Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Noyabr oyida o‘zbekistonliklarni hayratga solgan 6 xabar
2.12.2019 11:22,  
1263

Sof.uz ortimizda qolgan Noyabr oyining eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzularini eslashga qaror qildi.

Abdulloh qayerda edi?

2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Abdulloh qayerda?» sarlavhasi ostidagi post tarqaldi. Unda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro Dilmurod Tohirovning 20 yashar o‘g‘li Abdullohni IIB xodimlari olib ketib, bir haftadan buyon daragini bermayotganiga oid fikrlar bayon etilgan.

Otasi Abdulloh o‘z boshqaruvidagi avtomobilda viloyat IIBning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashev boshqaruvidagi avtomobil bilan to‘qnashib ketgani, shikastlangan mashinani ustaxonaga olib borishgani, shu orada mashinani videoga ham olishgani, aynan shu harakat o‘g‘li olib ketilishiga sabab bo‘lgani haqida gapirgan. Andijondagi IIB xodimlari esa «Abdulloh Rossiyada ishlab yurganida nozik odamlarni so‘kib qo‘ygani, shunga Toshkentga olib ketilgani» haqida ma’lumot bergan.

Hafta davomida ijtimoiy tarmoq «Abdullohni izladi».

Yoshlar ittifoqi Abdulloh bo‘yicha rasmiy bayonot berib, tashkilot ushbu hodisa bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotgani, u bilan Ichki ishlar vazirligi emas, boshqa idora shug‘ullanayotgani va tez orada rasmiy ma’lumot berilishi kutilayotgani haqida ma’lum qildi.

«Adolat» sotsial-demokratlar partiyasi ham Abdulloh voqeasiga munosabat bildirib, u agar jinoyat sodir etgan bo‘lsa qonunan jazolanishi kerakligini eslatdi.

8 noyabr kuni kechqurun Abdulloh Tohirovning daragi chiqdi. Dastlab uning otasi u topilgani va Toshkentdan Andijonga qaytayotganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay Abdullohning o‘zi videomurojaat orqali chiqish qilib, o‘zi haqida qayg‘urganlarga minnatdorchilik bildirdi.

Lekin Abdulloh shuncha kundan beri qayerda ekanligi hali ham jumboqligicha qolmoqda.

Tojikiston va O‘zbekiston chegarasidagi zastavaga qurolli guruh hujum

​6 noyabr kuni Tojikiston IIV 5 noyabrdan 6 noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi «Ishqobod» postining «Sultonobod» harbiy otryadiga hujum qilgani, to‘qnashuv natijasida noma’lum shaxslar chegarchilarning avtomatlarini egallab olgani, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi yo‘q qilingani va 5 nafar jangari qo‘lga olingani Tojikiston tomondan bir nafar chegarachi va militsiya noziri halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi.

Ko‘p vaqt o‘tmay Rossiyadagi nashrlar o‘z manbalariga asoslangan holda bu hujum Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari tomonidan uyushtirilgani haqida xabar tarqatdi.

Bu xabarlar ortidan O‘zbekiston chegarachilari Tojikiston bilan chegaradosh hududlarni qo‘riqlashni kuchaytirdi, Qirg‘iziston tomoni ushbu hujum yuzasidan xavotir bildirdi, MDH davlatlari tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlashda KXShTga yordam berishga tayyorligi, MDH chegara xizmatlari guruhi 2020 yilda harbiy mashg‘ulot o‘tkazishi haqida xabar tarqaldi, 7 noyabr kuni Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Shu kuni Afg‘oniston hukumati IShID terrorchilarining mamlakat hududidan Tojikistonga o‘tib, 6 noyabrda chegara postiga hujum uyushtirgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.

Telegramdagi davletovuz kanali ushbu hodisani «shubha va tasodiflarga to‘la terrorchilik harakati» deb atadi. «Uzoq vaqt Rossiya ommaviy axborot vositalari ma’lum miqdordagi terroristlar Suriyadan Afg‘onistonga uloqtirilgani haqida rosa yozdi. Terroristlar ham shuncha aholi punkti qolib O‘zbekiston chegarasi yaqinidagi zastavaga hujum qilibdi. Nima emish: «eng qulay joy emish», deya bu xabarlar asosan Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan yozilayotganiga e’tibor qaratdi kanal muallifi.

Farg‘onada fuqaro va chegarachilar o‘rtasidagi mojaro

​13 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda niqobli chegara qo‘shinlari askarlari deyilayotgan shaxslarning mahalla hududida mashinalarni tekshirayotgani va bir o‘smirni kaltaklagani videosi tarqaldi.

Ushbu videoda mashinada o‘tirgan yigitlar tomonidan yashirincha tasvirga olingan. Unda harbiy formadagi, qora maska taqqan chegarachilar avtomobillarni nazorat qilayotgani ko‘rish mumkin. Askarlar yomon so‘zlar bilan so‘kib, fondagi ovozlardan kimdir kaltaklangani bilinib turibdi. Shu paytda mashinadan o‘smir bola tushib ketmoqchi bo‘ladi. Uning ortidan chegarachilardan biri «Ushla!» deb baqiradi.

Ko‘p o‘tmay DXX Chegara qo‘shinlari Farg‘onada fuqarolar nima uchun niqobli harbiy xizmatchilar tomonidan kaltaklanganiga munosabat bildirdi. Unda DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy prokuratura bilan hamkorlikda mazkur fakt bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazayotgani, vaziyatga oydinlik kiritilgach, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingandi.

«Lukoyl»ning millatchi xodimi

Noyabr oyida internetda tarqalib ketgan yana bir video Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan voqeaga oid.

Bu yerda Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi xodimi Ivan Shilov Jarquduq gaz tayyorlash majmuasining mahalliy ishchilarini «baran» deb haqorat qilgach, bu xodim ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markazida bo‘ldi.

«Yuksalish» umummilliy harakati ushbu video yuzasidan munosabat bildirib, «Lukoyl» kompaniyasi vakilining xatti-harakatiga jiddiy e’tibor qaratish lozim»ligini ta’kidladi.

Shuningdek, uchta siyosiy partiya bu mavzuni e’tibordan chetda qoldirmadi.

Xususan, «Adolat» SDP O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 13-moddasiga muvofiq, «Lukoyl» amaldorining harakatlarini qonunchilik me’yorlariga zid deb hisoblashini ma’lum qilib, kompaniya rahbariyati hamda tegishli davlat organlaridan bu masalaga oydinlik kiritishni so‘ragan.

Xalq demokratik partiyasi bu hodisa yuzasidan rasmiy izoh berilishini talab qildi, O‘zLiDeP shaxs qadr-qimmati, uning sha’ni daxlsizligi O‘zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat hisoblanishini eslatib, kompaniya rahbariyatidan inson sha’niga nisbatan qilingan bunday tajovuz ishtirokchisiga nisbatan ko‘rilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berishni so‘radi.

Yakunda «Lukoyl» kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida kompaniya xodimi mahalliy ishchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani yuzasidan rasmiy bayonot berib, ushbu hodisa bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotgani, axloqiy qoidalardan chetlashgan Ivan Shilov «Lukoyl»ning Ishbilarmonlik etikasi bo‘yicha komissiyasining Moskvadagi yig‘ilishiga chaqirilganini ma’lum qildi.

Jurnalistlar va Jahongir Ortiqxo‘jayev mojarosi

Noyabr oyining yana bir unitilmas voqealaridan biri 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni yo‘q qilish tahdidi aks etgan audioyozuvi edi. Audioda hokim jurnalistlarni prinsipsizlikda ayblagan, o‘g‘rilar jargonida «bedolaga», «petux» deb haqoratlagan, ularni gey deb e’lon qilish, mahalla-ko‘yda yurolmaydigan qilib qo‘yish bilan tahdid qilgan, «yo‘qolib qolishi» mumkinligini eslatgan.

Kun.Uz nashrining eng faol jurnalistlaridan bo‘lgan Zafarbek Solijonov va Bahodir Ahmedov so‘nggi voqealar manzarasida saytdan ishdan ketganini e’lon qilib, shahar hokimiga: “Jahongir aka Ortiqxo‘jayevga esa o‘sha gapni yana qaytaraman. Men itning bolasi emasman va "poslednyaya tvar" ham emasman. Men jurnalistlik bilan shug‘ullangan yuristman. Shunchaki, bu davlatda qonun ishlashini xohlagandim xolos. G‘ururim esa otamdan meros. U hammasidan ustun. Uni toptashga haqqingiz yo‘q. Lekin bir narsani tushuning. Bu jangda hech kim yutmadi. Ayniqsa siz”, deya xitob qildi.

Bosh prokuratura «Jahongir Ortiqho‘jayevning audiosida real tahdid yo‘qligi bois jinoyat alomatlari mavjud emas» deb rasmiy nuqta qo‘ydi.

Noroziliklar

​O‘zbekistonda sovuq kunlar boshlanishi energetika tizimidagi muammolarni ochib tashladi. Bugungi kunda nafaqat chekka hududlarda, balki katta shaharlarda va poytaxtda ham aholi elektr energiyasi, tabiiy gaz, isitish tizimi va boshqa muammolardan aziyat chekmoqda. O‘tgan haftada bunday muammolar turli hududlarda aholining norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi.

27 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Baxt shahrida gaz-zapravka ochilishini kutib turgan haydovchilar o‘zini «O‘zbekneftgaz», «O‘ztransgaz» xodimi deb, zapravkaning gaz hisoblash moslamasini olib, zapravkani «o‘chirib ketgach», «Toshkent—Guliston» yo‘lini to‘sib qo‘ygani tasvirlangan video tarqaldi.

Shu kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida ham tabiiy gaz yetib bormayotganidan norozi bo‘lgan «Qirantau» ovul fuqarolar yig‘iniga kiruvchi Sho‘rtanbay ovuli aholisi yo‘lni to‘sib, pokrishkalarini yoqishdi. Ikkala holatda ham mutasaddilar norozi odamlar bilan muzokaralar o‘tkazib, muammoni hal etishgan.

28 noyabr kuni esa Andijonda gaz va elektr uzilishlaridan charchagan aholi norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Norozilik aksiyasi Andijon shahrining «Dalvarzin» va unga chegaradosh Oltinko‘l tumanining «Qo‘shtepa» mahallasida elektr tarmog‘ida ko‘p uzilishlar bo‘layotganligi hamda tabiiy gaz yetkazib berilmayotgani ortidan kelib chiqqandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан