o‘zbeklarida ham jiddiy umidlar uyg‘otgan edi. Tashrif ortidan munosabatlarda, ayniqsa, o‘z ona tilida o‘qishdan mahrum qolayotgan Turkmaniston o‘zbeklariga oid vaziyatda biror o‘zgarish yuz bermadi. 

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda o‘zbeklar turkmanlardan keyingi ikkinchi yirik etnik guruh hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichga qaramasdan, mamlakatda o‘zbek maktablari ham, madaniy-ma’naviy markazlar ham yo‘q. O‘zbekistondagi turkmanlarning ona tilida o‘qishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан